Islohotlarning ijtimoiy natijasi bandlikdir
Islohotlarning ijtimoiy natijasi bandlikdir

 

Davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning manzilli, tizimli va javobgarlikka asoslangan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Avvalo, 2025-yil yakunlari bo‘yicha keltirilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar — yalpi ichki mahsulotning 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshgani, inflatsiyaning pasayishi, investitsiya va eksport hajmlarining sezilarli o‘sishi — islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganini tasdiqlaydi. Muhimi, ushbu iqtisodiy o‘sish kambag‘allik darajasining 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlikning esa 4,8 foizgacha pasayishi bilan ijtimoiy natijaga aylanmoqda.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlar ijro intizomi, mas’uliyat va mahallada ishlash sifati masalalari hanuz dolzarb ekanini ko‘rsatdi. Ayniqsa, “mahalla yettiligi”, hokimlar va bank tizimi faoliyatida natija uchun shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish talabi juda o‘rinlidir. Chunki islohotning samarasi aynan mahallada — ishsiz fuqaro va kambag‘al oila qoldimi-yo‘qmi, shu yerda namoyon bo‘ladi.

2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi davlat siyosatining markaziga mahallani qo‘yayotganining amaliy ifodasidir. 70 ta “og‘ir” tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallaga asosiy resurslarni yo‘naltirish, infratuzilmani yaxshilash uchun salmoqli mablag‘ ajratish orqali kambag‘allikni yana 3 foizga qisqartirish maqsadi aniq va hisob-kitobli rejaga tayanadi.

Ayniqsa, hududlarni “solishtirma ustunlik” asosida rivojlantirish, sanoat zonalari va klasterlar tashkil etish, mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish — ish o‘rni yaratishning eng barqaror va uzoq muddatli yechimidir. Quyosh elektr stansiyalarini mahallalarga aktiv sifatida berish, “yashil” daromad orqali ijtimoiy muammolarni hal etish tashabbusi esa iqtisodiy samara bilan birga ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.

Bandlik darajasini oshirish parlament nazoratini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Xususan, ajratilayotgan katta mablag‘larning manzilli sarflanishi bo‘yicha hukumatning parlament oldida, hokimliklarning mahalliy kengashlar oldida hisobdorligini amalda ta’minlash har birimizdan qat’iyat talab qiladi. Xalq vakillari sifatida har bir islohotning mahallada qanday o‘zgarish berganini so‘rashimiz, tahlil qilib, jamoatchilikka ochiq yetkazishimiz shart. Ayniqsa, Xalq demokratik partiyasi uchun kambag‘allikni qisqartirish, bandlik va ish o‘rinlari kabi hayotiy masalalar o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijtimoiy davlat tamoyillariga to‘la mos bo‘lib, “davlat — inson uchun” g‘oyasini mahallada hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

Endi asosiy masala — qarorlar qog‘ozda qolib ketmasdan, har bir xonadon hayotida real natija berishiga erishishdir. Bu esa barchamizdan — ijro hokimiyatidan ham, parlamentdan ham, mahalliy kengashlardan ham yuqori mas’uliyat va hamjihatlikni talab qiladi.

 

Anvarjon Nurmatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish