Shu yilning dekabr oyida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea — parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Yangi tashkiliy-huquqiy sharoitda o‘tkazilayotgan mazkur saylov siyosiy partiyalar zimmasiga har qachongidan katta mas’uliyat yuklamoqda.
Shu kunlarda siyosiy partiyalar yangi dasturi va Saylovoldi dasturini ishlab chiqmoqda. Ushbu muhim hujjatlarning hayotiyligini ta’minlash maqsadida elektorat muammolari o‘rganilmoqda, hududlar rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar tahlil etilib, ularning yechimiga alohida e’tibor qaratilyapti. O‘z navbatida ushbu muhim vazifalar bo‘yicha partiya dasturi va Saylovoldi dasturiga takliflar berilyapti.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham faollar, deputatlar va a’zolari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda partiya dasturi va Saylovoldi dasturini yanada mukammallashtirish, hududlarning rivojlanish holatidan kelib chiqib, muhim vazifalarni belgilash e’tibor markazida turibdi.
Boymurod YUSUPOV, O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri:
– Hammamiz yaxshi bilamizki, partiyamiz dasturiy maqsadlarida o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shundan kelib chiqib, tayyorlanayotgan yangi Saylovoldi dasturiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotga qiziqishini oshirish, huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yana bir qator vazifalar belgilanishi kerak, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Saylovoldi dasturi loyihasida bu masalaga e’tibor qaratilgan. Lekin nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlar diqqat markazidan chetda qolmasligi kerak.
Masalan, bunday shaxslarning ishga joylashish darajasini orttirish maqsadida «Ijtimoiy mehnat o‘rinlari to‘g‘risida» qonun qabul qilish lozim, deb o‘ylayman. Aytaylik, kimdir o‘zi yurolmasa ham qo‘l mehnati orqali hunarmandchilikning qaysidir turi bilan shug‘ullanadi. Biz ana shunday insonlarga yaqindan ko‘mak berishimiz, mehnatini qadrlashimiz, buning qonuniy asoslarini mustahkamlashimiz kerak. Oilasi farovonligiga ulush qo‘shish ularning ko‘nglini ko‘taradi, hayotga umidi, qiziqishini oshiradi.
Xalila YESHIMBETOV, O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi:
– Kishilarning yaxshi yashashi va munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishida kommunal soha rivoji muhim o‘rin tutadi. Bu masala bevosita dasturiy maqsadlarimizga hamohang bo‘lgani uchun Saylovoldi dasturida shu yo‘nalishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mening fikrimcha, bu boradagi vazifalar ko‘lamini yanada kengaytirish lozim. Masalan, kommunal sohada ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, ushbu xizmatlarga o‘rnatilgan tariflar ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish kerak. Aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazganimizda kommunal soha bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar bo‘ladi, savollar berishadi. Agarda tizimda ma’lumotlar ochiqligi to‘liq ta’minlansa, bu kommunal xizmatlar ta’minotchilarining mas’uliyatini oshirish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Abdulhamid NURMATOV, O‘zXDP Andijon viloyat kengashi raisi:
– Avvalo, ta’kidlash kerakki, partiyamizning yangi dasturida ijtimoiy himoya masalalari alohida o‘rin olganini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamoqda. Chunki bular eng dolzarb hayotiy vazifalar bo‘lib, aholining ijtimoiy faolligini oshirish, iqtisodiy daromadlarini ko‘paytirish masalalari bilan uyg‘undir.
Shu o‘rinda Saylovoldi dasturiga bir taklif aytmoqchi edim. Menimcha, davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy yordamga muhtoj aholi qatlami uchun qabul qilingan barcha me’yoriy hujjatlarni bir tizimga solib, ularni kodeks shaklida bir to‘plamga birlashtirish vaqti keldi. Bu hujjatda ijtimoiy himoya, ijtimoiy yordam, kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olish tartibi, nogironlik va tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibini belgilash, huquq, imtiyoz va majburiyatlarni aniq ko‘rsatib o‘tish lozim, deb hisoblayman.
Maqsud XOLOV, Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati, O‘zXDP guruhi a’zosi:
– Partiyamiz Saylovoldi dasturiga taklif bermoqchiman. Tibbiyot sohasida aholini qiynayotgan eng og‘riqli masalalardan biri odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish bo‘yicha respublikamizda yetarli imkoniyatlar mavjud emasligidir. Bu esa aholini katta mablag‘ evaziga xorijga chiqib, davolanib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shuni inobatga olgan holda partiyamiz aholiga mazkur yo‘nalishda sifatli va arzon tibbiyot xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha imkoniyatlar yaratish vazifasini ham o‘z oldiga maqsad qilishi kerak. Bu aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish barobarida fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bahriddin TOSHMAMATOV, O‘zXDP Navoiy viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i:
– Hukumat qarori asosida nogironligi bo‘lgan bolasini tarbiyalayotgan onalarga pensiyaga chiqayotganda kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lishi shartligi amaliyoti bekor qilindi. Endilikda nogironligi bo‘lgan bolasini tarbiyalayotgan onalarga ular 55 yoshga to‘lganlarida ish staji bo‘lmasa ham ijtimoiy nafaqa tayinlanmoqda. Lekin bu borada e’tibor qaratish kerak bo‘lgan bir masala bor. Bizning fikrimizcha, nogironligi bo‘lgan bolasini tarbiyalayotgan onalarning pensiyaga chiqish tartibini qayta ko‘rib chiqish, bu masalani partiyamiz Saylovoldi dasturida nazarda tutish kerak.
Sherzod SODIQOV, O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:
– Menimcha, respublikada faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnoma miqdoridagi nomutanosiblikni yo‘qotgan holda, barcha ta’lim muassasalarida ta’lim to‘lovlari miqdorini tenglashtirish kerak. Masalan, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlari hamda tibbiyot oliygohlarida ta’lim to‘lovlari miqdori boshqa oliy ta’lim muassasalarinikiga nisbatan ancha yuqori. Lekin barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun to‘lanadigan stipendiyalar miqdori bir xil. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari to‘lov-shartnoma miqdori yuqori bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganda to‘lov masalasida qiyinchilikka duch kelmoqda.
Gulshan ASATOVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:
– Avvalo, biz eng muhim bir masalaga e’tibor qaratishimiz kerak. Ya’ni, tayyorlanayotgan dastur hamma tushunadigan oddiy, xalqchil tilda yozilishi, qo‘yilayotgan vazifalar ham aniq bo‘lishi kerak.
Fikrimcha, partiya Saylovoldi dasturida siyosiy bilimi yuqori, mas’uliyatli xotin-qizlarni aniqlab, ularni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish masalasi o‘rin olishi joiz, deb o‘ylayman. Bu jamiyatda xotin-qizlar faolligini oshirishda katta rag‘bat vazifasini o‘taydi, deb o‘ylayman.
Bundan tashqari, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib kolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj ayollarga arzon uy-joylar berilishi ustidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish masalasi haqida ham jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim.
Qishloq va mahallalarda xotin-qizlar bilan ko‘p uchrashuvlar, yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazamiz. Suhbatlar davomida bir narsaga ko‘p guvoh bo‘laman: qo‘ligul, hunarli, iste’dodli qizlarimiz juda ko‘p. Faqat ularning ish boshlashiga ko‘maklashish, qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish lozim. Bunga, ayniqsa, ota-onalar ham bosh bo‘lib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishsa, ko‘plab xotin-qizlarimizning bandligi ta’minlanadi.
Yana bir masala. Ayollar bilan uchrashganimizda bola boqish ta’tili nima uchun pensiya yoshiga qo‘shilmaydi, degan savollar ko‘p bo‘ladi. Bizningcha, bu masalani kengroq o‘ylab ko‘rib, taklif tayyorlash lozim.
Ravshan HOMITOV, O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:
– Aholi ijtimoiy himoyasini ta’minlash, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘qib-o‘rganishi uchun sharoit yaratish masalasi ham dolzarbdir. Saylovoldi dasturimizda shu yo‘nalishni e’tiborga olsak, yaxshi ish bo‘lardi, deb o‘ylayman.
Masalan, ko‘zi ojiz yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida brayl yozuvidagi kitoblarni ko‘paytirish, respublikaning yirik mintaqalarida maxsus tipografiyalarni tashkil etish lozim, deb o‘ylayman...
Albatta, yuqoridagi takliflarning hammasi ham chuqur tahlillarga asoslanmagan bo‘lishi mumkin. Partiya Markaziy Kengashidagi ekspertlar guruhi har bir taklifni chuqur o‘rganib, tahlil qilib xulosa chiqaradi.
Bugungi kunda partiyamiz Dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalari takliflar uchun ochiq. Loyihalarni takomillashtirish jarayoni davom etomqda.
Hurmatli yurtdoshlar, partiyamiz a’zolari va faollari, qadrli olimlar va mutaxassislar, takliflaringiz, fikr-mulohazalaringizni kutamiz.
Elektron manzil: uzxdp@mail.ru
O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.