Elektorat vakillari deputatlar e’tiborida

 

So‘nggi vaqtlarda deputat xalq xizmatchisi, degan qarash paydo bo‘ldi. E’tiborli jihati, bu amalda o‘z isbotini topmoqda. Chunki, bugungi kun xalq noiblari murojaatlar bilan xonalarida o‘tirib ishlamaydi, ularni joyiga chiqib o‘rganadi.

Har oyning uchinchi o‘n kunligida hududlarda nazorat-tahlil olib borayotgan deputatlar nafaqat o‘z okrugida, balki Respublikamizning turli viloyatlarida bo‘lib, u yerdagi real hayot bilan tanishmoqda. Bu esa bir masalaga turli nuqtai nazar bilan qarash va yechimi yuzasidan asosli, samarali taklif berish imkonini oshirmoqda.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tinglaymiz!

Nukus shahrida 4-sonli ixtisoslashtirilgan kar va eshitish qobiliyati zaif bolalar maktab-internati faoliyat olib boradi. Ma’lum bo‘lishicha, u yerdagi barcha o‘quvchi eshitish qobiliyati diagnostikasidan o‘tkazilgan. Olingan natijalarga ko‘ra, 2021 yilda “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan maktabga 204 ta eshitish apparati ajratilgan va koxlear implantatsiyalar o‘tkazilgan. Shu yo‘l bilan bolalar uchun ta’lim va hayotni idrok etish sifati sezilarli darajada yaxshilanib, zamonaviy FM-tizimlari, nutqni rivojlantirish uchun mashg‘ulot uskunalari kabi maxsus yordamchi vositalar bilan jihozlangan.

Sir emaski, Xalq demokratik partiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surib keladi. Turli darajadagi partiya tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari esa mazkur yo‘nalishdagi faoliyat bo‘yicha nazorat-tahlil ishlari bilan shug‘ullanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Sayyora Imomova ham ushbu tartibga amal qildi. Hududdagi maxsus maktabga borib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan samimiy suhbat o‘tkazdi, ularning qalbidagini tingladi.

Deputatning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘istonda alohida ta’limga ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish, inklyuziv ta’lim tizimi uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlash lozim. Buning uchun Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida inklyuziv ta’lim metodikasi bo‘yicha maxsus ta’lim mutaxassislik yo‘nalishini ochish kerak, deb hisoblaydi. Bu esa ta’lim sohasini rivojlantiribgina qolmay, mutaxassisliklar turini oshiradi va kelgusida bandlikni ta’minlashga hissa qo‘shadi.

S.Imomova nazorat-tahlilga mo‘ljallangan safari chog‘ida ko‘plab tashkilot va muassasalarda bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston Karlar jamiyati hamda Ko‘zi ojizlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limlarining faoliyati va nogironligi bor shaxslarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, murojaatlarni qabul qildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Karlar jamiyatining To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Taxtako‘pir tumanlaridagi hududiy bo‘limlari Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinib, guvohnomalar berilgan. Lekin Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan Karlar jamiyatining tuman (shahar) hududiy bo‘limlariga shtat birliklari ajratilmagan.

Shuningdek, Ko‘zi ojizlar jamiyati Nukus o‘quv ishlab chiqarish korxonasini yangidan qurish ishlari boshlangan bo‘lib, bugungi kunda yakuniga yetmasdan to‘xtab qolgan. To‘rtko‘l o‘quv ishlab chiqarish korxonasini to‘liq yangidan jihozlash va ta’mirlash zarurati bo‘lsa, Xo‘jayli o‘quv ishlab chiqarish korxonasi butunlay yangidan qurilishga muhtoj.

Ta’kidlandiki, korxonalarda ko‘plab aholi vakillari ishlaydi, oilasini boqadi. Shu sababli ushbu masalaning yechimi jamiyat a’zolari uchun dolzarb. Ularni tinglagan deputat har bir murojaatni yozib oldi va vakolati doirasida hal etishga va’da berdi.

 

O‘zbekiston — yoshlar mamlakati

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 53 mingdan ziyod partiya a’zosi bor. Ularning 15500 ga yaqinini yoshlar tashkil qiladi. 45 foizdan ziyodi esa xotin-qizlardan iborat. Partiya safida ayollar va yoshlarning safi kengayib borayotgani, tabiiyki, quvonarli.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Imomnazar Tursunov viloyatdagi ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ushbu jihatga alohida e’tibor qaratdi. Jamiyatda xotin-qizlar va yoshlarning faolligi oshishi bevosita taraqqiyotga xizmat qilishini ta’kidladi.

Xususan, Qarshi davlat universitetidagi muloqot chog‘ida yoshlarga oid davlat siyosati haqida so‘z bordi. Ta’kidlandiki, O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.

Shuningdek, bandlik masalalarida o‘zgarishlar katta. Misol uchun, o‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, ular biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etmoqda. Quvonarli jihati esa ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Bandlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘lsa, yana bir ustuvorlik oliy ta’lim qamrovini kengaytirish bilan bog‘liqdir. Avvallari bitta o‘rin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilib, 42 foiz yoshlar oliy ta’limga qamrab olinmoqda.

Deputat ana shu jihatlarga to‘xtalar ekan, keng qamrovli islohotlarni yanada jadallashtirish yoshlarga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchilarning istaklariga ko‘ra, “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyatini tushuntirdi.

Parlament vakili Qarshi tumani “Kat” MFYda bo‘lib, hududdagi saylovchilar bilan uchrashdi. Aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.

Suhbat davomida qurilish sohasidagi muammolar, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish bilan ta’minlash hamda ta’lim tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘tarildi. Mahalliy tadbirkorlar biznesni kengaytirish uchun imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, xonadonida baliqchilik, quyonchilik, issiqxona kabi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar faoliyati o‘rganildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi holidan xabar olindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 5.3.2025, №9

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish