Fraksiyamiz 2026-yil uchun Davlat budjeti loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz yig‘ilishida 2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda partiyamiz dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib muhokama qilindi.

Loyihada mamlakat iqtisodiyoti 2026-yilda 6,6 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,0 milliard AQSH dollari etib belgilanmoqda.

Kelgusi yilda Davlat budjeti xarajatlari 402,4 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda va undan ish haqi, ijtimoiy nafaqalar va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun 172,8 trln so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda. Budjetdan ijtimoiy sohaga 220 trln so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu jami xarajatlarning 54,7 foizini tashkil etadi. Xususan, nafaqalar, moddiy yordam va aholiga boshqa imtiyozli to‘lovlar uchun 17 trillion ajratilishi belgilanmoqda.

Yig‘ilishda deputatlar hukumat vakillari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari bilan Davlat budjetida ko‘zda tutilayotgan ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, transport sohalaridagi rejalar haqida fikr-mulohazalar bildirib, mutasaddilar bilan savol-javoblar o‘tkazishdi.

Jumladan, fraksiyamiz a’zosi Dilbar Mamadjonova kelgusi yilda ham temir yo‘l orqali mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘rilgan zararni qoplash uchun Davlat budjetidan 700 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lumki, bugun aholi orasida temir yo‘l transportiga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Deputatimiz shunday vaziyatda vazirlik mahalliy yo‘lovchilarni tashish yo‘nalishida qachon daromadga chiqishni rejalashtirayotgani va buning uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotgani so‘radi.

Savolga javob bergan Transport vazirligi mutasaddi vakili bu vaqtinchalik holat ekanligi, kelajakda bu yo‘nalishda Budjetdan mablag‘ olish tugatilishi haqida gapirdi.

Lekin fraksiyamiz a’zolari mas’ul tomonidan kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida yetarlicha ma’lumot berilmagani, savol ochiq qolgani qayd etilib, kelgusida vazirlik tomonidan fraksiyamizga asosli javob berilishi so‘raldi.

Fraksiyamiz a’zosi Odiljon Iminov qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushadigan daromadning bir qismi mahalliy budjetlarga qoldirilayotganini rag‘batlantiruvchi holat, deb ta’rifladi. Deputatimiz mahalliy budjetga qoldirilayotgan mablag‘lar qanday taqsimlanishi, xususan, o‘sha mablag‘dan qanchasi ijtimoiy sohaga ajratilishi mumkinligi bilan qiziqdi.

Savolga javob bergan mas’ulning keltirishicha, 2026-yildan boshlab akademik litsey va texnikumlarni saqlash, umum ta’lim maktablarini qurish, ta’mirlash mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladi va o‘sha mahalliy budjetlarda qoldirilayotgan tushumlar aynan ushbu xarajatlarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Budjet loyihasi muhokamasi davomida fraksiyamiz a’zolari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlarida ustuvorlik kasb etadigan soha va yo‘nalishlarga ajratilayotgan mablag‘lar, ko‘zda tutilayotgan marralar haqida loyiha ijodkorlari bilan qizg‘in muhokama olib bordi. Mas’ullar ham har bir bildirilgan fikr va yo‘llangan savollarga atroflicha javob berishdi.

Deputatlar 2026-yil uchun Davlat budjeti loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlashga ovoz berib, bu haqda fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish