XDP tashabbusi bilan bepul ko‘rik o‘tkazildi

 

Shahnoza Qodirova 1987-yilda tug‘ilgan. Ayni paytda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida istiqomat qiladi. Fuqaro O‘zbekiston XDP vakillariga chap tomonlama nefrostoma diagnozi bilan murojaat qilgan. Yaxshi insonlar tashabbusi hamda ko‘magida bemor transuretral ichki optik ureterolitotripsiya usulida jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi.

Bilamizki, Navro‘z bayrami yangilanish va yosharish bayrami bo‘lishi bilan birgalikda mehr-shafqat ayyomi ham hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston XDP Toshkent viloyati kengashi yaxshi bir tashabbusga qo‘l urdi. Ya’ni Chirchiq shahar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sog‘lomlashtirish aksiyasi o‘tkazildi. Unda partiya Markaziy Kengashi vakillari hamda Respublika urologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi urologlari, Toshkent viloyat kengashi mas’ullari, partiya faollari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir hududdagi kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlab, sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish, yuqumli, onkologik kasalliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirildi. Terapevt, kardiolog, Lor, ginekolog, UTT, urolog kabi mutaxassislar tomonidan 120 nafardan ziyod aholi ko‘rikdan o‘tkazildi. Bir necha kasalligi aniqlangan fuqarolarga statsionar va ambulator sharoitda davolanishi uchun tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Respublika urologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bosh direktori Shuhrat Muxtorov tomonidan ikki nafar ehtiyojmand bemorda yuqori texnologiyali bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bemorlarning biri Shahnoza bo‘lsa, ikkinchisi 1961-yilda tug‘ilgan, Qibray tumani fuqarosi edi. Unga teri orqali (perkutan) nefrolitotripsiya usulida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Har ikkala amaliyot ham muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirildi.

Bunday tadbirlar viloyatning boshqa tumanlarida ham Respublika urologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilish rejalashtirilgan.

Aytish kerakki, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar ko‘lami yanada kengayib boraveradi. Zotan, bu insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning manfaati, turmushining obodligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilish partiyaning doimiy e’tibor markazidagi masala bo‘lib qoladi, deganidir.

 

Malohat ERGASHEVA,

O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi

Axborot xizmati boshlig‘i.

 

 

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish