Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zokirjon Zohidov ishtirokida So‘x tumanining “Malbut” mahallasida fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida aholi tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid qator dolzarb masalalar ko‘tarildi. Xususan, yer munosabatlarini tartibga solish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi barqarorligi, ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda aholi bandligini ta’minlash yuzasidan aniq taklif va tashabbuslar bildirildi.
Deputat tomonidan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularni qonuniy asosda hal etish, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilgan masalalar parlament nazoratiga olinishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, tashrif doirasida “Devayron” MFY hududida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti – Happy Kids Academy faoliyati ham o‘rganildi. Ta’lim sifati, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi ochiq muloqot – “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning amaliy tasdig‘i bo‘ldi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan aniq choralar belgilash – parlament faoliyatining ustuvor yo‘nalishidir.