Surxondaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan Аngor tumanidagi “Farid” o‘quv markazida yoshlarimizning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan “Imkon” aksiyasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Unda 18-30 yoshdagi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning xorijiy tillarga qiziqqan farzandlari ishtirok etdi. Aksiyaning dastlabki 3 oyida viloyat bo‘yicha 100 nafar yoshlar qamrab olingan bo‘lsa, undan keyingi davrlarda qamrovni yanada ko‘paytirish maqsad qilingan.
Qolaversa, keyingi bosqichlarda ayollar, imkoniyati cheklangan yoshlar, taʼlimdan chetda qolgan insonlar uchun ham shunday loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bunday loyihalar yoshlarning bilimini oshirishga, mutaxassis sifatida yuksalishiga yo‘l ochishi bilan birga mustaqil hayot tarziga qadam tashlashiga zamin yaratadi.