
Hech bir davlat o‘z-o‘zidan izchil rivojlana olmaydi. Hamkorlikni, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish xalqning farovonligini oshirish, davlatning mavqeini mustahkamlashda eng muhim omillardan biridir. Ayniqsa, tarixi, ijtimoiy psixologiyasi va iqtisodiyoti o‘zaro o‘xshash hamda bir-birini to‘ldiradigan davlatlarning hamdo‘stligi bugungi global dunyoda nihoyatda muhim. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik shu jihatlarga asosan davlatimiz va xalqimiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tgan TDTning navbatdagi sammiti, unda bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan takliflar turkiy xalqlar jamoatchiligi bilan birga, xalqaro jamoatchilik va ekspertlar diqqat-markazida turibdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston dunyoda nufuzi ortib borayotgan mazkur tashkilot safida barcha mamlakatlar uchun manfaatli bo‘lgan hayotiy tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Bu tashabbuslar bosqichma-bosqich amalga oshmoqda. Xususan, tashkilotning 2022-yilda o‘tgan Samarqand sammitida yangi iqtisodiy imkoniyatlar umumiy makonini barpo etish va Turkiy investitsiya jamg‘armasini ishga tushirish tashabbusi ko‘tarilgandi. Qisqa vaqt davomida tashabbuslarning aksariyati deklarativ darajadan amalga oshish bosqichiga o‘tdi. Turkiy investitsiya jamg‘armasi bugungi kunda qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish taklifi faol muhokama jarayoniga chiqdi.
Tashkilotning Samarqand sammitida Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida turkiy davlatlar hamkorligi faol amaliy bosqichga o‘tmoqda. Iqtisodiyot, investitsiya, ijtimoiy hamda ma’rifiy munosabatlar izchil integratsiya davriga kirib bormoqda.
Gabaladagi sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qardosh xalqlar farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnoma tez fursatda qabul qilinishi qo‘llab-quvvatlandi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqildi.
Davlatlar iqtisodiyoti va xalqlarning ijtimoiy hayotida hamkorlikni izchil rivojlantirib borish keng qamrovli yondashuvni talab qiladigan murakkab va qizg‘in jarayon. Bu borada 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan strategiya muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Lekin endilikda oldinda yangi vazifalar, yangi natijalarga erishish mas’uliyati turibdi. Shuning uchun davlatimiz rahbarining 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyani belgilab olish taklifi chuqur hayotiy asoslarga ega.
Turkiy davlatlar umumiy aholisi 175 million nafardan ortiq bo‘lib, xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha umumiy yalpi ichki mahsulot 5,6 trln dollarga yetarkan. 2024-yilda tashqi savdo aylanmasi 1,2 trln dollardan oshgani holda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo ulushi bu raqamda salmoqli o‘ringa chiqib ulgurgani yo‘q. Shuning uchun iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirishga ehtiyoj yuqori.
Sababi, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari iqtisodiyotlari ko‘p tomonlama bir-birini to‘ldiruvchi, albatta, qo‘llab-quvvatlovchi xususiyatlarga ham ega. Xalqlarimizning an’anaviy turmush tarzi, kundalik iste’mol va xarid ehtiyojlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bir-biriga juda yaqin. Yechimini kutayotgan ijtimoiy masalalarimiz o‘xshashib ketadigan holatlar oz emas. Demak, mamlakatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy integratsiyani rivojlantirish bo‘yicha ham keng va katta imkoniyatlar bor.
Yaqin hamkorlik, bordi-keldini ko‘paytirish, o‘rtadagi masofani yaqinlashtirish uchun birinchi navbatda ishonchli yo‘l, shunga mos infratuzilma kerak. Mustahkam va doimiy yo‘llarsiz strategik hamkorlikni izchil olib borish qiyin.
O‘zbekiston Prezidenti O‘rta koridorni rivojlantirish, uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatlagani, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidlagani shu jihatdan dolzarb ahamiyatga egadir.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, davlatlarimiz o‘rtasida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqilishi lozim. Hozirga qadar tashkilot doirasida Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risida bitim imzolanishidan tashqari, ruxsatnoma tusidagi hujjatlarni raqamlashtirish, xavflarni boshqarish va vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilgan. Shu bilan birga, faol va tez o‘zgaruvchan texnologik taraqqiyot davrida hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda qamrab olish, izchillik bilan davom ettirish lozim bo‘lmoqda.
Har bir yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish siyosiy, iqtisodiy munosabatlar bilan birga, ilmiy-amaliy yaqinlik kengayishiga ham bog‘liq, albatta. Shu ma’noda O‘zbekiston rahbari yurtimizda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qilishi barchamiz uchun yana bir quvonchli xabar bo‘ldi. Qo‘shma tadqiqot va innovatsiyalar ildizi chuqur xalqlarimizning hamjihatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Turkiy davlat tashkilotining istiqboliga ishonganlar ko‘p. Avvalo xalqlarimiz qalbidagi o‘zaro mehr-muhabbat yorqin istiqbolning manbai, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, qardosh davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi, bag‘rikengligi va diplomatik shijoati hali katta yutuq va natijalarni olib keladi.
Qardosh xalqlar bir fikrda sobitligi ko‘rinmoqda: katta hudud, salmoqli aholi, uzviy tarix hamda keng imkoniyatlarga ega turkiy xalqlarning qat’iy hamkor bo‘lishi murakkab global sharoitda munosib pozitsiyada turishimizda hammamiz uchun nihoyatda muhimdir.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.