
O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida e’tirof etilib, Konstitutsiyada qat’iy muhrlandi. Tabiiyki, amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi ushbu mezonga yo‘naltirilmoqda. Xalq manfaatlari, aholining xohish-irodasini inobatga olgan holda qarorlar qabul qilinib, tizimli chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘lib, ushbu amaliyot 2021-yilda tajriba tariqasida o‘tkazildi. U asosida budjet mablag‘larini taqsimlashda adolatli mexanizm shakllantirilib, hududlar birdek bundan bahramand bo‘lmoqda. Muhimi, ushbu amaliyot uchun ajratilayotgan mablag‘ hajmi yildan-yilga ortib bormoqda.
Asosiysi, hamyurtlarimiz o‘z hududlari hayotiga daxldor loyihaning g‘olib bo‘lishi uchun faol ishtirok etmoqda. Sog‘lom raqobat muhiti shakllandi. Mahallalarning hamjihatligi ortgani, hamma qo‘lidan kelganicha ovoz to‘plash uchun hissa qo‘shishga intilgani — mana shu demokrtiyaning chinakam ifodasidir. Xalq o‘zi yashab turgan hududning rivojlanishiga befarq emas va maqsadga erishish yo‘lida bir musht bo‘lishning uddasidan chiqmoqda. Aytish kerakki, bu jarayon daxldorlikni, islohotlarda nafaqat ishtirokchi, balki tashabbuskorlikni oshirmoqda.
Yaqinda tizimda yana bir o‘zgarishga qadam tashlandi. Gap shundaki, davlat rahbarining 29-avgust kuni “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat Qonunchilik palatasi deputatlarining siyosiy faolligini oshirish, ularning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, hududlarda ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etish vositasi sifatida tashabbusli budjet mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjatning yo‘nalishlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Davlat budjetidan mazkur loyiha uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar yanada xalqqa yaqinlashishini ko‘rish mumkin. Ya’ni, deputatlarning ijtimoiy masalalardagi rolini oshirish maqsadida hujjatda bir qator asosiy vazifalar belgilandi. Shuningdek, Qonunchilik palatasida tashabbusli budjet jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish bilan bog‘liq tartib-qoidalar ham inobatga olingan. Buning uchun quyi palata vakillaridan iborat parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilgan. Xalq vakillarining vakolatlarini oshirishga qaratilgan muhim jihatlaridan biri esa “Ochiq budjet” portalida deputatlar tashabbusi bilan ilgari surilgan alohida loyiha toifasi joriy etiladi. Ushbu toifadagi loyihalarga ham tashabbusli budjetning umumiy loyihalariga qo‘yilgan mezonlar tatbiq etiladi.
Qarorning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bir necha yildan beri shakllangan “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada takomillashtirish maqsad qilingan. Chunki ushbu amaliyot o‘zini oqlab kelmoqda. Xalq budjetni boshqarishda, uning nazoratida bevosita ishtirok etyapti. Yildan-yilga ayrim kamchiliklar to‘ldirilib, yanada xalqchilligi hamda ko‘proq aholining ishtiroki ta’minlanmoqda.
Yana bir e’tiborli tomoni, bu loyiha yurtdoshlarimizni bir-biriga yaqinlashtirib, jipslashishiga, joylardagi masalalarni birgalikda hal etish, jamoaviy qaror qabul qilishga, birlashishiga hissa qo‘shmoqda. Shu bilan bir qatorda, g‘oliblikka erishgan tashabbuskorlar o‘z yutuqlarini birgalikda nishonlamoqda. Men ushbu holatni birdamlikni, hamjihatlikni nishonlash deb baholagan bo‘lardim va bu odamlarni yangi tashabbuslarga rag‘batlantirmoqda. Natijada biror-bir ijtimoiy hodisaga nisbatan birlashish, albatta, uni yengishga asos bo‘lishini his qilmoqda.
Eng katta yutuq sifatida esa xalqning befarqligini bartaraf etib, daxldorlik hissini oshirayotganini ta’kidlashni istardim. Sababi, tashabbusli loyihalarning shakllanishidan tortib, uning g‘alaba qozonishigacha bo‘lgan jarayonda fuqarolarning o‘zi bosh-qosh bo‘lyapti, maqsadga erishish yo‘lida yangi g‘oyalar kashf qilyapti.
Qabul qilingan qaror esa bu jarayonni yanada takomillashtirish, davomiyligi hamda uzviyligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Asosiysi esa, deputatlarning faolligi hamda saylovchilar oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishdan iborat.
