Xotin-qizlar va bolalar himoyasi bilan bog‘liq me’yorlar aniq ifodalanishi zarur

 

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida har bir qonun loyihasiga jamiyat, elektorat manfaatlari nuqtai nazaridan yondashishni o‘zining muhim siyosiy burchi, deb biladi. Fraksiyaning bugungi majlisida qator qonun loyihalari muhokama etildi, mamlakatda qonuniylik, barqarorlik va inson huquqlariga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Qo‘riqlash faoliyati davlat va jamiyat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, fuqarolarning kundalik hayotiga, ularning erkin harakatlanishi, mulki va shaxsiy daxlsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi masaladir. Shu sababli «Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Xususan, deputat Sh.Ahmedovga ko‘ra, partiyaning siyosiy dasturida ijtimoiy adolat, tenglik va fuqarolarni himoya qilish tamoyillari muhimligidan kelib chiqib, qo‘riqlash faoliyati sohasidagi qonunchilikda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar manfaatlari hisobga olinishi kerakligini ta’kidlandi.

Navbatda muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Loyihaga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan bolalarning huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Deputat J.Achilovga ko‘ra, qonunda ko‘rsatilgan bolaning eng ustun manfaati degan tushunchaning aniq chegarasi nimalarda aks etishi qonunchilikda ko‘rsatilishi lozim. Aks holda, jamiyat a’zolari o‘rtasida, huquqni qo‘llash paytida tushunmovchiliklar paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Deputat A.Temirov ushbu qonun loyihasi bo‘yicha xorijiy tajribada faqatgina Ukraina, Gruziya, Germaniya kabi mamlakatlarni o‘rganish bilan cheklanilgan bo‘lib, qadriyatlarimizga yaqin mamlakatlarning deyarli ko‘rsatilmaganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, loyihada ko‘rsatilgan “axloqiy manfaat”ning bolaga ustunlik berilishi jamiyatimizda oila institutini ahamiyatini tushirishga sabab bo‘lishi mumkin.

Muhokamalardan so‘ng har bir qonun loyihasi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Zo‘ravonlikka murosasiz munosabat, ayol va bola huquqlari himoyasiga davlatning mas’ulligi Xalq demokratik partiyasi uchun juda muhim masaladir.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish