
Davlatimiz rahbarining shu yil 14-martda qabul qilingan qarori asosida Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi yurtimizda keng nishonlanishi benazir allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga molik bo‘lgan tarixiy voqeadir.
Buyuk olimning islomiy aqidashunoslik sohasida ulkan iz qoldirgani, o‘zining o‘lmas ta’limoti bilan sunniy islomning asosiy kalomiy yo‘nalishlaridan birini ilmiy asosda belgilab bergani, bu bilan islomiy fikr hamda e’tiqodning muvozanatli yondashuvini ta’minlagani butun dunyoga ma’lum va manzur.
Bilamizki, Moturidiyning bir qancha asarlari mavjud. Jumladan, "Kitobat-tavhid" kitobi islomiy kalom sohasidagi eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Unda Allohning sifatlari, islomiy aqida masalalari, taqdir va inson irodasi haqida keng, atroflicha fikr yuritilgan. Olimning yana bir kitobi - “Taaviloti ahlis-sunna" Qur’on tafsiri bo‘lib, unda ta’vil va tafsir metodologiyasi yuzasidan ilmiy qarashlar bayon qilingan. "Raddalal-Qarromiyya" va"Raddalal-Mu’tazila" asarlari ham o‘ta dolzarb bo‘lgan turli aqidaviy oqimlarga qarshi raddiya sifatida yozilgan.
Prezidentimizning Samarqandda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida “Kalom ilmining sultoni”, “Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam ma’naviy jasorat namunasidir”, degan e’tiroflari zamirida chuqur ma’no mujassam.
Davlatimiz rahbari tabrigida Imom Moturidiy merosini o‘rganishga mamlakatimiz miqyosida alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bu bejiz emas. Negaki, bugun dunyo miqyosida bo‘layotgan juda ko‘p noxushliklar ortida dinni to‘g‘ri tushunmaslik, uni turli oqimlar tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida buzib talqin qilish, aynan Moturidiyning ana shunday buzg‘unchiliklarga qarshi raddiya tarzida bitilgan asarlarini bilmaslik, olimning ogohlikka da’vat tarzida ilgari surgan g‘oyalariga rioya qilmaslik singari illatlar turibdi.
Ne baxtki, mamlakatimizda vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglik borasida qilinayotgan bemisl ishlarni butun olam o‘rgansa arziydi.
O‘ttizga yaqin mamlakatlardan yetmishga yaqin mutasaddilar ishtirok etgan Samarqand anjumanidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham xuddi shu aslida.
Mana shularni his etgan holda butun mamlakatimizda bo‘lganidek, viloyatimiz shahar va tumanlarida ham mazkur yo‘nalishda tushuntirish ishlarini olib borayotganimizni aytib o‘tish o‘rinli. Bunga misol tariqasida Namangan shahrining “Sharshara”, “Taraqqiyot”, “Yangi hayot”, “Diyor”, “Dambog‘” hamda o‘zim deputat bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumanining qator mahallalarida, ta’lim muassasalarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, shuningdek, O‘zXDP Namangan shahar va To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limlari bilan hamkorlikdagi tadbirlarimizni ko‘rsatish mumkin.
Taassufki, bugun dunyoning ayrim hududlarida muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalarini soxtalashtirish, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan buzg‘unchi harakatlar yangi-yangi shakllarda davom etmoqda. Shunday murakkab pallada mamlakatimizda olib borilayotgan ibratli ishlar butun olamdagi taraqqiyparvar kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti va bunda “Diniy muvozanat nizomi” deya atash mumkin bo‘lgan Moturidiya ta’limoti ezgulik sari yo‘llovchi mayoq vazifasini o‘tamoqda.
Ziyoviddin MANSUR,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 7.5.2025, №18