Yoshlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlagan muloqot
Yoshlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlagan muloqot

 

Kuni kecha Prezidentimiz mamlakatimiz yoshlari bilan muloqot qildi. Unda ko‘plab tashabbus va takliflar bildirildi. Shuningdek, yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.

“Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”, – dedi Prezident.

Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlardan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi.

Meni quvontirgan yana bir jihati hozirgi vaqtda dunyodagi “top” oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod yurtimiz yigit-qizlari tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.

Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar abituriyent kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi. Bu ham mayli, ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Chet tillarini o‘rganish va zamonaviy bilimlarni egallash borasidagi ishlar haqida to‘xtalsam, ularning ro‘yxati ancha uzun. Demak, biz o‘syapmiz, rivojlanyapmiz, taraqqiy topyapmiz. Bundan quvonmaslik, g‘ururlanmaslik aslo mumkin emas.

Shu o‘rinda Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan e’tiborini aytish zarur. Jumladan, har yili umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun davlat granti asosida qo‘shimcha 3 ming kvota, to‘lov-shartnoma asosida esa qo‘shimcha 6 500 kvota ajratilayotgani ko‘plab yoshlarga talaba maqomini bermoqda.

Uchrashuvda, shuningdek, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta katta hujjat imzolangani e’lon qilindi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilgani, endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilib, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritilishi ta’kidlandi.

Ikkinchi qaror asosida bo‘lsa oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilayotgani, buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs berilib, ularning tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlari joriy etilishi, albatta yoshlarga katta imkoniyat bo‘ladi.

Muloqot davomida aytilgan har bir yangilik alohida katta mavzu, yoshlarning quvonchiga sabab bo‘lgan, ularga ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochadigan masalalardir. Ishonamanki, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga bo‘lgan bunday g‘amxo‘rlik ularga katta quvonch bag‘ishlab, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

 

Gulnaz Dalibayeva,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bo‘lim boshlig‘i.

 

 

 

 

 

Teglar

Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish