
Yaqindagina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish maqsadlarini o‘zida jamlagan muhim hujjat — “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi.
Dasturda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar xalqimizning dunyodagi rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va obod jamiyat qurishdek maqsadlarini o‘zida qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir. Har bir fuqaroga munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishdek maqsadlar belgilab berilgan Davlat dasturi ko‘pmillatli xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, bu hujjat shunchaki ishlab chiqilmadi, balki jamoatchilikning taklif va tavsiyalari asosida boyitildi, takomillashtirildi. Yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi fikrlar strategik ahamiyatga ega hujjatda aks ettirilgani ularning ijrosi muqarrar bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda qayd etish kerak, bizning partiya bu yilgi Davlat dasturida ham fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash hamda ularning salomatligini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilganini e’tirof etadi. Zotan, atrof-muhitni asrash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish birinchi navbatda insonni asrash va unga qulay sharoit yaratishni nazarda tutadi.
Alohida ta’kidlash kerakki, Davlat dasturidagi aksariyat vazifalar aholi turmush tarzini yanada yaxshilash, ya’ni, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish bilan chambarchas bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, dasturdagi quyidagi ustuvor yondashuvlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir.
Jumladan, resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiyani 5 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish eng muhim maqsad, deb belgilangan.
Fuqarolar o‘rtasida “Tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida yangicha ijtimoiy munosabatlar rivojlantirilishi, mahallalarning ekologik qiyofasi yaxshilanishi, yashillik darajasi oshirilishi, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhiti shakllantirilishi, aholi salomatligi yaxshilanishi, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun keng sharoit yaratilishi mamlakatimizdagi ijtimoiy muhitni yangi darajaga ko‘tarish kabi tashabbuslar partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri mos ekanligini ko‘rsatadi.
Dasturda partiyamiz elektorati manfaatlari himoyasiga xizmat qiladigan yana bir qator vazifalar belgilanganligi bizga alohida ishonch va g‘urur hissini bag‘ishlaydi. Xususan, respublikamizning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktab faoliyati tashkil etilishi qayd etilayotir. Bu jamiyatimizni bosqichma-bosqich inklyuzivlashtirishda strategik ahamiyatga ega masala hisoblanadi.
Bolalar qanday oila va sharoitda voyaga yetayotganidan qat’iy nazar, ta’limda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim, deb hisoblaymiz. Hujjatda joriy yilning o‘zida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilinishi vazifasi qo‘yilgani qanchadan-qancha yoshlar va oilalarning kelajakka ishonchini oshiradi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda transyog‘lardan foydalanishning cheklangan miqdorlarini belgilash bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorlari Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirilishi nazarda tutilgani ham dasturiy vaziflarimiz bilan mos keladi.
Keyingi yillarda kam daromadli oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash islohotlarning muhim strategik yo‘nalishiga aylandi. Joriy yilda ham bu borada dolzarb vazifalar belgilanayotganini alohida qayd etish joiz. Jumladan, 100 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berish orqali 200 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zlanmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, xalqimiz bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko‘rishni istaydi. Bu yilgi Davlat dasturi va unda belgilangan maqsadlar esa hamyurtlarimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ekologik, fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishni kafolatlashiga ishonamiz.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi Dasturni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, albatta, partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari, deputatlik korpusi, shuningdek, faollarimiz, elektorat vakillarimiz hamda xayrixohlarimizni hujjatda belgilangan ustuvor yondashuvlar, maqsadlarni amalga oshirishda faollik va jonbozlik ko‘rsatishga chorlab qoladi. Zero, dasturdagi vazifalarning amaldagi ijrosini aholimizning barcha qatlamlari, ayniqsa, partiyamiz faollari va xayrixohlari, faxriylarimiz, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar o‘z kundalik hayotida sezishi uchun barchamiz birlashib, bor kuch va resurslarimizni to‘liq safarbar qilishimiz lozim.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.