Xalqaro hamkorlik islohotlarga impuls beradi
Xalqaro hamkorlik islohotlarga impuls beradi

 

Bugungi kunda mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyot – global siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ana shunday tarixiy davrda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti navbatdagi «ShHT plus» formatidagi sammitini o‘tkazdi. Bu faqat rasmiy sammit emas – bu davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlarning uyg‘unlashuvi, umumiy kelajak sari tashlangan muhim qadamdir.

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining asosiy a’zolaridan biri sifatida, ushbu nufuzli tuzilmaning siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik yo‘nalishlaridagi faoliyatida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Mamlakatimiz ShHT maqsad va vazifalariga sodiq qolgan holda, tashkilot doirasida o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va suverenitetga hurmat tamoyillarini ilgari surib kelmoqda.

Tan olish kerakki, “ShHT plus” formati global muloqotning yangi imkoniyatlarini ochib berishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda “ShHT plus” formati xalqaro hamkorlikning ishonchli va samarali platformasiga aylanib bormoqda. Bu tashabbus mamlakatlar o‘rtasidagi ochiq muloqot, o‘zaro anglashuv va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston esa mazkur formatda faol ishtirok etib, mintaqa va undan tashqaridagi hamkorlar bilan ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosat olib bormoqda.

“ShHT plus” – bu nafaqat siyosiy dialog, balki iqtisodiy, madaniy va insonparvarlik sohalarida ham hamkorlikning yangi darajasi demakdir. Ushbu platforma orqali O‘zbekiston o‘zining ochiq tashqi siyosatini yanada kengroq namoyon etib, mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyotga hissa qo‘shmoqda.

Xo‘sh, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda, ayniqsa, ushbu tashkilot doirasida eng muhim ahamiyati yana qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi?

Birinchidan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo markazidagi geostrategik joylashuvi, uni ShHTning siyosiy va iqtisodiy qarorlari uchun muhim yo‘naltiruvchi markazga aylantiradi. Mamlakatimiz nafaqat ShHT a’zolari o‘rtasidagi transport va logistika zanjirlarida muhim bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi, balki mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda ham faol ishtirok etmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston ShHT doirasidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lgan radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Mamlakatimiz hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, axborot almashinuvini kuchaytirish va qo‘shma harbiy mashqlarda ishtirok etish orqali xavfsizlik sohasidagi o‘z majburiyatlarini sidqidildan bajarib kelmoqda.

Uchinchidan, ShHTning iqtisodiy potensialidan samarali foydalanish, integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarida ham O‘zbekiston faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz, ayniqsa, transport yo‘laklari, “yashil” energetika, raqamli iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda ShHT a’zolari bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashni maqsad qilgan.

To‘rtinchidan, O‘zbekistonning tashqi siyosatida ShHT alohida o‘rin egallaydi. Davlatimiz ko‘p qutbli dunyo tartibini qo‘llab-quvvatlaydi, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan inklyuziv, pragmatik va muvozanatli hamkorlikni ustuvor, deb biladi. ShHT sammitlari doirasida O‘zbekistonning siyosiy tashabbuslari ko‘pincha boshqa a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, bu esa mamlakatimiz tashqi siyosiy nufuzining ortib borishidan dalolat beradi.

Beshinchidan, xavfsizlikni ta’minlash masalalari, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, energetika va logistikadagi hamkorlik, madaniy-gumanitar munosabatlar haqida keng qamrovli muzokaralar olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston ShHT doirasidagi barcha tashabbuslarda faol ishtirok etib, mintaqada barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin egallab kelmoqda. Bugungi qarorlar – ertangi tinch, farovon va mustahkam mintaqa poydevoridir.

 

G‘olibjon MAHAMMADJANOV,

Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (Phd)

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish