Denov tumani “Sina” qishlog‘ida yashovchi aholidan bir necha marta murojaat bo‘lgan. Gap shundaki, mazkur qishloqni tuman markazi bilan bog‘lovchi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘lida muammolar ko‘paygan.
Jumladan, murojaatlarda bugungi kunda mahalliy ahamiyatdagi 75V-008 “Denov-Sina-Vaxshivor” avtomobil yo‘li 0-28 kilometrining aksariyat qismlari ta’mirtalab holatga kelib qolgani, asfalt qoplamalar o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani bayon qilingan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov mazkur masala yuzasidan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunovga deputat so‘rovi yuborgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-aprelda “2020 — 2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida”gi PQ-4667-son qaroriga asosan mazkur yo‘lning 3 km qismini mukammal ta’mirlash hamda 2 km qismini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shu kunga qadar yakuniga yetkazilmagan”, deyiladi deputatning so‘rovida.
Mazkur so‘rovga Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunovdan kelgan javobga ko‘ra, obyektning umumiy qiymati 16,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Bugungi kunga qadar “Avtoyulsanoat invest” MCHJ tomonidan jami obyektda 11,5 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. O‘z navbatida, mazkur obyekt 2025-yilgi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini to‘la ta’mirlash dasturi loyihasiga kiritilgani, 2025-yilga 5,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, obyekt to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani qayd etilgan.