Bugungi kunda vakillik organlarining rolini yanada kuchaytirish borasidagi islohotlar deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan tizimli muloqotini tashkil etishga bog‘liqdir. Zero, bu orqali joylardagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Shu asnoda Boyovut tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Obloqul Isanov ishtirokida “Deputat bilan bir kun” loyihasi amalga oshirildi. Mazkur loyiha doirasida deputat mutasaddilar bilan “S.Ayniy” mahallasidagi “Mohitob” ko‘chasida tashkil qilinayotgan sog‘lomlashtirish yo‘lagi va tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatilish jarayonlari bilan ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, “Oydin yo‘l” ko‘chasidagi elektr tarmoqlaridagi muammolar o‘rganildi. Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlarida bo‘lib, ular bilan muloqot o‘tkazildi. Fuqarolarning muammo va takliflari tinglandi.
Deputat “mahalla yettiligi” bilan uchrashib, hududda olib borilayotgan ishlar va muammolarni hal qilish maqsadida ish reja tuzildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari Boyovut tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Jumavoy Rahmonqulovga bir guruh saylovchilardan murojaat bo‘lgan edi. 25-Navbahor saylov okrugidan saylangan deputat faol nuroniylar bilan birga murojaatni hal etish choralarini ko‘rdi.
Xususan, mahalliy ahamiyatga ega 20V019 "Yangiyer sh. – Ziyokor" avtomobil yo‘lining ta’mir talab joylari harakat xavfsizligiga tahdid solayotgan edi. Mazkur masala Boyovut tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari bilan birga o‘rganilib, muammoni hal qilish choralari ko‘rildi. Ayni paytda yo‘l avtomobillar harakati uchun qulay holatga keldi.