
Kichik biznes o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslasha olishi, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini shakllantirish orqali ijtimoiy tengsizlikni yumshatish imkoniyatlariga egaligi bilan ahamiyatlidir. Mulkchilikning ushbu shakli jadal rivojlansa, makroiqtisodiy beqarorlik, ishsizlik kabi muammolar barham topib, xalqimiz turmush darajasi yuksalishi muqarrar.
Yangi O‘zbekiston biznesni yuritishga doir xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlab kelayotgani yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, shaffoflikni ta’minlash, aholini xususiy tadbirkorlikka keng jalb qilishga qaratilgan tizimli islohotlarning amaliy natijasi, desak yanglishmaymiz. Ayniqsa, xususiy sektorda biznes sezilarli barqarorlik va o‘sish dinamikasini namoyish etayotgani quvonarli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2025-yilning 1-yanvar holatiga ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni 651 ming 807 tani tashkil etgan. 2021-yilda bu raqam 436 ming 981 ta bo‘lgan. Joriy yilning dastlabki ikki oyida respublika bo‘yicha yana jami 12 ming 732 ta kichik biznes subyekti ro‘yxatga olingan. Mana shu statistikaning o‘ziyoq yurtimizda o‘rta mulkdorlar safi izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi. Va endilikda ayni sur’at yanada jadal tus olishiga ishonchimiz komil. Zero, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Yangi O‘zbekistonning istiqbolli strategik yo‘lidir. Bu haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 19-mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda alohida ta’kidlab o‘tdi.
55 foizlik marra
Uchrashuvda qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi. So‘nggi besh yilda bu yo‘nalishda tadbirkorlar soni ikki karra ko‘paydi. Ularda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, ro‘zg‘or tebratyapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu dalillar davlatimiz iqtisodiyotini taraqqiy ettirishda kichik va o‘rta biznes vakillarining ulushi hamda ishtiroki qanchalar hal qiluvchi rol o‘ynashini ko‘rsatadi.
Tadbirda soha rivojiga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalar sanab o‘tildi. Joriy yilda kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standartiga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish shular jumlasidandir. Bundan tashqari, yuz nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish, kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish kabi aniq maqsadlar qo‘yilmoqda. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlaridagi an’anaviy faoliyatdan tashqari ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda ham kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish kutilmoqda. Bunday maqsad va vazifalar uchun 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar yo‘naltirilyapti.
Oybek MAMATQULOV,
xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati:
– Aholini, xususan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj qatlamlar – ayollarni, yoshlarni ishsizlikdan himoya qilish, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, ayrim sabablarga ko‘ra ishsiz bo‘lganlarni mehnat bozorida talabgir kasb-hunarlarga o‘qitish chora-tadbirlari allaqachon o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Bu jarayonda ishbilarmonlik layoqatiga ega, shijoatli opa-singillarimizni, yigit-qizlarimizni xususiy tadbirkorlikka jalb qilish qamrovi ham kengayib bormoqdaki, bugun yurtimizning qay manziliga, qay mahallasiga bormang, kichik biznes loyihalarini amalga oshirib, nafaqat ro‘zg‘orini butlagan, balki o‘nlab ish o‘rinlarini ochib, mahalladoshlari uchun muqim daromad manbaini yaratgan, tadbirkorligini kengaytirishga ahd qilgan g‘ayratli ayollarimizni, yoshlarimizni uchratasiz.
Davlatimiz rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda aholi o‘rtasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratilib, shuning 2,5 trillion so‘mi yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltirilishini aytib o‘tdi. E’tiborlisi, ayol tadbirkorlarga biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun moliyaviy ko‘mak turi – kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi. Bu biznesga qadam qo‘ygan, oila va farzandlar tarbiyasidan ortib, jamiyatga, mamlakat iqtisodiyotiga naf keltirish niyatida bo‘lgan opa-singillarimiz uchun katta madaddir.
Darhaqiqat, yurtimiz tadbirkorlari safida ayollarning ulushi oshib bormoqda. Bunday ijobiy ko‘rsatkich xotin-qizlarda faollik, tashabbuskorlik, moliyaviy mustaqillikka erishishga intilish hissi ortayotganini isbotlaydi. Davlatimiz tomonidan ularga har taraflama shart-sharoitlar yaratilayotgani, muayyan imtiyoz va imkoniyatlar taqdim qilinayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Sal avvalroq, ya’ni, shu yilning 14-mart kuni Prezidentimiz «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan, unga ko‘ra, 1 maydan ijobiy kredit tarixiga ega opa-singillarimizga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatda «Hamroh» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvatlash dasturi doirasida qator maqsadli vazifalar ko‘zda tutilganki, o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishdan tortib, mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda sotishi uchun ko‘maklashishgacha bo‘lgan uzviy jarayon qamrab olingan.
Demoqchimanki, ayollarimiz, qolaversa, mustaqil hayotga qadam qo‘yib, ishbilarmonlik salohiyatini ko‘rsatishga bel bog‘lagan yoshlarimiz kichik va o‘rta biznesda mustahkam o‘rin topishi uchun uzoqni ko‘zlagan holda istiqbolli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu vazifalar esa partiyamiz maqsad va g‘oyalariga uyg‘un, hamohang ekanini yana bir bor eslatib o‘tish o‘rinli, albatta.
Muhammad MIRZAYEV,
xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputati:
– Kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqotda Prezidentimiz soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish uchun joriy etiladigan qator yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi. Masalan, oilaviy tadbirkorlik uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yilishi, kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit ajratilishi bu sohada faoliyatini boshlagan hamyurtlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ta’kidlanganidek, yangi tadbirkorlar «oyoqqa turib olishi» uchun faoliyatining birinchi yili muhim. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «birinchi imkoniyat» tamoyili joriy etiladi. Ya’ni, ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkon beriladi.
Hozirda faoliyatni tugatish uchun barcha toifadagi tadbirkorlarga bir xil talab belgilangan. Endi bu jarayon ham soddalashadi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
Ma’lumki, yurtimizda 2028-yil 1-yanvarga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilangan. Endi kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan me’yoriy hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilingani, mohiyatan olib qaraganda, soha vakillari uchun tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlaydi.
Fermerlar orasida soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechilgani - bu tabiat injiqliklariga basma-bas kelib, yerdan el rizqini undirish mashaqqati bilan mehnat qilayotgan dehqonlarimiz uchun yaxshigina yengillikdir.
Asosiysi, yurtimizda tadbirkorlik subyektlari hamisha qonun va davlat himoyasida ekaniga urg‘u berildi. Joylarda hokimlar yer tanlashda, eng avvalo, ishini yo‘lga qo‘yib, rivojlanish istagida yurgan tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, bu yilning o‘zida Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarida barcha davlat idoralari bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chirilishi, natijada bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinishini soha vakillarini kompleks qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan haqchil yondashuv, desak yanglishmaymiz. Bunday yondashuvni qishloq xo‘jaligi sohasida ham kuzatish mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5 ming gektardan ziyod yer yangicha tartibda ijaraga berilmoqda. U yerda tadbirkorlar o‘zi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurish imkoniyatga ega bo‘ladi.
Ishlab chiqarish yo‘nalishida biznes qilish doimo jozibador. Lekin hamma ham ishni nimadan boshlashni, texnologiya va mutaxassislarni qanday olib kelishni bilmaydi. Shu nuqtai nazardan respublikamizda 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari ochilishi, ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar jalb qilinishi ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Hozir butun dunyoda shiddat bilan rivojlanayotgan sun’iy intellekt, raqamli va yashil texnologiyalar, kreativ xizmatlar sohasidagi loyihalar uchun ham qulay sharoit yaratib berilishi kichik biznesning zamon bilan hamnafas bo‘lib, yangi bozorlarga kirish, jahon brendlarini yaratish, ilg‘or startaplarni yuzaga chiqarishiga ko‘maklashadi.
Prezidentimiz kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini, yangilik qilishdan charchamaydigan tadbirkorlarga doimo eng yaqin ko‘makchi, tayanch va suyanch bo‘lishini aytdi.
Yangi O‘zbekistonning biznes salohiyatini yuksaltirishda yana bir muhim qadam qo‘yilmoqda. Bu jarayonda biz, deputatlar soha vakillariga yelkadosh bo‘lib, ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishlarida ko‘makchi bo‘lamiz.
Farida MAHKAMOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 26.3.2025, №12