Munosabat
Munosabat

 

Xalq demokratik partiyasi o‘z faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlarni olib bormoqda.

Bloger Nikita Makarenko tomonidan partiyamizga murojaat qilinib, ayrim e’tirozli holatlar yuzasidan post qoldirilgan. Ushbu postda ko‘tarilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Ta’kidlash joiz, partiyamizga mamlakatimizdagi ko‘plab hurmatli insonlar a’zo bo‘lgani bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi va mas’uliyatga undaydi.

Partiyamizdan saylangan har bir deputat, mas’ul xodim o‘zini munosib tutishiga, qonunlar, jamiyatdagi tartib-qoidalarga rioya etishiga alohida e’tibor qaratamiz. Bu masalaga diqqatimizni susaytirmaymiz.

Blogerning murojaatida qayd etilgan Yelena Babenko 2019-2024 yillarda partiyamizdan Oliy Majlis deputati sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari tuman (shahar) yoki viloyat Kengashi deputati emas. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ro‘yxatini palataning rasmiy saytidan hamda partiyamizning rasmiy saytidan bilib olsa bo‘ladi.

Shuning uchun uning faoliyati yoki shaxsiy fikr va qarashlarini partiyamizning Odob-axloq qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘rib chiqishning asosi yo‘q.

Albatta, kasbi, vazifasidan qat’iy nazar, har bir shaxs yurtimizdagi hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlashi, millatlararo munosabatlarda yuqori madaniyat ko‘rsatishi, qonunlarga itoat qilishi lozim. Xalq demokratik partiyasining ustuvor g‘oya va maqsadlaridan biri ham ijtimoiy birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashdir.

Postda partiyaning matbuot xizmati aloqa ma’lumotlarini topa olmagani bildirilgan. Partiyamizning rasmiy saytida barcha aloqa ma’lumotlari joylashtirilgan, telefon raqamlari, elektron pochta ishlab turibdi. Shu bois, barcha fuqarolar, ayniqsa, jamiyatimizning faol qatlami bo‘lgan shaxslar ma’lum bir masalada munosabat bildirganida faktcheking qilsa va rasmiy manbalarga tayansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Hurmatli Nikita Makarenko barcha masalalarda fikr-mulohaza, murojaat yoki takliflari bo‘lsa, bemalol yo‘llashi mumkin, murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

 

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish