Partiyamiz Ohangaron tumani kengashi deputatlik guruhi tashabbusi bilan tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda Nogironlar jamiyati hamkorligida nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada 26 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.
Muloqotda shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ish taklif qilinishi bilan birga ular orasida kasb o‘rganish istagidagi bo‘lganlariga ham yordam berildi. Masalan, "Yalpoqtepa" mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi B.Yo‘ldoshev kompyuter savodxonligini oshirish va bir joyda o‘tirib ishlash istagini bildirdi. Mutasaddilar unga o‘qish uchun yo‘llanma berishdi.
Qolaversa, "Nurobod" mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi U.Jumamuratov va "Chuvildoq" mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Yo. Qo‘shvaqtova ham qo‘l mehnatlari bilan mahsulot tayyorlashlarini va lekin ularni sotish borasida muammoga duch kelishayotganini ma’lum qilishdi. Ularga o‘z-o‘zini band qilish uchun yo‘llanma va tayyor mahsulotni sotish uchun zarur ko‘rsatmalar berildi.