O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat va Jarqo‘rg‘on tuman kengashlari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etdi.
“Salomatlik aksiyasi” doirasida tumandagi 28-oilaviy poliklinikada o‘tkazilgan ko‘rikda asosiy e’tibor ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining salomatligini baholab, kasalliklarni barvaqt aniqlashga qaratildi. Shu kuni 240 kishi tajribali pediatr, pulmonolog, akusher-ginekolog, oftalmolog, onkolog, bolalar nevropatologi, travmatolog, mammolog, nevrolog, terapevt, kardiolog hamda endokrinolog kabi mutaxassislarning chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigidan o‘tkazildi.
Shu kuni shifokorlar kasallik aniqlangan 38 bemorga viloyat hamda tuman shifoxonalarida, 110 nafariga ambulator tartibda davolanishni tavsiya etdi. 72 nafariga tibbiy maslahat berildi.
– Ikkala son suyagim va ikkita buyragimdagi qattiq og‘riq erkin harakatlanishiga qo‘ymas edi, – deydi bemor Marziya Yuldasheva. – Qo‘limiz kalta bo‘lgani uchun shifokorlar ko‘rigidan o‘tish va davolanishning imkoniyatini topolmay turgandik. Tashkilotchilar baraka topsin. Mutaxassislar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, jarrohlik amaliyoti uchun viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida order asosida davolanishimga imkoniyat yaratib berdi.
Aksiya ishtirokchilari tumandagi Neftchi mahallasida yotib qolgan, o‘zgalar yordamiga muhtoj bemorlar xonadonida ham bo‘lib, ularning sog‘ligini ko‘rikdan o‘tkazdi. Salomatligini tiklashi uchun taklif va tavsiyalarini bildirib, viloyat, tuman tibbiyot muassasalariga bepul davolanish uchun yo‘llanma berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri