
Parlament bugun mutlaqo yangicha uslubda faoliyat olib bormoqda. Tabiiyki, bunda mamlakatimizdagi islohot va yangilanishlarning o‘rni katta. Aytish kerakki, parlament ochiqlik va adolat tamoyillarini amalda namoyish etmoqda. E’tiborlisi, yangi davrda yuzaga kelayotgan bu o‘zgarishlar o‘z samarasini beryapti. Ya’ni, xalqchil qonunlar, aholi manfaatiga xizmat qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda va hamyurtlarimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
Inson manfaati hamma narsadan ustun, degan g‘oya asosida islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda, shubhasizki, deputatlarning vazifasi ularning huquqiy negizini yaratish, bo‘shliqlarni to‘ldirish, yanada takomillashtirishdan iborat. Ayni shu pallada parlament vakillari bu vazifalarni qay darajada amalga oshirayotgani barcha uchun qiziq, albatta.
Gap shundaki, saylovchilar natija kutmoqda. Demak, barcha siyosiy birlashmalar qatori O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va undan saylangan deputatlar o‘z dasturida belgilangan ijtimoiy masalalarda jo‘yali takliflar, keskin talablar qo‘yish va muammolar yechimi yuzasidan qat’iy pozitsiya bildirish vakolatidan samarali foydalanishi zarur. Quyi palatadagi partiya fraksiyasi qonun loyihalari muhokamasiga shu nuqtai nazar bilan yondashyapti va dasturiy tashabbuslar qonun ko‘rinishida amaliyotga tatbiq etilmoqda.
XDP g‘oyalari hayotga ko‘chmoqda
Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oya va maqsadlarida ijtimoiy himoya masalalari ustuvorlik kasb etadi. Ana shulardan biri davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish bilan bog‘liqdir. Bu borada ilgari surilgan tashabbusga ko‘ra, barcha fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishiga erishishga alohida e’tibor qaratadi. Zero, O‘zbekistonda uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Mazkur tendensiya barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan birga keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni taqozo etadi.
Fraksiyalar yig‘ilishida hamda palata majlisida pensiya tizimida yangicha islohotlar va o‘zgarishlarni qamrab olgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bunga ehtiyojni keltirib chiqargan jihatlarga to‘xtalib o‘tsak.
Avvalo, yoshga doir pensiyalarni fuqarolar belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish va nafaqalarni to‘lash tartibi bo‘yicha yangi tartib-qoidalarni belgilash zarurati yuzaga kelgan. Vaholanki, xalqaro tajribada ko‘plab davlatlar allaqachon ushbu mexanizmga o‘tgan. Shuningdek, maqbullashtirilgan vazirlik va idoralarni yangi nomi bilan bayon etish va fuqarolarga davlat xizmati ko‘rsatish sifatini yangi bosqichlarga olib chiqish davr talabi sanaladi. Buning uchun sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, fuqarolarning pensiya ta’minotini xalqaro standartlarga va zamon talablariga muvofiqlashtirish muhimdir.
Taklif etilayotgan loyiha bilan esa ayni ushbu tartib joriy etilmoqda. Xususan, pensiya hamda nafaqalarni to‘lash yuzasidan vakolatli davlat organlarining vazifa va funksiyalarini aniqlashtirish nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, qonunchilikka pensiya va nafaqa oluvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar olish, pensiya va nafaqalar to‘lanishiga oid da’vo ishlarida davlat bojidan ozod etish bo‘yicha ayrim tahririy o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash, pensiya tayinlashda ish haqi va stajini hisoblash tartibini soddalashtirish qonun doirasida mustahkamlanmoqda.
Palata majlisida ko‘rib chiqilgan loyihaga ko‘ra, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi qo‘shimcha me’yor bilan to‘ldirilmoqda.
Qonunda belgilanishicha, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga va ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, basharti ular pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogironligi bor shaxs bo‘lsalar pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qat’iy nazar tayinlanadi.
Qonunchilikka ko‘ra, erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Aytish kerakki, bu O‘zbekiston XDP dasturiy maqsadlariga hamohangdir. Zero, partiya tashabbuslari orasida er yoki xotini vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda, ushbu pensiyani uning hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish tartibini joriy etish masalasi ham o‘rin olgan. Yangi tartib bilan esa kamroq pensiya olayotgan er yoki xotin qonunan pensiyasini ko‘proq miqdordagisiga almashtirish huquqiga ega bo‘ladi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, loyiha uchinchi o‘qishda ma’qullandi va yuqori palata muhokamasi uchun yuborildi.
Ijtimoiy sug‘urta — partiyaning navbatdagi tashabbusi amalda
Bilamizki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori. Bu maqsadga erishish uchun o‘z saylovoldi dasturida qator g‘oyalarni ilgari surgan. Xususan, iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash, iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchi rolini kuchaytirish uchun taklif etilgan masalalar orasida ishsizlik bo‘yicha majburiy ijtimoiy sug‘urta milliy modelini joriy etish tashabbusi ham belgilangan edi.
Shu kunlarda parlamentda muhokama qilinayotgan qonun loyihasi bilan mazkur tashabbus amaliyotga tatbiq etilish arafasida turibdi. Ya’ni, davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi kecha bo‘lib o‘tgan palata majlisida ikkinchi o‘qishda tasdiqlandi. Masalaga biroz oydinlik kiritsak.
Aytaylik, davlat ijtimoiy sug‘urtasi nega kerak va bu institut nimalarga xizmat qiladi?
Avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ayni shu masalaga aloqador me’yorni keltirib o‘tsak. Gap shundaki, Bosh qonunimizda har kim mehnat qobiliyatini yo‘qotganida hamda ishsizligida ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekani belgilangan. Ammo bugungi kunda ushbu talab amaliyotda to‘liq samara beryapti, deb ayta olmaymiz. Chunki xodimlar vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganida yoki ishdan bo‘shatilganda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda bir qator muammolarga duch kelmoqda.
Masalan, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ish beruvchilar uchun ortiqcha moliyaviy yuklama hisoblanadi. Shuning uchun bunday nafaqalar xususiy sektorda to‘lanmaydi. Shuningdek, homiladorlar yo ishga olinmaydi yoki biror bahona bilan bo‘shatib yuboriladi.
Ta’kidlanganidek, yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida qonun loyihasi bilan bir qator muhim me’yorlar belgilanmoqda. Ya’ni, loyihada davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘lovlarini to‘lash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan. Jumladan, kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish hamda ish yoki daromadni yo‘qotish bilan bog‘liq holatlarda nafaqa to‘lash kafolatlanadi. Shu bilan birga, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda ishdan bo‘shatilganlik nafaqasi ham davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan amalga oshirilishi qayd et ilmoqda.
Yana bir muhim jihati shundaki, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta hodisalari ro‘y berganda tegishli to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tartibi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘xtatib turish, qayta tiklash va tugatish asoslari ham mazkur hujjatdan joy olmoqda.
Palata majlisida ushbu masala ko‘rib chiqilar ekan, vaqtincha mehnatga layoqatsiz yoki homilador va tug‘uruq ta’tilidagi ayollarning manfaatlarini himoyalash hamda huquqlarini kafolatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Majlisda qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Yuqori sifatli tibbiy xizmat olishning kafolati
Sir emaski, sog‘liqni saqlash sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokorlar yoki tibbiyot brigadalari tomonidan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlar bepul asosda ko‘rsatilmoqda. Shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Biroq qonunchilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan qo‘shimcha xizmat turlarini pulli asosda ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ularga berilgan malaka toifasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi tartibni belgilash zarurati yuzaga kelmoqda. Buning uchun ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozim. Hafta boshida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ayni shu masala ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov mazkur qonun bilan mos ravishda «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi va «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Konstitutsiya va boshqa me’yoriy hujjatlarda aks ettirilgan inson huquqlariga zid kelmasligini ta’kidladi. Ushbu soha vakillari o‘rtasida qonunning asl maqsadini to‘g‘ri tushuntirish lozimligi qayd etildi.
Qonunchilik palatasining bu galgi majlisida ham ayni masala muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasi bilan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilmagan qo‘shimcha tibbiy yordam ko‘rsatish huquqiy tartibga solinadi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmida belgilanganidan ortiqcha tibbiy yordam va boshqa xil qo‘shimcha xizmatlar, shuningdek, oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasi bo‘lmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan fuqarolarga pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda.
Bir me’yor bilan tibbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlaganlik to‘g‘risida diplom olgan shaxslarga mavjud malaka toifasini olish tizimi ichida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Kutilayotgan natijalarga ko‘ra, bu orqali aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlari samarali himoya qilinadi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fuqarolarga qo‘shimcha tibbiy yordam va oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yuzaga keladi.
Ushbu qonun loyihasi ham yuqori palataga yuboriladigan bo‘ldi.
Qonunlar barcha uchun tushunarli tilda bo‘lishi tarafdorimiz
«Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» hamda «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunlarda xo‘jalik jamiyatlarining ijro organi, kuzatuv kengashining fidutsiar majburiyatlarini hamda majoritar aksiyadorlarining yoxud ishtirokchilarining umumiy majburiyatlari bo‘yicha javobgarlikni aniqlashtirish.
Palata majlisida ayni ushbu masalalarda qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qonun tashabbuskorlari loyiha konsepsiyasini deputatlarga tushuntirib berdi.
Ta’kidlanganidek, loyihani ishlab chiqishdan asosiy maqsad nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarining amaliyotda samarali ishlashini ta’minlash, mediatsiya sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash orqali sudlarda ish yuklamasini kamaytirishga erishishdan iborat.
Bu orqali mediatsiya qo‘llaniladigan sohalar doirasi kengaytirilmoqda. Notariuslarga «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan barcha turdagi sohalar bo‘yicha mediator vazifasini amalga oshirish vakolati berilyapti.
Shuningdek, mediatorlarning har uch yilda malakasini oshirish zarurati belgilanmoqda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etishga oid qoidalar kiritilmoqda.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolarini loyihadagi yangi so‘zlar bilan kirib kelayotgan tushunchalarning mazmuni qiziqtirdi. Xususan, fidutsiar tushunchasi xalqqa tushunarli so‘zlar bilan ifodalanishi kerakligi ta’kidlandi.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, bu tushuncha Prezident qaror, farmonlari, hukumat hujjatlarida keltirilgan. Biroq mazkur tushuncha qonunchilikka yangilik sifatida kiritilmoqda. Shu ma’noda qonun tashabbuskorlari fidutsiar atamasining ma’nosini izohlashga harakat qildi.
Biroq fraksiya a’zolari bu masalaga deputatlar oldida emas, qonunda oydinlik kiritish kerakligini qayd etdi. Asosiy tushunchalar sifatida ushbu so‘zning izohlanishi keyinchalik undan foydalanuvchilar uchun qiyinchiliklarni yuzaga keltirmasligiga urg‘u berildi.
Tashabbuskorlar fraksiya taklifini keyingi o‘qishgacha loyihaga kiritishini bildirdi.
Muhokamalardan so‘ng loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 19.2.2025, №7