Atrof-muhitni asrashda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini keng joriy etish lozim
Atrof-muhitni asrashda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini keng joriy etish lozim

 

Keyingi yillarda butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari aholi turmush sifatiga, iqtisodiyotga va ijtimoiy hayotga turli darajada salbiy ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, murakkab ekologik muammolar qurshovida qolayotgan mintaqamizda ekologik muhitni asrash dolzarb masalaga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab bergani bilan juda ijtimoiy ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.

Avvalo, ushbu Farmonda eng muhim ekologik vazifalar belgilanishida keng jamoatchilik vakillarining taklif-mulohazalari hisobga olinganini alohida ta’kidlash zarur.

Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Maxsus komissiya qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilishi, shu jumladan, qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatishi va boshqa talablarni belgilashi muhim ahamiyatga egadir.

Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilgan qarorlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanishi ekologik barqarorlikka erishishda tezkor choralar ko‘rilishiga asos bo‘ladi.

Xalq demokratik partiyasi mazkur farmonni real ehtiyojlarga muvofiq ravishda aholini ijtimoiy va ekologik muhofazalash bo‘yicha eng zarur paytda qabul qilingan hujjat, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, o‘z dasturiga muvofiq, davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish lozimligini ta’kidlaydi.

Ushbu maqsadda iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish, mazkur jarayonlarni aholining mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish zarurligini qayd etadi.

Belgilangan dolzarb vazifalarni sifatli amalga oshirish, murakkab ekologik vaziyatda aholining ehtiyojmand qatlami, xususan, bolalar va nuroniylarni muhofazalash bo‘yicha ayrim choralar ko‘rilishi kerakligini ilgari suradi.

Birinchidan, poytaxtimizda va boshqa shaharlarda nuroniylar uchun xordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, zarur hollarda ularga tezkor tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish choralarini ko‘rish muhimdir.

Ikkinchidan, ta’lim muassasalarida, mashg‘ulotlar va dars xonalarida havoni tozalash choralarini ko‘rishga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xalq demokratik partiyasi parlamentdagi fraksiyasi, xalq deputatlari Kengashlaridagi guruhlari va hududiy tashkilotlari bilan birga ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarning sifatli bajarilishi uchun keng jamoatchilik va ta’sirchan deputatlik nazoratini amalga oshirishga kirishadi.

 

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish