Alisher Pardayev: Tashabbuslarimiz parlament minbarida aks-sado bermoqda
Alisher Pardayev: Tashabbuslarimiz parlament minbarida aks-sado bermoqda

 

Surxondaryoni janub gavhari, deyishadi. Ushbu mintaqa o‘zining qator betakror xususiyatlariga ega. Foydali qazilmalarga boy, yiliga uch martagacha hosil olsa bo‘ladigan tabiiy sharoiti bor, aholisi mehnatsevar. So‘nggi yillarda viloyatda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borildi, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga katta e’tibor qaratildi.

Bugun suyagi mehnatda qotgan surxonliklarning hayotga qarashi boshqacha. Ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi ham ortgan, jamiyat taraqqiyoti, hududlar rivoji uchun qarorlar qabul qilish, munosabat bildirish ishlaridagi ishtiroki kengaygan. Bir so‘z bilan aytganda, surxon eli bir mushtga do‘nib, ezgu maqsadlar tezroq ro‘yobga chiqishi uchun birgalikda harakat qilmoqda. Islohotlar shiddatiga mos ravishda partiyamiz faollari ham faol ishlamoqda.

Ana shunday muhim pallada mahalliy Kengashlardagi XDP deputatlari nimalar bilan mashg‘ul, joylardagi partiyamiz tashkilotlari-chi? Shu savollarga javob topish maqsadida O‘zXDP Surxondaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari Alisher Pardayev bilan suhbatlashdik.

 

– Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?

– Aytish kerakki, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz joylarda partiyamiz elektorati manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan eng muhim kuchdir. Deputatlarimiz faoliyatiga nazar tashlasak, yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham borligiga amin bo‘lamiz.

Avvalo, ta’kidlash o‘rinliki, deputatlarimiz mahalliy Kengashlarda aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va kam ta’minlangan qatlamlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqmoqda. Ular o‘z vakolatlaridan samarali foydalanib, aholining muhim muammolarini hal etishda ham faol ishtirok etishyapti. Albatta, bu tashabbuslar partiya tashkilotlarining joylardagi faoliyati va deputatlik guruhlari bilan hamkorligi asosida amalga oshirilmoqda.

Bugun viloyatda partiyamizning 84 nafar deputati bor. Shundan 9 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati bo‘lsa, 75 nafari tuman va shahar Kengashlaridagi vakillarimizdir. A’zolarimiz soni 77000 nafardan ortiq, boshlang‘ich partiya tashkilotlari 783 tani tashkil etadi. Viloyatdagi bugungi o‘zgarish va yangilanishlarda, hududlar taraqqiyotida ularning hissasi borligi, ishtiroki oshib borayotgani quvonarli, albatta.

Shuni ham faxr bilan aytishim kerakki, hududlarda bilimli, salohiyatli deputatlarimiz juda ko‘p. Deputatlik guruhlari xalqning fikri va muammolarini, xohish-istaklarini yaxshi bilish, murojaatlarini eshitib, ularni hal etishda shijoatli va tashabbuskor bo‘lishga jon-jahdi bilan kirishgan.

So‘nggi paytlarda mahalliy vakillik organlari funksiyalarining tizimlashtirilishi, xususan, jamoatchilik nazoratiga oid vakolatlarning aniq belgilanishi kengashlar, deputatlar va joylardagi partiya tashkilotlarining rejali hamda samarali faoliyat yuritishi, sifatli qarorlar qabul qilishlariga yordam bermoqda.

Partiyamiz tashkilotlari va deputatlarimiz ham bu imkoniyatdan to‘liq foydalanyapti. Masalan, har bir mahalliy Kengashda aholining muammolari va ehtiyojlarini aniqlash uchun jamoatchilik fikrini o‘rganish va muhokama qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda parlament va deputatlik nazorati olib borilyapti. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarda deputatlik nazorati olib borildi va ular sessiyalar kun tartibiga kiritildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashishmoqda.

Jumladan O‘zXDP guruhlari tomonidan 2024 yilda 29 ta masala hamda 2025 yilning birinchi yarim yilligida 35 ta masala sessiyalarga kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, xalqni tashvishga solayotgan muammolarni turli darajadagi rahbarlarga olib chiqish, ularning hisobotini tinglash mexanizmidan samarali foydalanyapmiz.

Bu ko‘pmi yoki kam, degan xulosa qilmaymiz. Shunchaki, ko‘tarilgan har bir masala ortida inson manfaati, hudud rivoji turgan ekan, uning dolzarbligi, ahamiyati yuqori bo‘laveradi.

Odamlarimizni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlarning ijrosi, ya’ni, ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak. Muhimi – mana shu ishni sidqidildan bajarishda.

Masalan, joylardagi muammolarni o‘rganish, ularni hal etish, fuqarolarga huquqiy maslahat berish borasida muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, partiyaning Surxondaryo viloyati, tuman va shahar kengashlari qoshidagi “Jamoatchilik qabulxonalari”ga fuqarolar tomonidan jami 182 ta murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 130 tasi, ya’ni, 71 foizi partiya mas’ul xodimlari hamda deputatlarimiz ishtirokida ijobiy hal qilishga erishildi. Kelib tushgan murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganida 32 tasi kommunal, 16 tasi bandligini ta’minlash, 24 tasi ijtimoiy masalalar va sog‘liqni saqlash, 15 tasi uy-joy, yer olish, 8 tasi bankdan kredit olish masalasida, 26 tasi moddiy yordam, 23 tasi ish haqi, nafaqa va pensiyalarni o‘z vaqtida ololmayotganliklari yuzasidan, 16 tasi ta’lim va 22 tasi boshqa masalalar bo‘yicha ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, 3 342 marotaba partiya dasturiy maqsad va g‘oyalari targ‘ibotiga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularda 170 mingdan ortiq fuqarolar qamrab olindi.

Deputatlar tomonidan fuqarobay, xonadonbay aholi muammolarini o‘rganish maqsadida 650 dan ortiq mahalalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, unda 20 125 nafar aholi qatnashdi, ushbu sayyor qabullarda 9 mingdan ortiq muammoli masalalar ko‘tarilib, aksariyati ijobiy hal etildi.

– Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?

– Yuqorida ta’kidlaganimdek, deputatlarimiz, partiyamiz tashkilotlari bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surib, ijtimoiy adolat va aholi manfaatlarini himoya qilishda faollik ko‘rsatmoqda. Biz aholi bilan muloqotni kuchaytirish, muammolarni ijobiy hal etish, ijtimoiy himoya tizimida deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida katta sa’y-harakat qilyapmiz.

Ammo ayrim masalalarda kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Yanada faol ishlash, katta-katta tashabbuslar bilan chiqish uchun ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bor, shundan unumli foydalanishimiz kerak.

Chunki elektorat manfaatlari yo‘lida bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlar talaygina. Partiyamiz deputatlari bu boradagi nazorat-tahlil ishlarini izchil olib borsa, kamchiliklarni ochiq-oydin tahlil etsa, ko‘p muammolar yechiladi, ehtiyojmand aholi vakillarining og‘iri yengil bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Shuni ham aytishim kerakki, deputatlarimizning mutasaddi tashkilotlarga yuborayotgan deputatlik so‘rovlari ham javobsiz qolmaydi. Aholi bilan uchrashuvlardayam eng ko‘p murojaatlar bizga bildiriladi. chunki ko‘tarilgan masalalar hal etilgach, natijasi yetkaziladi, odamlar o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

Sessiyalarda, doimiy komissiya yig‘ilishlarida biror jo‘yali taklifimiz inobatga olinmasdan qolsa, tortishamiz, fikrimizning asosli ekanini isbotlash uchun kurashamiz. Ammo ayrim deputatlarimizda tashabbus yetishmaydi. Ochig‘ini aytish kerak, muammo va murojaatlardan qochib yuradigan deputatlar ham yo‘q emas. Aytaylik, partiyaning amaliy Harakat dasturida partiya guruhlariga yuklatilgan vazifalarga e’tiborsiz qarab kelayotgan partiya guruhlari ham bor. Masalan, viloyatimizda ichimlik suvi muammosidan qiynalib kelayotgan hududlar mavjud. Qishloqlarda, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, issiqlik ta’minoti masalasi, elektr energiyasi, tungi chiroqlar yo‘qligi bilan bog‘liq qator muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.

Ushbu masalalarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining axborot va hisobotlari yetarlicha eshitilmasdan qolmoqda. Aksariyat hollarda partiya guruhlari masalani muhokamalarga olib chiqish bilan cheklanib, qabul qilingan qarorlar ijrosi nazoratsiz qolish holatlari kuzatilyapti. Vaholanki, eng muhimi, erishiladigan natijadir. O‘z ishiga vijdonan yondashadigan deputat ertaga saylovchilar huzuriga nima deb borishi haqida ham o‘ylab ko‘radi.

Tashabbuslar “qog‘ozda” qolib ketmasligi kerak. nima demoqchiman? Aytaylik, deputatlarimiz sessiyada elektorat manfaatini himoya qilish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Sessiya buni inobatga oladi, tegishli qaror qabul qiladi, lekin ularni amalga oshirish uchun yetarli nazorat tizimi yoki ijro mexanizmlari mavjud emas. Bu esa tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishida sustkashlikka olib keladi. Sessiyada qabul qilingan qaror ijro etilishi shart va zarur. chunki buning ortida yuzlab insonlar manfaati turibdi. Deputatlar sessiyalar qarorlari ijrosini ham qat’iy nazorat qilishi kerak, deb o‘ylayman.

Faoliyatimiz qachon ijobiy tendensiya tomon siljishiga to‘xtaladigan bo‘lsam, buning uchun partiya tashkilotlari, deputatlik guruhlari va parlamentdagi vakillarimiz barchasi bir musht bo‘lib harakat qilishi kerak. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda ular o‘rtasidagi aloqa sezilarli darajada yaxshilandi. Hozir quyida bildirilgan tashabbuslarimiz parlament minbarida aks-sado bermoqda. Bu yaxshi natija, albatta.

– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarga to‘xtaldik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz. Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda 20 ta hududiy yangi boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuzildi.

Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy ongini shakllantirishga partiya tomonidan katta ahamiyat berilmoqda.

Partiyamiz tizimida o‘tkaziladigan “Yosh siyosatchi” ko‘rik-tanlovi orqali bizga xayrixoh bo‘lgan yoshlar safi kengayib bormoqda. O‘tgan yili ushbu loyiha orqali 2846 nafar yangi a’zolar partiyamiz atrofida birlashdi.

Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan “Deputat mahallada” loyihasi orqali 700 dan ortiq mahallaga kirib bordik. 500 dan ortiq hududlarda “Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish” loyihasi doirasida amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Shuning uchun ham kelgusi faoliyatimizda partiya safini kengaytirish, saylovchilar mehrini qozonish, aholiga yanada yaqinlashish bo‘yicha katta loyihalarni rejalashtirganmiz.

To‘g‘ri, faoliyatimizda muammolar ham bor va ularni birdaniga to‘liq bartaraf etish oson emas. Lekin partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish uchun bor kuch-imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalangan holda qat’iy harakat qilamiz.

Agar biz faoliyatimizni bugungi kun talablaridan kelib chiqib, raqamlashtirish jarayonini samarali tatbiq etgan holda zamonaviy standartlar asosida tashkil etsak, ishimizning ta’sirchanligi oshadi, deb o‘ylayman.

Saylovoldi dasturimizda katta g‘oyalar o‘rin olgan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yaxshi tashabbuslar ilgari surilgan, odamlarimizning talab va ehtiyojlari hisobga olingan. Ular shunchaki gap emas, elektoratimiz manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz va jamiyat rivojini ko‘zlagan aniq maqsad-muddaolardir. Hozir joylarda dastur ijrosiga qat’iy va jiddiy kirishilgan. Ana shu jarayonda har bir faolimiz o‘z taklifi va ishtiroki bilan qatnashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Shu sababli, biz natijaga erishish uchun harakat qilishga va bu maqsadlar yo‘lida hamjihatlikda ishlashga tayyormiz!

 

***

Shu kuni viloyat partiya kengashi raisi bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. Biz Surxondaryodagi deputatlarimiz va partiya tashkilotlari faoliyatining uchqunlari haqida suhbatlashganimizni yaxshi bilardik. Buni gazetaning bir sahifasiga sig‘dirishning iloji ham yo‘q, albatta.

Ko‘rinib turibdiki, vazifalar ko‘lami keng, shunga yarasha amaliy ishlar ham ko‘p. Eng muhimi, shuncha imkoniyat, shuncha e’tibor. Hamma gap imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishda, maqsad-muddaoning mohiyatini to‘g‘ri tushunib, uni amalda qo‘llashda, aslida.

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Laziza SHEROVA suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 13.8.2025, №32

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish