O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilagan.
Shu sababdan partiya deputatlik korpusi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar ijrosini hududlarda muntazam o‘rganib bormoqda. Jarayonda mas’ul idoralar, soha mutaxassislari ishtirokida mavjud vaziyatning tahliliga bag‘ishlab muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Partiya Jizzax viloyat kengashi tomonidan “Bandlik va mehnat munosabatlari – yoshlar uchun imkoniyatlar” mavzusidagi seminar ham shu maqsadda tashkil etildi.
O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi Nuriddin Xolmatov yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha va amaliy harakatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Raxmonberdiyev davlat subsidiyalari asosida yoshlar bandligini ta’minlash, g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish borasida viloyatda erishilgan natijalar va ularning samaradorligini tahlil qilib berdi.
Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mas’uli Akbar Fayziyev “Bandlik mehnat munosabatlari – yoshlarni ish bilan ta’minlashda amalga oshirilgan ishlar” mavzusida taqdimot qilib, yig‘ilganlarni yoshlar bandligi bo‘yicha viloyatdagi real holat bilan tanishtirdi.
Unga ko‘ra, o‘tgan 2025 yil davomida tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga 11 974 nafar yoshlardan bandlik masalasida murojaat kelib tushgan. Ulardan 9682 nafarining bandligi ta’minlangan. Xususan, 6963 nafari doimiy ish o‘rinlariga, 2719 nafari kasb-hunar o‘quv markazlariga joylashtirilgan.
Seminarda viloyat yoshlarining bandlik holati, mehnat munosabatlari tahlili va ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha fikr-mulohazalar yuritildi.
Xalq demokratik partiyasi mas’ullari amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan natijalar berayotgan bo‘lsa-da, yoshlarning bandlik darajasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini kuchaytirish zarurligini ta’kidlashdi.
Tahlillar yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun hali oldinda talaygina vazifalar borligini ko‘rsatdi.
Shuning uchun partiya va mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda ishlashi yoshlarni barqaror ish bilan ta’minlash, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning hayotiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.