Yuqori Chirchiq tumanida “Siyosatchi ayol–2025” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

 

Yuqori Chirchiq tumani Axborot kutubxona markazida “Siyosatchi ayol-2025” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ko‘rik-tanlov O‘zbekiston XDP tuman kengashi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘limi, tuman “Nuroniy” jamg‘armasi, tuman Axborot kutubxona markazi hamkorligida tashkil etildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gendir tenglikka erishish strategiyasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, xotin-qizlar salohiyatidan samarali foydalanish, yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan olti nafar xotin-qiz ishtirok etdi.

Tanlov ishtirokchilari tanishuv, siyosiy hozirjavoblik, xotin-qizlar muammosini hal etishning eng samarali yo‘li kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Qizg‘in ruhda o‘tgan ko‘rik-tanlovda Axborot kutubxona markazi mutaxassisi Zulayxo Elibayeva g‘olib deb topilib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa 17-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Anora Berdiyeva va tuman Axborot kutubxona markazi mutaxassisi Yulduz Abduxalikovalar egallashdi.

Ko‘rik-tanlov hay’ati a’zolari tomonidan tumandagi 14-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Mazluma Abidova, 9-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Gulsin Masaliyeva, 6-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Kamola Qodirovalar faol ishtirokchi sifatida e’tirof etildi.

Barcha g‘oliblar va faol ishtirokchilar O‘zbekiston XDP tuman kengashi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘limi tomonidan diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 

Latif MANSUR,

O‘zbekiston XDP Yuqori Chirchiq tuman kengashi raisi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim
← Roʻyxatga qaytish