Qarorga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” loyihasi endilikda yiliga ikki marta amalga oshiriladi va har mavsumda bittadan tegishlicha ovoz to‘play olmagan loyihani deputatning taklifi bilan amalga oshirish imkoni beriladi. Bu orqali tashabbusli budjet doirasida deputatlarning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Gap shundaki, hujjat bilan deputatlar “Ochiq budjet” portalida saralashdan o‘ta olmagan, biroq aholi uchun muhim bo‘lgan har bir fasl uchun bitta loyihadan, jami ikkita loyihani g‘olib deb e’lon qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Bilamizki, mazkur loyihaga har bir hududning mahalliy daromadlari hisobidan shakllantirilgan mablag‘lar yo‘naltiriladi. Yangi tartibga ko‘ra esa respublika budjetidan moliyalashtiriladigan loyihalar ham tanlanadi. Ya’ni, 2026-yil 1-yanvardan deputatlar har yili “Tashabbusli budjet” jarayonlarida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayoti va hududni rivojlantirishga ta’sir qiladigan 2 ta loyihani (har mavsumda 1 tadan) “Ochiq budjet” axborot portalida tanlaydi. Mazkur tanlov loyihani respublika budjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur jarayonlarda g‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga 1 yilda 2 mavsumga BHMning 8 ming baravari miqdorida mablag‘ har yilgi respublika budjetida nazarda tutiladi.
Bu bilan ikkita masalada o‘zgarishlar kutilmoqda. Avvalo, davlat budjetining ochiqligi, shaffofligi ta’minlanadi. Masalan, Qonunchilik palatasi deputati uchun mablag‘ yo‘naltirilishi, alohida sahifa ochilib, tanlov asosida loyihaning amalga oshirilishi mas’uliyatlilik talab qiladi. Ikkinchi tomoni esa xalq vakilining saylovchilar bilan yana bir bor muloqotga kirishishiga, yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi. Albatta, bu deputatdan chuqur mas’uliyat, alohida yondashuv, tashabbuskorlik va hududlar hayotidan yaxshi xabardor bo‘lishi talab etiladi.
Aytaylik, bir saylov okrugida kechiktirib bo‘lmaydigan biror masala bo‘lishi mumkin va u tanlovda g‘alaba qozona olmadi. Ana shu vaziyatda deputatga berilgan imkoniyat qo‘l keladi. Chunki davlat deputatlarni saylov okruglaridagi ijtimoiy muammolarni hal etish uchun zarur resurslar bilan ta’minlaydi.
Shu bilan birga, “Tashabbusli budjet” loyihalarini moliyalashtirish ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga hissa qo‘shadi. Bevosita hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolarining nafaqat bilvosita, balki bevosita ishtirokiga olib keladi. Alal-oqibat, yuqoridagi vazifalar ijrosi loyihalarni amalga oshirishda davlat-jamiyat sherikligi modelini joriy etadi.
Endi, qarorning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratsak. Deputat nimaga asoslanib loyiha tanlaydi? Tabiiyki, xalq bilan olib borilgan muloqotlarda ko‘tarilgan masalalar o‘rganiladi. Xususan, har yili 1-maygacha deputatlar saylovchilar bilan muloqot asosida shakllantirilgan takliflarni ijro hokimiyati organlariga taqdim etadi. Natijada aholining hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan ikkita loyihani tanlab, ularni respublika budjeti hisobidan majburiy moliyalashtirishga kiritadi.
Shu o‘rinda qaror bilan joriy etiladigan yana bir yangilikka to‘xtalsam. Unda sheriklik mexanizmi, ya’ni, “davlat + aholi” tartibi ham yo‘lga qo‘yiladi. Aytaylik, agar loyiha qiymatining 50 foizi aholining o‘z hissasi hisobidan moliyalashtirilsa, qolgan qismi respublika budjeti hisobidan qoplanib beriladi. E’tiborlisi, bunday loyihalar avtomatik tarzda g‘olib deb e’tirof etiladi.
Diqqatga sazovor boshqa jihati shundaki, mahallalarning ishtirokidagi cheklovlar yumshatilmoqda. Joriy yilning 1-sentabridan aholisi kam (15 tadan kam mahalla) bo‘lgan aholi punktlarida, ketma-ket ikki marta g‘olib bo‘lgan mahallalarning uchinchi marta qatnashishiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi. Ammo bu cheklov sheriklik asosidagi loyihalarga taalluqli emas.
Ko‘rib turganingizdek, bu o‘zgarishlarning barchasi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yanada rivojlantirish maqsadida joriy etilmoqda.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 10.9.2025, №36