Ijtimoiy adolat va teng imkoniyat — fraksiya faoliyatining bosh mezoni

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash tamoyillariga tayanadi.

Fraksiyamizning bugungi yig‘ilishida muhokama qilingan har bir masala yuzasidan partiya prinsiplardan kelib chiqqan holda, pozitsiya bildirildi. Dastavval yig‘ilishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” doirasida amalga oshirilishi bo‘yicha hisoboti muhokama etildi.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi 107,7 foizga oshib, 147,1 mlrd AQSH dollariga yetgan. YAIM tarkibida sanoat 106,8, qurilish 114,0, xizmatlar 108,5, qishloq xo‘jaligi esa 104,4 foizga o‘sgan. Respublikada yaratilgan yalpi ichki mahsulot hajmi 1 849,7 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 314,2 trln so‘mga ko‘paygan.

Deputatlar Davlat dasturi ijrosini muhokama qilish jarayonida o‘z elektorati manfaatlari himoyasiga qaratilgan yo‘nalishlarga alohida urg‘u berishdi. Jumladan, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 180,3 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga ko‘paygani e’tirof etildi.

Fraksiyamiz a’zosi Dilbar Mamadjanova bugungi kunda maktab yoshiga yetgan nogironligi bor bolalarning 82 foizi ta’lim jarayonlariga qamrab olinganini qayd etib, qolgan 18 foiz (22 329 nafar) bolani ham ta’lim jarayonlariga qamrab olish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qanday ishlar qilayotgani haqida ma’lumot so‘radi.

Vazirlik mas’ulining aytishicha, hozirda 15 minga yaqin nogironligi bor bolajonlar uyda ta’lim olmoqda. Vazirlik uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “uydatalim.uz” platformasini ishlab chiqib, uni yanada takomillashtirayotganini, natijada onlayn mentor va dars jarayonlari monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi.

Xalq vakillari Dastur ijrosi bo‘yicha sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’limga qamrov ko‘rsatgichlari, bandlik va kambag‘allik yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar, yakuniga yetmay qolgan masalalar bo‘yicha mas’ullarga savollar bilan murojaat qilishdi. Uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng fraksiya hisobot loyihasini ma’qulladi.

Shu kuni yig‘ilishda deputatlar bola huquqlari bo‘yicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) 2025-yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi bilan tanishishdi.

Ma’ruzada aytilishicha, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1934 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2024-yilga nisbatan solishtirganda, murojaatlar salmog‘i 84 foizga oshgan.

Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, ularning eng ko‘pi Toshkent shahri (470 ta), Surxondaryo viloyati (254 ta) hamda Toshkent viloyati (236 ta) eng kam murojaatlar Sirdaryo viloyati (32 ta) va Navoiy viloyatidan (39 ta) kelib tushgan.

Ma’ruzani tinglagan deputatlarimiz mazkur institut jamiyatimiz uchun nisbatan yangi ekani, uning faoliyati bosqichma-bosqich rivojlanib borishini ta’kidlashdi. Bola huquqlarining buzilishi yoki cheklanishi holatlari bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, ularning manfaatlarini ta’minlash borasida institut ko‘rayotgan choralar e’tirof etildi.

Fraksiyamiz vakillari ayrim holatlarda bolalar huquqlarini ta’minlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarni tizimli muhofaza qilish masalasida muammolar hanuzgacha saqlanib qolayotgani, ularning yechimlari bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligini alohida qayd etishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi barcha bolalar teng huquqliligi bilan birga teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi, ehtiyojmand bolalar himoyasi davlat tomonidan kafolatlanishi lozim, degan qat’iy pozitsiya bildirgan holda ma’ruzani ma’qullashdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish