Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida 7 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Dastlab “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokamadan o‘tkazildi.
Qayd etish kerakki, mazkur yo‘nalishdagi amaldagi qonun 1997-yilda qabul qilingan bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlashdagi zamonaviy talablarga, JSTning sanitariya-fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvi tamoyillariga javob bermaydi. Shuning uchun qonunchilikni takomillashtirishga, boshqacha aytganda, yangilashga zarurat bor edi. Xususan, oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashning xalqaro talablarini joriy etish, vakolatli organlarning vazifalarini aniq belgilash lozim.
Yangi qonun loyihasi 5-bob 44-moddadan iborat bo‘lib, aholi uchun qulay yashash sharoitlarni yaratishga, ularni xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan. Qonun loyihasining ijtimoiy ahamiyati yuqori ekani, Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga xizmat qilishi, shuningdek, uni tayyorlash jarayonida fraksiyamiz a’zolari faol ishtirok etgani hisobga olinib, loyiha qo‘llab-quvvatlandi.
Majlisda “Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasiga birinchi o‘qishda fraksiyamiz tomonidan e’tirozlar bildirilgan edi. Shularni hisobga olib, loyiha ijodkorlari ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bir qator o‘zgarishlar kiritdi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida har yili 1-mayga qadar ekin ekilmagan taqdirda mazkur yer uchastkasining ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘i stavkasi uch baravar miqdorda oshirilgan holda hisoblanishi belgilab qo‘yilmoqda. Vaholanki, birinchi o‘qishga kirgan tahrirda muddat 1-aprelgacha, yer solig‘i esa yerning ekin ekilmagan qismi uchun emas, balki butun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari uchun uch baravar soliqqa tortish ko‘zda tutilgan edi.
Muhokamalar uzoq davom etdi. Fraksiyamiz a’zolari ikkinchi o‘qishgacha kiritilgan o‘zgartirishlar yetarli emas, degan fikr bildirishdi. Qonun loyihasining rag‘batlantirish emas, asosan jazolashga yo‘naltirilganligi, amaldagi muhim me’yoriy hujjatlarga zid jihatlari hali ham borligi qayd etildi. Yakunda fraksiya a’zolarining ko‘pchiligi qonun loyihasini ma’qullamay ovoz berdi.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi har bir qonun loyihasi yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi. Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.