
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 15 ta qonun loyihasi muhokamadan o‘tkazildi. Odatga muvofiq quyi palata fraksiyalarida loyihalarni muhokama qilish bir kun oldin fraksiya yig‘ilishlarida boshlagan edi. Bu gal ham fraksiyalar yig‘ilishlari bahs-munozaralar, taklif va tashabbuslarga boy bo‘ldi.
Jumladan, O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalariga aniq va asosli takliflar bildirilishi bilan birga birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan meva-sabzavot yetishtiruvchi va qayta ishlovchi subyektlarning hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qo‘mitaga qaytarishga ovoz berildi. Fraksiya deputatlari qonun loyihasini qo‘mitaga qaytarib, uni takomiliga yetkazish lozim, degan fikrga kelishdi. Bir so‘z bilan aytganda, qonun ijodkorlari va mas’ul qo‘mita loyihani himoya qiladi, fraksiya a’zolari esa uni takomillashtirish, zarur deb hisoblangan taqdirda o‘zgartirish uchun o‘z takliflarini bildirishadi. Ya’ni, ikki tomon ham o‘z pozitsiyasini bildiradi.
Shu kuni majlisda ko‘rilgan masalalarning aksariyati O‘zXDP fraksiyasi elektorati manfaatlariga taalluqli bo‘ldi. Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Loyiha ijtimoiy himoyaning adolatli bo‘lishi va haqiqatan ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yetib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Ushbu qonun bilan ayrim notarial harakatlar haqidagi ma’lumotlarning Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berilishi taklif etilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalanish to‘g‘risidagi arizalardagi imzolari, agar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan haqiqiyligi tekshirilgan bo‘lsa, notarial shahodatlash talab etilmasligi nazarda tutilyapti.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari ariza beruvchilarning ularning roziligi asosida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarini axborot tizimi orqali olishga va ishlov berishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, hujjat matnini yanada takomillashtirish, uni pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida loyiha matni maromiga yetkazilgani ta’kidlandi.
Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ijtimoiy himoya organi tomonidan ehtiyojmand fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini har tomonlama baholash orqali davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilli yo‘naltirilishini va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shu kuni «Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ijtimoiy xizmat va yordamlarni ko‘rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-taomillarni bajarmaganlik, ijtimoiy himoya organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilashni, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga taalluqliligini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga obyektda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha xulosa olishni, shuningdek, ushbu hujjatsiz faoliyatni (harakatni) amalga oshirganlik yoki mazkur hujjatni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olganlik uchun jarimalar miqdorlarini belgilovchi qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xalq vakillari loyihaning har bir moddasini birma-bir muhokamadan o‘tkazib, ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan yana bir masala tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Tan olish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning yo‘qotilgan bank plastik kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish yuzasidan notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomani tasdiqlash huquqini berish taklif etilmoqda.
Fuqarolik protsessual kodeksiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlarda majburiy tartibda prokurorning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu esa, huquqbuzarliklar ustidan qat’iy va adolatli nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Loyihada reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun yo‘qotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari), nikohni qayd etganlik va tug‘ilganlik to‘g‘risida takroriy guvohnomalar berilganda davlat boji undirilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonunga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tarkibiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ham kiritilib, ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar belgilanmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar, ularning voyaga yetmagan farzandlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga hamda ularning sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolaning nogironligini aniqlash pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari o‘rniga tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish yigirma kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi, shuningdek, nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlari, shu jumladan, shaxsni tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatilishi, davlat mulki bo‘lgan sport obyektlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun istisnolarsiz taqdim etilishi belgilanmoqda.
Qayd etish lozimki, qonun loyihasining qabul qilinishi nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlarini soddalashtirish, ushbu toifadagi shaxslarga ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatilishini ta’minlash hamda huquqni qo‘llash amaliyotida bir xil yondashuv shakllanishiga xizmat qiladi.
Bir kun avval O‘zXDP fraksiyasi qo‘mitaga qaytarishga ovoz bergan meva-sabzavot yetishtiruvchi va qayta ishlovchi subyektlarning hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham hech qanday o‘zgarishsiz yig‘ilishda muhokamaga qo‘yildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etishi belgilanmoqda.
To‘g‘ri, qonun birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Lekin O‘zXDP deputatlari qonunning konsepsiyasi uning asosida keltirilgan farmondan kelib chiqilmagan, degan xulosaga keldi. Xususan, fraksiya deputati Qizilgul Qosimova so‘z olib quyidagi fikrni bildirdi.
– Mazkur qonunni kecha fraksiyada batafsil ko‘rib chiqdik. Qonun loyihasining tushuntirish xatida meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar, issiqxona xo‘jaliklarining huquqlarini himoya qilish masalasini go‘yoki qamrab olganday. Agentlik ularning hammasini qamrab ola oladimi? Bu joyda korrupsiyaviy xatarlar yuzaga kelmaydimi? Agentlik ham Fermerlar kengashi yoki Savdo-sanoat palatasi bajaradigan funksiyalarni o‘z zimmasiga olmoqchimi? Yana bir jihati qonun kimning manfaatiga xizmat qilishi aniq ko‘rsatilmagan. Shulardan kelib chiqib, loyihani qaytadan ko‘rib chiqib, vazifalarni aniq ko‘rsatgan holda taqdim etish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Boshqa bir deputat bojlar Davlat budjet daromadlarining asosiy qismini tashkil etishini aytib, agentlik ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birga o‘zlarini ham bojdan ozod qilishni nazarda tutayotganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, deputat o‘tgan yillar davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan bironta da’vo arizasi sudga kiritilmagani, aksincha agentlik tomonidan shu kungacha 22 ta ariza kiritilgani va ulardan bor-yo‘g‘i 10 tasi qanoatlantirilganini ta’kidladi.
Uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi. Loyihaga 81 nafar deputat ma’qullab, 32 nafari esa qarshi ovoz berdi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish lozimki, ko‘pchilikning ovozi ustun keldi. Shu bilan birga loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qattiq ishlash kerakligi ham hammaga birday ma’lum bo‘ldi. Kutamiz, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlashda nimalarga e’tibor qaratiladi, kimlarning takliflari qonunda o‘z aksini topadi.
Ahmad QURBONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 23.4.2025, №16