SHHT: muloqot va hamkorlikning yangi bosqichi
SHHT: muloqot va hamkorlikning yangi bosqichi

 

So‘nggi yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti jahon hamjamiyati uchun muhim siyosiy va iqtisodiy platformaga aylandi, desak yanglishmaymiz. Tashkilotda qabul qilinayotgan qarorlar xalqaro munosabatlarning yo‘nalishini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonning SHHTdagi ishtirokida pragmatizmga katta e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, respublika tomonidan tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, siyosiy-mafkuraviy maqsadlardan xoli bo‘lgan takliflar va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ular mamlakatning milliy manfaatlariga hamda mintaqada barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga mos keluvchi muhim sohalarni qamrab oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tyanszin shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ilgari surgan tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va jahon uchun katta ahamiyat kasb etdi.

Xususan, SHHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish tashabbusi ilgari surildi. Bu bejiz emas. Chunki zamonaviy dunyoda izolyatsiya emas, balki kengayish va muloqot orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin. Global Janub davlatlarining qo‘shilishi esa SHHTni xalqaro maydonda yanada nufuzli, ta’sirchan kuchga aylantiradi.

Iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yo‘nalishlarda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda o‘z ta’sirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.

Shu o‘rinda, SHHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolmoqda. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini ta’minlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda.

Yana bir muhim tashabbus xavfsizlik — umumiy manfaat masalasiga qaratilganligi bilan dolzarb. Ya’ni yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash, 2030-yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash, “SHHT —Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini faollashtirishdir. Prezidentimizning bu tashabbuslari mintaqa tinchligi uchun tayanchdir. Yadro xavfsizligi deklaratsiyasi — global barqarorlikka qadamdir.

So‘nggi yillarda terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarib bormoqda va kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va uning aylanmasi ham o‘sib bormoqda. Shuningdek, uyushgan jinoyatchilik kuchayib borishining oldini olish hamda ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Bu dunyoda tobora avj olayotgan terrorizm va ekstremizmning hamda giyohvandlikka qaramlikning oldini olish borasida munosib yechim bo‘ladi.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratish, xususan, savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash hamda mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish taklifi esa mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Shuningdek, Shimol — Janub va Sharq — G‘arb yo‘nalishlarida transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Yo‘llar taraqqiyot tomoniga olib boruvchi ko‘prik bo‘lib, ushbu tashabbus mintaqani jahon logistikasidagi strategik markazga aylantiradi.

Sammitning eng muhim natijasi Toshkent shahrida doimiy faoliyat yuritadigan organ — SHHTga a’zo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazini tashkil etish va buning ortidan Axborot xavfsizligi markazi ham faoliyat boshlashi bo‘ldi. Endi Toshkent nafaqat mintaqa, balki butun SHHT makonida xavfsizlikning asosiy tayanchiga aylanadi.

Prezidentimiz tashabbuslarini SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari va sammit ishtirokchilari qo‘llab-quvvatladilar. Buning asosiy sababi, xalqaro kun tartibi uchun O‘zbekiston rahbari tomonidan qo‘yilayotgan har bir masala mintaqaviy ahamiyatga ega ekani hamda barcha mamlakatlar manfaatlari uchun mos kelganidadir.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
 
 
 
 
 
 
 

Teglar

Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish