Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida farovonlikni ko‘zlab ilgari surilgan tashabbuslar mazmun-mohiyatini xalqimizga, saylovchilarga yetkazish, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan vazifalarni amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etish, bu borada muhim chora-tadbirlarni belgilab olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov Murojaatnomada so‘nggi to‘qqiz yilda erishilgan yutuq va natijalar aniq raqamlar asosida tahlil qilingani, davlat va jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalar ko‘rsatib o‘tilgani, ezgu niyatlar bilan yuksak marralar belgilab berilganini ta’kidladi. Murojaatnomaning eng asosiy jihatlaridan yana biri shunda bo‘ldiki, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar, bildirilgan fikrlar ko‘p millatli xalqimizning ijtimoiy kayfiyatini ko‘tardi. Ishonchni yanada mustahkamladi. Ayniqsa, Yangi yil yaqinlashib kelayotgan ayni kunlarda barchamizga bayramona ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Qayd etilganidek, davlat rahbari alohida qayd etgan, “biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik”, degan fikr zamirida chuqur ma’no mujassam.
Deputatlar iqtisodiyotda erishilgan natijalar ijtimoiy hayotda bevosita aks etayotganini, millionlab oilalardagi muhit tubdan o‘zgarayotganini bildirdi. Joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi. Bu raqamlar oddiy raqamlar emas, ularning ortida qanchadan-qancha mashaqqatli mehnat, shijoat va matonat bor.
Kambag‘allikni qisqartirish va mahallani rivojlantirish tushunchalari Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir. Ayniqsa, keyingi yillardagi islohotlar va loyihalar natijasida mahallaparvarlik hissi tobora yuksaldi. Mahallaparvarlik vatanparvarlikning amaliy ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi, dedi fraksiya yetakchisi.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ish o‘rinlari yaratish va bandlik darajasini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosida fraksiyaning faol ishtirokini ta’minlash masalasida fikr mulohaza va takliflar berildi.
Xususan, fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarning sifatli bajarilishi bo‘yicha hukumatga, vazirlik-idoralarga fraksiya pozitsiyasini doimiy bildirib borish, vakillik hokimiyatiga berilgan vakolatlarning natijadorligini oshirish zarurligini qayd etdi.
Fraksiya a’zosi Ulug‘bek Shermatov O‘zbekiston tashqi siyosatda juda faol ekanini ta’kidlab, xalqaro kelishuvlarda zimmamizga olingan vazifalarning bajarilishi yuzasidan parlament va deputatlik nazoratini izchil yo‘lga qo‘yish kerakligini bildirdi.
Fraksiyaning yana bir a’zosi Qizilgul Qosimova sog‘liqni saqlashning quyi tizimida, ayniqsa, oilaviy poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalasi okruglardagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Majlisda Murojaatnomada belgilangan barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, kelgusi yil uchun davlat dasturiga partiya dasturidan kelib chiqadigan takliflarni berish yuzasidan dastlabki vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda fraksiyaning joriy yilgi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Elektorat manfaatlari himoyasi yo‘lida tashabbuskorlikni oshirish, fraksiya a’zolarining doimiy fikr va taklif bildirish ko‘nikmasini rivojlantirish, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy faollikni ta’minlash zarurligi bildirildi.
Murojaatnomaning butun mazmun-mohiyati, yo‘nalish va vazifalari Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik va birdamlik, huquqlar va imkoniyatlar tengligi, himoya va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalariga har tomonlama hamohangdir.