«Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi insonlar hayotini asrashda muhim qadam
«Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi insonlar hayotini asrashda muhim qadam

 

Yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan farzandimizga o‘qishga yoki mashg‘ulotlarga ketishi chog‘ida yo‘lda ehtiyot bo‘lishini, chorrahadan yolg‘iz o‘tmasligini qattiq tayinlaymiz. Yaqin insonimiz avtoulovda safarga otlansa, xavotirga o‘xshash muzdek nimadir yuragimizni tirnab o‘tadi: «Ishqilib, sog‘-omon qaytsin!». Piyodalar o‘tish joyida yashil chiroq yonib tursa-da, yurishga shoshilmaymiz, o‘qday uchib kelayotgan avtomashinaning g‘ildiraklari ostida qolib ketish qo‘rquvi bor.

O‘zimiz anglab-anglamay kundalik odatimizga singib ketayotgan bu savqi tabiiy hol aslida normal jamiyat uchun xos emas. Yo‘lda harakatlanish na piyodada, na haydovchida xavotir, hadik va asabiy taranglik uyg‘otmasligi kerak. Afsuski, yurtimizda buning aksi o‘laroq yo‘l-transport hodisalari bugunning dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolari qatorida turgani rost. Hatto lug‘atimizdan «avtoterrorist» so‘zi ham joy oldiki, kunda-shunda yo‘llarimizda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar, dahshatli fojialar, ziyolilarning ta’biricha, «insoniyatga qarshi jinoyat»lar keti uzilmayotir. Yo‘l qoidasini mensimay, yosh umrlarni zavol qilayotgan haydovchilarni beliga mina bog‘lagan xudkushga qiyoslashlarida jon bor.

Statistikaga yuzlanamiz. Mamlakatimizda 2023-yilda yo‘l harakati bilan bog‘liq jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd qilingan. Sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar kishi halok bo‘lgan. Bolalar bilan bog‘liq 1 ming 794 ta YTH tufayli 1 ming 568 nafar o‘g‘il-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. O‘tgan yili esa 9 ming 364 ta shunday hodisa yuz bergan. Ularda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan. Eng achinarlisi, 2 ming 203 nafar inson (ular orasida bolalar ham oz emas) YTH qurboni bo‘lgan.

To‘g‘ri, 2024-yilda yo‘l-transport hodisalari va ularda jarohatlanganlar, vafot etganlar soni 2023-yilga nisbatan kichik foizga bo‘lsa-da, kamaygan, biroq yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat hali ham to‘liq va samarali o‘rnatilmaganidan ko‘z yumolmaymiz.

O‘rganishlar o‘tgan yilgi YTHning 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodalarga yo‘l bermaslik, 3,7 foizi uxlab qolish, 22,8 foizi belgilangan tezlikka va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

 

Raqamlarda haqiqat yuki

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 1,3 milliondan ortiq odam – bu har 24 soniyada 1 kishi deganidir – yo‘l-transport hodisalari tufayli halok bo‘ladi. Yana 20 milliondan 50 milliongacha inson xuddi shu sabab turli jarohatlardan aziyat chekadi. YTHda kuzatilayotgan har 10 o‘limdan 9 tasi past yoki o‘rta daromadli mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, past daromadli mamlakatlarda dunyo avtomobillarining atigi bir foizi mavjud bo‘lsa-da, ularda YTH tufayli o‘lim xavfi yuqori daromadli mamlakatlarga qaraganda uch baravar ko‘p. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahlillari dunyo miqyosida YTH 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar o‘limining asosiy sababi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatayotir.

Ayonki, yo‘llarimizda ko‘p sonli hayot yo‘qotishlarining oldini olish mumkin. Buning uchun esa mamlakat transport tizimlari markaziga avtomobillarni emas, balki insonlarni qo‘yish, bolalar, piyodalar, velosiped va mototsikl haydovchilari, nogironligi bo‘lgan shaxslar kabi himoyasiz yo‘l harakati qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlash ayni zarurat.

O‘tgan haftada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida masalaning ushbu jihatiga alohida urg‘u berilgani bejiz emas.

– Har to‘rtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga o‘rtacha olti kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Shu nuqtai nazardan yo‘l infratuzilmasi xavfsizligini kuchaytirish, buning uchun esa, eng avvalo, yo‘lsozlik ishlarini yangi bosqichga chiqarish kun tartibiga qo‘yildi.

 

Oqilona yechim

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili BMT O‘zbekistonda harakat xavfsizligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, aynan yo‘l-transport hodisalari mamlakat taraqqiyoti va sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy muammo ekanini bayon qilgan edi. Tadqiqotda O‘zbekistonda xavfsiz yo‘llarga erishish uchun harakat xavfsizligini muntazam ravishda tekshirib borish, barqaror transport turlarini, jumladan, jamoat transporti, piyoda va velosipedda harakatlanishni keng targ‘ib qilish, yo‘llarni loyihalash standartlarini yangilash, zamonaviy transport tizimi talablaridan kelib chiqib yo‘llar va ko‘chalarning funksional tasnifini ishlab chiqish, tezlikni muvofiqlashtirish, jazo choralari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, sohada institutsional va insoniy salohiyatni mustahkamlash vazifalari dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Videoselektor yig‘ilishida mavjud muammolar yechimi o‘laroq belgilab berilgan aniq chora-tadbirlar mana shu vazifalarni to‘la-to‘kis qamrab oldi, desak, yanglishmaymiz.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yo‘l qurilishi va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan. Bu – 2017-yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p. Bundan tashqari, sohada onlayn murojaat tizimi ishga tushgach, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga keladiganlar 50 foizga kamaygan. Qoidabuzarliklarni sun’iy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilingan. Nafaqat markaziy hududlarda, balki ko‘plab tumanlarda ham yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, avtohalokatlar ehtimoli kamaytirilgan. Lekin 20 ta hududda YTH soni yuqoriligicha qolayotgani, umuman, bunday hodisalar oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizga yetgani bu borada mazmun-mohiyatan yangi yondashuvlarni tatbiq etishni taqozo qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, endilikda yurtimizda «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi ishga tushirilishi, «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishini eng to‘g‘ri yechimlardan, deyish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jamg‘armaning har bir viloyatda alohida hisob raqami bo‘ladi. Ichki ishlar tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxonalar ham viloyat tasarrufiga o‘tkaziladi.

Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘lishi, unga kelib tushayotgan mablag‘lar, birinchi navbatda, avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli joylarni tartibga solishga yo‘naltirilishi yana bir ahamiyatli jihatdir.

Shuningdek, yo‘llar bo‘yicha aholi fikrini o‘rganadigan elektron portal ochilishi, odamlar u orqali qayerga belgi, piyodalar yo‘lagi va svetofor kerakligi haqida ovoz berishi mumkinligi, portalga qilingan ishlarning video va fotolari ham qo‘yib borilishi tizimda interaktiv muloqotning shakllanishiga olib keladi. Bunday muloqot, so‘zsiz, yo‘lsozlikdagi muammolarining barham topishida fuqarolar ishtirokini kengaytiradi.

Yig‘ilishda yana bir muammo tilga olindi. Aytilishicha, hozirda avtomobil yo‘llarida 1 ming 200 dan ortiq qayrilib olish joyi bo‘lsa, shundan faqatgina 146 tasida yer osti va yer ustidan qayrilish mumkin. 10 mingdan ziyod piyoda o‘tish joylarining atigi 154 tasida shunday qulaylik bor. Shu bois Transport vazirligiga Jahon banki ishtirokida Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy hamda Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarning xavfsizlik talablariga mosligini diagnostika qilish topshirildi. Ushbu tahlillar asosida yo‘llarda qayrilib olish hamda piyodalar o‘tishini xavfsiz qilish, belgilar va chiziqlarni qulaylashtirish loyihalari ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

 

Asosiy muammo – haydovchilar madaniyati

2025-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari soni 4 million 522,1 mingtani tashkil etgan. Ularning 93 foizi yengil avtomobillar.

Turgan gapki, bu raqamlar yil sayin o‘sib bormoqda. Aholimizda shaxsiy avtomashinaga egalik qilishga, bugungi tezkor zamonda uning qulayliklaridan foydalanishga intilish, qolaversa, avtomobil sotib olish uchun kreditlar joriy etilishi, moddiy imkoniyatning ortishi avtoulovlar soni ortishiga olib kelayotgani quvonarli. Lekin bir yaxshining bir yomoni deganidek, ko‘plab rivojlangan davlatlarda piyodalar zonalari, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarini tashkil etish hisobidan avtoyo‘llarni qisqartirish tendensiyasi kuzatilayotgan hozirgi davrda bizda, ayniqsa, shahar joylarida piyodalar ko‘cha-ko‘yda bemalol yura olmay qolgan. Tig‘iz vaqtlarda yo‘llarda soatlab cho‘ziladigan tirbandliklar – bu endi jamiyat kayfiyatiga salbiy ta’sir qilayotgan omillardan.

Yig‘ilishda poytaxtda va boshqa yirik shaharlarda tirbandlikni keltirib chiqarayotgan sabablardan biri – ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklar binosi joylashgan ko‘chalarning yopib qo‘yilgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bunday holatlarga chek qo‘yib, barcha tashkilot va mahalla ko‘chalaridagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlashga ko‘rsatma berildi. Transport vazirligiga haydovchilar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha elektron platforma tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

E’tibor qilsak, yo‘llarda turli yoshdagi insonlar umriga zomin bo‘lish bilan bog‘liq holatlarga ehtiyotsizlikdan ham ko‘ra haydovchilarning belgilangan qoidalarni qasddan buzishi, jarima va qonuniy jazolardan qo‘rqmaslik, hayiqmaslik odatlari sabab bo‘layotganini ko‘ramiz. O‘tgan yili respublikamizda yo‘l harakati bilan bog‘liq qariyb 20 millionta qo‘pol qoidabuzarlik sodir etilgan. Ayrim haydovchilarda bu surunkali tus olgani ham ma’lum.

Endi bunday ashaddiy huquqbuzarlarga keskin chora sifatida «Surunkali qoidabuzarlar» dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi tomonga harakatlanish, qizil chiroqda o‘tish yoki tezlikni oshirish kabi qoidabuzarliklarni takroran sodir qilganlar uchun bir yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa, olti oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Me’yordan 2-3 karra tez yurganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilishgacha jazolanishi mumkin.

Jamiyatimizda haydovchilik madaniyati, piyodalarga yo‘l berish, masofa saqlash kabi ko‘nikmalar shakllanmas ekan, yuqoridagi kabi qat’iy jazolar bilan tiyib turish orqali yo‘llarda o‘limlar sonini kamaytirish mumkin va, bizningcha, hozirda maqbul chora ham shu!

 

***

Irina TOKAREVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

– Yo‘l-transport hodisalari jamiyat hayotining barqarorligiga, kishilar turmushiga, sog‘ligiga ta’sir qilayotgan jiddiy muammo. Bunday hodisalar sonini kamaytirish, yo‘llarda harakat xavfsizligiga erishish uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Xavfsiz yo‘l» milliy dasturi ishga tushirilishi har tomonlama maqsadga muvofiqdir.

«Xavfsiz yo‘l» milliy dasturini amalga oshirishda faqat mutasaddilar emas, barcha birdek ishtirok etmog‘i lozim. Chunki bu hammamizga daxldor masala. Axir barchamiz yo‘l harakati ishtirokchilarimiz, kimdir haydovchi, kimdir piyoda... Mazkur jarayonda haydovchilar bilan bir qatorda piyodalarning ham yo‘lda harakatlanish bo‘yicha bilimlarini, tartib-intizomini oshirish kerak, nazarimizda. Og‘riqlisi, yoshlarimiz orasida yo‘l qoidalariga bepisand qarash va e’tiborsizlik juda ommalashgan. Bu va buning ortidagi noxush oqibatlarga qarshi kurashish uchun ta’lim muassasalarida, mahallalarda faol tushuntirish ishlarini olib borish zarur.

Shu jihatdan endilikda maktab va bog‘chalarda harakat xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish dasturlari yangilanishi, «Yashil chiroq» musobaqalari qayta tiklanib, respublika g‘oliblariga Prezident sovg‘asi berilishi, yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha video va animatsion kontentlar yaratilishini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaymiz.

Videoselektor yig‘ilishida yurtimizda shaharlararo jamoat transporti tizimli yo‘lga qo‘yilmagani masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish choralari belgilandi. Poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab olishi, jamoat transportlari parki zamonaviy avtobuslar bilan to‘ldirilishi, natijada Toshkent shahrida 25 mingta yengil mashina qatnovi kamayishi aytildi. Shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlari ham yaxshilanishi, ular uchun bojxona bojidan imtiyoz qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Yo‘l harakati qoidalariga qat’iy bo‘ysunish qonuniy majburiyat va ijtimoiy mas’uliyat hisoblanadi. Bu mas’uliyatni qachonki har birimiz anglab, chuqur his qilsak, yo‘llarda insonlar, xususan, bolalar o‘limi bilan bog‘liq achinarli holatlar yuz bermaydi.

Demak, yo‘llarda xavfsizlik kafolati o‘z qo‘limizda.

 

Farida MAHKAMOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 16.7.2025, №28

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish