Ijtimoiy himoya: aniq takliflar va qat’iy pozitsiya
Ijtimoiy himoya: aniq takliflar va qat’iy pozitsiya

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari ijtimoiy masalalarni keng qamrab olgan. Partiya jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish tashabbusini ilgari suradi.

Partiyaning parlamentdagi vakillari ham, mahalliy Kengashlardagi deputatlari ham ayni shu maqsad yo‘lida faoliyat olib boradi. Joriy hafta boshida bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bu prinsip yana bir bor amaliy ifodasini topdi. Deputatlar ijtimoiy himoya masalalarida aniq taklif va qat’iy pozitsiya bildirdi.

 

Bosh vazir o‘rinbosari axborot berdi

Majlisda dastlab Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida qilinayotgan ishlarga doir axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oila institutini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Faol islohotlar natijasida ayollarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Hisobot davrida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizni tashkil etdi.

Oliygohlarda, texnikum va kollejlarda 2022–2024 yillar davomida 397 ming nafar xotin-qizga 4 trln 298 mln 400 ming so‘m miqdorida 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratildi. Qo‘mita tavsiyanomasi bilan davlat granti asosida 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qiz OTMga o‘qishga qabul qilindi.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishiga ko‘maklashish bo‘yicha ham muayyan ishlar qilinmoqda. Bu borada respublika bo‘yicha 6 ta tuman tajribasi ommalashtirilgan. Xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbalarini yaratish bo‘yicha Sayxunobod, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali Jondor, xonadonda moliyaviy paketlarni joriy qilish bo‘yicha Nishon, Shofirkon, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish borasida Bag‘dod, kashtachilik maktabi va qo‘y junini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Shahrisabz tajribasi shular jumlasidandir.

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar amaliy ishlarni e’tirof etib, oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olinib, parlament eshituvi yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

Byurokratik to‘siqlar sabab dorilarni yetkazishda uzilishlar bor

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining nogironligi bor shaxslarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati, o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari joylardagi o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida savollar, fikr-mulohazalirini bildirdi.

Deputat Qizilgul Qosimova «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari partiya elektorati manfaatlari himoyasini kuchaytirish yo‘lida katta islohot bo‘lganini ta’kidladi va Ohangaron tumani misolida bu boradagi tahlillarga to‘xtalib o‘tdi.

Albatta, ayrim kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Misol uchun, nogironligi bor shaxslarga kam miqdorda olinadigan dori-darmon vositalarining tender orqali realizatsiya qilinishi belgilangan. Biroq turli byurokratik to‘siqlar sabab tenderga qo‘yilishida kechikishlar kuzatilmoqda, odamlarga dorilarni vaqtida yetkazib berishning imkoni bo‘lmayapti. Deputatga ko‘ra, bu boradagi mexanizmni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Shuningdek, ijtimoiy muassasalarda bemorlarning soni me’yoridan ko‘p. Navbatda turganlar ham oz emas. Davolanib bo‘lgan, kimsasiz shaxslarni ijtimoiy uylarga joylashtirish orqali bu borada vaziyatni yengillashtirish mumkinligi hamda xizmat ko‘rsatishga mas’ul xodimlarning ish haqi masalasi yuzasidan fikrlar bildirildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ullari bu borada o‘z munosabatini bayon etdi. Qayd etilishicha, texnik xodimlarning oylik maoshini belgilash tizimini autsorsingga o‘tkazish rejalashtirilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga texnik xizmat ko‘rsatadigan xodimlarning oyligi joriy yilda qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, muassasadagi bemorlar soniga qarab belgilash tartibi joriy etilgan.

Tartibga ko‘ra, «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga o‘zgalar yordamiga muhtoj shaxslar joylashtiriladi. Ammo o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lmagan, uysiz shaxslar ham ushbu markazlarga olib kelingan. Natijada bu muassasalarda davolanayotganlar va navbat kutayotganlar soni ko‘payib ketgan.

Agentlik mas’ulining ta’kidlashicha, ijtimoiy uylar masalasida ham muammolar bor. O‘zbekistonda 509 ta ijtimoiy uy-joy bo‘lib, ularda 10 mingta xonadon bor. Hozirda bu xonadonlarning 9 ming 600 tasi band, talab kamligi, uzoq masofada joylashgani va ta’mirtalabligi bois 400 tasi bo'sh holatda. Ayni paytda ijtimoiy uylarga joylashtirish tartibi to‘g‘ri emasligi qayd etildi. Sababi, 9 toifadagi fuqarolar ijtimoiy uyga joylashtirilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, odamlarning iqtisodiy holati inobatga olinmagan. Natijada ayni paytda 500 ga yaqin xonadondan boshqa maqsadda foydalanilmoqda. Masalan, o‘z xonadonini ijaraga berib qo‘yib, ijtimoiy uyda yashayotganlar yoki do‘kon sifatida ishlatayotganlar ham bor. Kimlardir esa boshqa davlatga ishlash uchun ketgan, ammo o‘z buyumlarini qo‘yish uchun joy qilib olgan.

Fraksiya a’zosi Irina Tokareva Toshkent shahri misolida «ijtimoiy karta»larni olish va ulardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarli darajada emasligini qayd etdi. Mutasaddilar ushbu masalalar bo‘yicha aniq ma’lumotlar yetkazishga va’da berdi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va Ijtimoiy himoya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilganini, shuningdek, deputatlar va agentlik xodimlari birgalikda o‘rganishlar tashkil etishi, doimiy muloqot kerakligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda qonun loyihalari ham muhokama qilindi. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zosi Imomnazar Tursunov aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda shaxslarning (oila) iqtisodiy holatini aniqlashda bo‘shliqlar mavjudligi, xususan, ijtimoiy yordam yoki xizmat olish uchun murojaat qilgan shaxsning (oila) tijorat banklaridagi omonatlari, pul o‘tkazmalari bo‘yicha (mablag‘ qabul qilish yoki jo‘natish) ma’lumotlari va hisob raqamlaridagi qoldiq mablag‘larini o‘rganish ehtiyoji yuzaga kelayotganini urg‘uladi.

Mutasaddilar ushbu masalalar yechimi nazarda tutilayotgani, «ijtimoiy karta» tizimini yo‘lga qo‘yishga doir yangicha yondashuvlarga o‘tilayotganini aytishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari har bir qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish