Olim Ravshanov: Viloyatda partiyamizning o‘z o‘rni bor...
Olim Ravshanov: Viloyatda partiyamizning o‘z o‘rni bor...

 

Qashqadaryo ona-diyorimizning janubidagi muazzam viloyat. Uning bag‘ri odamlarining fe’liday keng, zamini saxovatli. Bugun Qashqadaryoda partiyamizning 92 nafar deputati bor. Partiyamiz a’zolari 67236 nafar bo‘lib, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 723 tani tashkil etadi. Agar biz ularning imkoniyatlaridan unumli foydalana olsak, yutuq va muvaffaqiyatlarimiz ancha salmoqli bo‘lishi shubhasiz.

So‘zimizni bejiz ushbu ma’lumotlar bilan boshlamadik. Chunki mahalliy Kengashlar uchun ajratilgan sahifamizning bu galgi mehmoni O‘zXDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari Olim Ravshanov bo‘ldi. Ulardan ayrim savollarimizga shaxsiy qarashi va kuzatuvlaridan kelib chiqib, javob kutdik.

 

— Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?

– Hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz, keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bera boshladi. Bu davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirishga xizmat qilyapti.

Shundan kelib chiqib, partiyamiz tashkilotlari va deputatlik guruhlari aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularni tashvishga solayotgan masalalarning ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish bilan birga qat’iy va izchil deputatlik nazoratini olib borish, murojaatlar bilan ishlashga jiddiy e’tibor berishmoqda.

Siyosiy tashkilot sifatidagi faoliyatimizni baholsak, ishonch bilan ayta olamanki, natijalarimiz yaxshi. Buning asosiy sababi esa siyosiy partiyalar hamda deputatlarga berilayotgan e’tibor, ularning maqomi va vakolatlari oshayotganida, deb bilaman.

Ishonch bilan ayta olamanki, viloyatimizda partiyamizning o‘z o‘rni bor. Ko‘zga ko‘rinarli muhim tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz.

Viloyat partiya kengashi tashabbusi bilan “Quvonch va mehr ulashaylik” aksiyasi doirasida tashkil etilgan tadbirlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, mahalla va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari, “Muruvvat uy”larida yashovchi 250 nafar fuqarolar holidan xabar olinib, hayriya yordamlari ko‘rsatildi.

“Salomatlik aksiyasi” doirasida tuman va shaharlarda partiya faollari va hamkorlar ishtirokida 10 dan ortiq bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, unda 350 dan ortiq mahallalardagi xotin-qizlar va ularning bolalari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar davomida 25 nafar xotin-qizlarga kasalliklariga qarab davolanishlari uchun tibbiy yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, 6 nafariga orderlar olishda ko‘mak berilgan.

“Deputat mahallada” loyihasi doirasida 50 ortiq tadbirlar o‘tkazilib, mahalliy Kengash deputatlari o‘z hududlarida saylovchilar muammolarini o‘rganishdi, deputatlik so‘rovlari chiqarib, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi. Bu ishlar tizimli davom ettirilmoqda.

Viloyatimizda partiyaning 723 boshlang‘ich partiya tashkiloti bor. Biz ular bilan faol aloqa qilamiz, ular bizning joylardagi kuchimizdir.

Shuni ham aytish kerakki, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz katta kuch va salohiyatga ega. Doimiy komissiyalar, hokimlik va ijroiya organlar oldida o‘z so‘ziga va mustahkam pozitsiyasiga ega. Birorta sessiya yo‘qki, unda partiya guruhi tomonidan dolzarb masalalar kiritilmagan bo‘lsa.

Ayni paytda, deputatlarimiz mahalliy Kengashlarda aholi manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va kam ta’minlangan qatlamlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqmoqda. Albatta, bu tashabbuslar partiya tashkilotlarining joylardagi faoliyati va deputatlik guruhlari bilan hamkorligi asosida amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yilgi saylovlarda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 92 nafar vakilimiz deputatlikka saylandi. Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhi tomonidan 2024 yilda 8 ta masala hamda 2025 yilning birinchi choragida 4 ta masala sessiyalarga kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, xalqni tashvishga solayotgan muammolarni turli darajadagi rahbarlarga olib chiqish, ularning hisobotini tinglash mexanizmidan samarali foydalanyapmiz.

Masalan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 sentyabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi to‘g‘risida Markaziy bank Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti eshitildi.

Shuningdek, 2025 yilning birinchi choragida Prezidentning 2021 yil 19 iyuldagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining viloyatda bajarilishi bo‘yicha viloyat qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti tinglandi.

2025 yilning mart oyida partiya guruhimiz tashabbusi bilan viloyatda Prezidentning “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i T.Rasulov hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i U.Oripovning hisobotlari muhokama qilindi.

Biz mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan yechimini kutayotgan muammolarni ochiq-oydin tahlil qildik. Ularning hisobotini deputatlik nazorati orqali ma’lum bo‘lgan raqam va faktlar bilan solishtirdik, takliflarimizni aytdik.

Muhimi, bu orqali odamlarni qiynab kelayotgan qanchadan-qancha masalalar yechim topadigan bo‘ldi. Albatta, bunga erishish bu yo‘ldagi ilk natija bo‘lsa, uning ijrosini ta’minlash muhim va asosiy jarayon sanaladi. Bunda esa biz deputatlar faollik va ziyraklikni boy bermay, nazorat o‘rnatishimiz zarur, deb o‘ylayman.

E’tiborga molik ishlar ko‘p, albatta. Ammo bu — sohada barcha ishlar risoladagidek degani emas. Chunki elektorat manfaatlari yo‘lida bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlar talaygina. Partiyamiz deputatlari bu boradagi nazorat-tahlil ishlarini izchil olib borsa, kamchiliklarni ochiq-oydin tahlil etsa, ko‘p muammolar yechiladi, ehtiyojmand aholi vakillarining og‘iri yengil bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

 

— Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?

– To‘g‘risini aytsam, yaxshi tashabbuslar ham, yechilmay qolayotgan muammolar ham bor.

Hozir barchamizdan faol tashabbuskor hamda ijro intizomiga qat’iy rioya etish talab qilinmoqda. Bizlar asosan tumanlar va shaharlar partiya kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari hamda partiyamizdan saylangan deputatlar, shuningdek, partiya a’zolarimiz bilan yaqindan aloqa olib borishimiz kerak. 723 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyati talablar darajasiga olib chiqildi.

Yuqorida mahalliy Kengashlar ilgariga qaraganda ancha faollashganini ta’kidladim. Ochig‘i, mahalliy partiya Kengashlari faol bo‘lmagan deputatlarimizni ancha “sergaklashtirmoqda” ham. Chunki, bugun partiya kengashlari oldiga ham zarur talablar qo‘yilmoqda. Ular partiya guruhlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni olib bormoqda. Sessiyalar ancha munozarali, savol-javob va qizg‘in kechadi. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo bo‘lyapti. Ammo faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi.

Agar mahalliy Kengash yig‘ilishlari va sessiyalarida ochiqlik, shaffoflik va siyosiy faollikni kuchaytirishni istasak, albatta bu jarayonlar onlayn rejimda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilishi lozim. Bahonada ko‘pchilik rahbarlarimiz va xalq vakillarimizning siyosiy saviya va siyosiy bilim darajalari oydinlashardi.

Yana bir gap. Avvallari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasiga bir yoqlama yondashilgan. Xom ashyo bazasi yetarli, demak, o‘sha hudud yaxshi, deb baholanavergan. Ishlab chiqarish joylashtirilganda ham infratuzilma qulayligi birinchi o‘rinda turgan. Natijada olis qishloqlar e’tibordan chetda qolib ketgan. Hozirda esa buning mutlaqo aksi.

Har bir hududning mehnat salohiyati, aholining talabi, joylashuvi, iqlimidan kelib chiqib, investitsion loyihalar ustida ishlanmoqda. Biz ham bu jarayonga munosib hissa qo‘shishimiz kerak. Chunki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, holatidan kelib chiqib amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlasak, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shamiz.

Buning uchun saylovchilar bilan muloqotlarni ko‘paytirish, ko‘proq chekka hududlarga kirib borish, ish boshlash niyatida yurgan fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ularni yechishga yaqindan yordam berish kerak. Joylarda sayyor qabullar o‘tkazganimizda kredit olish, ish boshlash uchun bino masalasida ko‘p yordam so‘rashadi. Ularga befarq bo‘lmasdan, loyihalar amalga oshishi, odamlarimizning yaratuvchanlik va bunyodkorlik g‘oyalari ro‘yobga chiqishi uchun ko‘maklashsak, bu elektoratimiz vakillari uchun ham manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

E’tibor beradigan yana bir muhim jihat bu – partiyaning joylardagi faoliyatida innovatsion yondashuvni joriy etishda, deb bilaman. Elektorat bilan ishlashda an’anaviy usullardan tashqari, yangi texnologiyalardan foydalanish, raqamli platforma va axborot tizimlari orqali fuqarolar bilan muloqotni kengaytirishning samarasi yuqori bo‘ladi. Bu hozirgi zamon talabi. Bu partiyani xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Faoliyatimiz qachon ijobiy tendensiya tomon siljishiga to‘xtaladigan bo‘lsam, buning uchun partiya tashkilotlari, deputatlik guruhlari va parlamentdagi vakillarimiz barchasi bir musht bo‘lib harakat qilishi kerak. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda ular o‘rtasidagi aloqa sezilarli darajada yaxshilandi. Hozir quyida bildirilgan tashabbuslarimiz parlament minbarida aks-sado bermoqda. Bu yaxshi natija, albatta.

Ammo shuni unutmaylikki, bugun hayot o‘zgargan, qonunlarga talab o‘zgargan, odamlarning ongi kechagidan mutlaqo farq qiladi. Kundalik turmushimizda, ishimizda, hattoki, kim bilandir muloqot jarayonida qonunlarga bo‘lgan ehtiyoj ortganini sezib boryapmiz. Buning uchun barcha darajadagi deputatlar va partiya tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish kerak.

Shuningdek, deputatlar, partiya a’zolari va oddiy fuqarolar o‘rtasida real muloqot o‘rnatish zarur. Masalan, keng jamoatchilik ishtirokida partiya tashabbuslarining natijadorligini muhokama qilish mumkin, deb o‘ylayman.

 

— Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarga to‘xtaldik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz. Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

– Bu juda jiddiy savol. To‘g‘ri, e’tiborga molik ishlar ko‘p, albatta. Ammo bu — sohada barcha ishlar risoladagidek degani emas. Chunki hali elektorat muammolarini yechish uchun bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlar talaygina.

Partiyaning jamiyatdagi nufuzini oshirish partiya faollari, undan saylangan deputatlarning Saylovoldi dasturiga asosan olib borayotgan amaliy ishlariga bog‘liqdir.

Boshlang‘ich partiya tashkiloti mustahkam tayanch bo‘lsa, partiyaning nufuzi ortib boraveradi. Partiya nufuzini oshirish va elektorat manfaatlarini himoya qilishda tumanlar va shaharlar partiya kengashlari raislarining faolligi muhim.

Deputatlarimiz orasida so‘zi o‘tkir kishilar ko‘p. Ammo, shundaylari ham borki, negadir panada yurishni afzal ko‘radi. Ularning shuncha vakolat va imkoniyatlar berilishiga qaramasdan, “sen menga tegma, men senga tegmay” aqidasiga amal qilishi ishimizni orqaga tortadi, deb o‘ylayman. Vaholanki, ularni bilimsiz va tashabbuskor emas, deb bo‘lmaydi. Sababi, o‘z sohasida yaxshigina natijalarni qayd etgan insonlar ko‘p. Deputat bugungi talab va mas’uliyatni chuqur anglab o‘z faoliyatini tashkil etishi kerak. Aks holda, saylovchilari oldida o‘z ta’sirini yo‘qotadi.

Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, rejalarimizning barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi. Eng muhimi, xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaslikka harakat qilamiz.

 

***

Xo‘sh, deputat sifatida siz ishingizdan qay darajada qoniqyapsizmi? Mahalliy Kengashlardagi bugungi vaziyat, haqiqiy manzara aslida qanday? Keyingi sonlarimizda boshqa viloyatlardagi deputatlarimiz, mahalliy partiya tashkilotlarimiz eshigini taqillatamiz va shu savollarga javob izlaymiz. Tez orada siz bilan ham bog‘lanamiz!

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Laziza ShЕROVA

suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 16.4.2025, №15

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish