Yosh avlod tarbiyasi – partiya e’tiborida

 

O‘zbekistonda yoshlar siyosatini yanada rivojlantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – davlati siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham o‘z dasturiy maqsadlarida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sport va ma’naviy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 24 iyun kuni partiyaning Toshkent shahar kengashi hamda Yakkasaroy tuman kengashi tomonidan tumandagi 1-son bolalar sport maktabida tadbir tashkil etildi. Tadbirda ushbu maktabda futbol bilan shug‘ullanayotgan yoshlar Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi g‘oliblari – O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zolari Sadriddin Hasanov va Ne’matulloh Rustamjonov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining media va marketing bo‘limi rahbari, taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev bilan uchrashdilar.

Tadbirga taklif etilgan mehmonlar yoshlarga mehnatsevarlik, tartib-intizom va Vatanga sadoqat kabi insoniy qadriyatlarning hayotda qanday o‘rin tutishi haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida chempionlar bolajonlarga o‘zlarining shaxsiy imzolari tushirilgan esdalik sovg‘alarni topshirishdi. Bu kabi uchrashuvlar yosh avlod orasida sportni targ‘ib qilish, ularni Vatanga muhabbat va fidoyilik ruhida tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega. Buning isbotini chempionlar qo‘lidan sovg‘a olgan yoshlarimiz nigohida kelajakda ular xuddi shu qahramon sportchilar kabi mashhur sportchi bo‘lish orzusi alanga olganida ko‘rish mumkin edi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bundan keyin ham ushbu an’anani davom ettirib, yoshlarimizning bilim va iqtidorini rivojlantirishga, ularning sport hamda madaniyat sohasidagi yutuqlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim
← Roʻyxatga qaytish