Qurilish sifati va pensiya masalalari tahlil qilindi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ishchi guruhi a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Z.Akromova hamda Z.Shodiyeva Sirdaryo viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasida o‘rganish ishlarini olib bordi. Uchrashuv davomida sohadagi muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari muhokama qilindi.

Ishchi guruh qurilish sifati, uy-joy ta’miri va kommunal xizmatlar holatini atroflicha o‘rganib, mavjud kamchiliklarni aniqladi. Xususan, infratuzilmani rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va uy-joy kommunal tizimini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Mutasaddilar bilan o‘tgan uchrashuvda aniqlangan muammolar bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Partiya vakillari aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, qurilish jarayonlarini nazorat qilish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflarini ilgari surishlarini ma’lum qilishdi.

Deputatlar, shuningdek, Guliston tumani pensiya jamg‘armasi bo‘limida ham bo‘ldi. U yerda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati o‘rganildi.

Jumladan, pensiya va nafaqalar to‘g‘ri hisoblanishi, ularning o‘z vaqtida yetkazilishi hamda fuqarolarning murojaatlari qanday ko‘rib chiqilayotgani muhokama qilindi. Deputatlar jamg‘arma mutasaddilari bilan suhbatlashib, tizimdagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Mazkur tadbir partiyaning ijtimoiy masalalarni o‘rganish va ularning yechimiga hissa qo‘shish maqsadida amalga oshirilgan navbatdagi tashabbuslaridan biri bo‘ldi. O‘rganish ishlari davom etmoqda va aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanishi rejalashtirilgan.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish