Ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyati oshmoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan bir qator masalalar muhokama etildi.

Kun tartibida birinchi bo‘lib Tashabbusli budjet jarayonlarida deputatlarning bevosita ishtiroki, fraksiya a’zolarining tanlovi bilan amalga oshirilishi kutilayotgan ijtimoiy loyihalar ahamiyati haqida fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” uchun ajratiladigan mablag‘lar ko‘lami yanada ko‘paytirilib, bu jarayonda Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtiroki va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash belgilangan.

Unga ko‘ra, deputatlar o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bir yilda ikkita loyihani tanlab, g‘olib deb topadi. “Ochiq budjet” axborot portalida deputatlar tanlovi uchun alohida bo‘lim ochilgan va deputatlarning tanlovni amalga oshirishi aholiga ko‘rinib turadi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari eng maqbul loyihalarni joylarga chiqib, aholi vakillari bilan keng qamrovli muloqotlar o‘tkazish orqali tanlashga e’tibor qaratdi. G‘olib bo‘lmagan loyihalarning dolzarbligi, aholi uchun qay darajada ahamiyatli ekani har tomonlama o‘rganildi.

Fraksiya rahbari U.Inoyatovning qayd etishicha, davlatimiz rahbarining tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish, deputatlar va saylovchilar, ayniqsa, elektorat vakillari orasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qarori katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ushbu tashabbus orqali respublika bo‘yicha ijtimoiy qiymati yuqori bo‘lgan, xalqimiz orziqib kutayotgan 300 ta qo‘shimcha loyihani amalga oshirish imkoniyati ochiladi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari saylov okruglaridagi faoliyati davomida turli loyihalar bilan bevosita tanishib, elektorat vakillarining fikr-mulohazalari asosida qator loyihalarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim muassasalarini ta’mirlash, qo‘shimcha binolar qurish yoki rekonstruksiya qilish bo‘yicha 10 ta, yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 7 ta, irrigatsiya va suv tarmoqlarini ta’mirlash bo‘yicha 3 ta, jami 20 ta ijtimoiy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Deputat Sh.Nazarov loyihalar hududlarda ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shuning uchun Qashqadaryo viloyatidagi Ko‘kdala kasb-hunar texnikumi ustaxonasining moddiy-texnik bazasini yangilash loyihasiga ovoz berganini bildirdi. Texnikumda nazariy bilimlar berilgani bilan kasb-hunar o‘rgatishga xizmat qiladigan asbob-uskunalar bo‘lmasa, ta’lim sifati kutilganidek bo‘lmaydi, bu keyinchalik yoshlarning bandlik imkoniyatlariga salbiy ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, ushbu loyihada mahalliy Kengash deputatlarining ham ishtirokini ta’minlash taklifi berildi.

Majlisda kun tartibi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Fraksiya pozitsiyasiga ko‘ra, loyihadagi idoraviy hujjatlar bilan bog‘liq me’yorlarni har tomonlama takomillashtirish zarur.

Deputatlar tomonidan keyingi muhokama etilgan masala birinchi o‘qishdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi. Loyihaga ko‘ra, tadbirkorlar va aholining sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda sug‘urta xizmatlarini ommalashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy sohadagi reklamalarni amalga oshirishda mutasaddilarning mas’uliyati oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zosi O.Iminovning fikricha, aholi o‘rtasida sug‘urtaga bo‘lgan ishonchi hali baland emas, shuning uchun ham bitta qonun loyihasidagi bitta o‘zgartirish bilan aholining ijtimoiy savodxonligini oshirish mumkin emas. Demak, boshqa aloqador qonunlarda ham o‘zgartirishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Deputat I.Tokarevaga ko‘ra, qonun loyihasining hamma bandlari mamlakatning ichki rivojlanish qonuniyatlari bilan mos bo‘lishi muhim. Qonun loyihasi birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan barcha masalalarda avvalo partiyaning siyosiy maqsadi va elektorati manfaatlarini himoya qilish pozitsiyasi ustuvor bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish