Iqtisodiy tebranishlar sharoitida to‘g‘ri va maqbul yechimlar kerak

Jahon iqtisodiyoti va global savdo maydonidagi hozirgi tendensiyalar, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar tomonidan yangi bojxona tariflari va import cheklovlari joriy etilishi integratsiyalashgan dunyo mamlakatlari hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. xususan, atigi uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar yo‘qotildi. Yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, jahon inflatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Pandemiya davridagidek dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lish xavfi davlatlardan tezkor hamda oqilona iqtisodiy yechimlarni joriy etishni taqozo qilayotir. Qiyin va ayovsiz raqobat muhitida qator yetakchi tarmoqlar, jumladan, to‘qimachilik, elektr texnikasi, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoatiga zarba yetishi mumkinligi asosli xavotir uyg‘otmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shular xususida so‘z yuritildi. Unda dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha hamda tarmoqlarga ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining ajralmas qismi. Oqilona tashqi siyosat va qulay investitsiyaviy muhit natijasida tadbirkorlarimizga yangi bozorlar ochilmoqda, mahsulotlar turi ko‘paymoqda.

Garvard universitetining tahliliga ko‘ra, oxirgi besh yilda «Iqtisodiy murakkablik indeksi»da O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilangan. 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz «dunyo bozorida raqobat ustunligiga ega», deb baholangan. Bularning natijasida oxirgi yillarda mamlakatimiz eksporti 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi.

Mamlakatda investitsiyalar hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. Shu yilning birinchi choragida 8 milliard 700 million dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foiz ko‘p) buning isboti. Evaziga energetika, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Oldinda esa marralar yanada katta. Joriy yilning o‘zida 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi, 80 dan oshiq yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihalar amaliyotga tatbiq qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Biroq bunday salmoqli maqsadlarga erishish, yuqorida aytib o‘tganimiz – hozirgi iqtisodiy murakkab sharoitda u qadar oson ish emas.

Yig‘ilishda Prezident bunday vaziyatda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil qadam tashlashimiz kerakligiga urg‘u berdi.

– Hozirgi dunyo avvalgidek emas, – dedi davlat rahbari. – Gap tarif yoki ularning miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib borayapti.

Demak, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash qamrovini oshirish, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish ayni muddao. Shundan kelib chiqqan holda, yig‘ilishda har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan shaxsan shug‘ullanishi shart ekani aytib o‘tildi.

Buning uchun, tabiiyki, davlat tomonidan zarur huquqiy, tashkiliy va amaliy choralar ko‘riladi.

 

Shokirjon AHMEDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida erkin biznesni rivojlantirish eng to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi. Shu ma’noda tadbirkorlarning qonuniy faoliyati uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ular duch kelayotgan muammolarga uzil-kesil barham berish, turli byurokratik va korrupsion to‘siqlarning oldini olish darkor. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega. Binobarin, bugungi kunda ushbu subyektlarda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, ro‘zg‘or tebratyapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri ular hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

O‘tgan haftadagi videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tadbirkorlarimizni eng ko‘p o‘ylantirayotgan muammo – bu standartlashtirish va sertifikatlash tizimiga oid ekanini, eskirgan talablar va byurokratiya biznes vakillarining «qo‘lini bog‘lab» qo‘yayotganini ta’kidladi. Ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani turli sarsongarchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, yurtimizda 25 mingdan ortiq standart va 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga javob bermaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi. Bu esa tannarxni oshiradi. Pirovardida bundan oddiy odamlar cho‘ntagi zarar ko‘radi.

Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bozor nazoratini ham olib borishi, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani tanqid qilindi.

E’tiborlisi, shu kabi muammolar tahlili, o‘rganishlar va ishbilarmonlarning takliflari asosida Prezidentimizning «Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Ishlab chiqarish, milliy mahsulotlar eksporti va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish maqsadlariga yo‘naltirilgan ushbu hujjatga ko‘ra, ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish, sertifikatsiya va texnik nazorat sohasida islohotlarni yangi bosqichga chiqarish, bojxona va soliq ma’murchiligiga qator yangiliklar kiritish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni, endilikda texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, karantin idoralarining mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi shug‘ullanadi. Oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalari «Kodeks Alimentarius» (oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning xavfsizligi bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan me’yorlar, amaliyot mezonlari, ko‘rsatmalari va boshqa tavsiyanomalar majmui)ga muvofiqlashtiradi. Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.

Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati ham qisqartirilib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi. Asbob-uskuna, xom ashyo, maxsus texnika, transport importida yurtimizda tan olinadigan xorijiy sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi. Ularning importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.

Shuningdek, Farmonga asosan, endi chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi. Shu paytgacha qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgan edi. Endi, 1 iyuldan boshlab, birorta tovarning eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kiruvchi xom ashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

So‘nggi yillarda mahalliy sanoatda qandolat va salqin ichimliklarning o‘rni oshdi. Bu tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Shu bois shakarga aksiz bekor qilinadi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi. Natijada qariyb 40 ming odam ishlaydigan qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari mahalliy korxonalarimizga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bozorlarga yangi, talabgir mahsulotlar bilan kirishi uchun sharoit yaratish zaruratini yana bir bor eslatdi. Ayrim tovarlar bozorlarimizga sun’iy pasaygan narxda kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rnini zaiflashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol keltirildi. Unga ko‘ra, o‘zimizda chiqayotgan, tannarxi 220 dollarlik kichik muzlatkich bozorda o‘rtacha 250 dollardan sotilayotgani uchun 30 dollar QQS to‘lanadi. Xuddi shunday turdagi muzlatkichning import narxi sun’iy pasaytirilib, 25 dollar ko‘rsatilgani uchun bor-yo‘g‘i 3 dollar QQS olinyapti. Boshqacha aytganda, o‘zimizning ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra ko‘p soliq to‘lamoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz iqtisodiy salohiyati oshib borsa, bundan faqat va faqat davlatimiz, xalqimiz foyda ko‘radi. Qancha ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakat qudrati yuksaladi.

Yuqori aytib o‘tganimiz Farmon bilan chetdan olib kelinayotgan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash tartibi xalqaro qoidalarga moslashtirilishi, nazarimizda, har tomonlama maqbul choradir.

Shubhasiz, bularning bari oxir-oqibat mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlaydi. Iqtisodiy barqarorlik esa ijtimoiy islohotlar samaradorligi, aholi turmush farovonligini oshirishning negizi hisoblanadi.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 23.4.2025, №16

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish