O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining 2025-yilgi faoliyati yakunlari va joriy yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan brifingi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot siyosiy kuch sifatida mamlakatimizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilishi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi ta’minlanishi, ehtiyojmand fuqarolar himoyalanishi va qo‘llab-quvvatlanishi, har bir inson ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, munosib mehnat qilib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun intiladi.
Parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz ana shu siyosiy pozitsiyadan kelib chiqib, yurtimizdagi keng qamrovli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish borasida, ijtimoiy sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, saylovchilar bilan muloqotni kuchaytirish, joylarda fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan tizimli muammolarni tahlil qilib borish, ijro organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini o‘rnatish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida qonunlar muhokamalarida muqobil takliflar berish, partiya elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosatni izchil davom ettirish, hukumat tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan Davlat dasturlari va Budjet loyihasining tasdiqlanishi va ijrosi ta’minlanishi hamda qonun loyihalarining elektorat manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat qilishiga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston XDP fraksiyasining konstruktiv pozitsiyasi fraksiyamiz majlislarida, Qonunchilik palatasining Yalpi majlislarida, shuningdek, albatta, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng e’lon qilib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yildagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ushbu Murojaatnoma nafaqat kelgusi yil uchun harakatlar dasturi, balki Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan ijtimoiy davlat modelining aniq konseptual ifodasi sifatida ham ahamiyatli bo‘lib, undagi g‘oyalar amalga oshishini fraksiyamiz to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Murojaatnomada belgilangan ijtimoiy masalalar, avvalo, inson hayotining eng asosiy sohalarini qamrab oladi. Bandlik, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallaning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, asosiysi, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash. Bularning barchasi partiyamizning, fraksiyamizning siyosiy maqsadlari bilan hamohang. Shu nuqtai nazardan fraksiyamiz islohotlarning natijadorligi va samaradorligini oshirishda bevosita ishtirok etadi.
Brifing so‘nggida fraksiyamiz Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga erishish, elektorat manfaatlarini izchil himoya qilish yo‘lida so‘l qanot partiya fraksiyasi sifatida parlamentda o‘zining siyosiy pozitsiyasini qat’iy bildirib borishi ma’lum qilindi.