Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shokirjon Ahmedov Farg‘ona viloyatida ochiq muloqot va o‘rganishlar o‘tkazib, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda mahallalar faoliyati bilan tanishdi.
Jumladan, Buvayda tumanida “Tashabbusli budjet” jarayonining 2026-yil 1-mavsumi doirasida g‘olib deb topilgan 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida zamonaviy mini futbol va voleybol sport maydonchasini qurish loyihasi joyiga chiqib o‘rganildi.
Loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd 399 mln 191 ming so‘mni tashkil etadi. Tender savdolari yakunlariga ko‘ra “Sharq Elegant Bilding” MCHJ pudratchi etib belgilangan bo‘lib, ayni paytda yer tayyorlash ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida quruvchi tashkilot hamda qurilishni nazorat qiluvchi mas’ullarga ishlarni loyiha hujjatlariga muvofiq va belgilangan muddatda yakunlash yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Shokirjon Ahmedov hamda xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlari Alisher Umarov va Nodir Tajiboyevlar Farg‘ona shahridagi “Muruvvat” mahallasida “mahalla yettiligi” va faollar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishilib, aholini qiynayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda ayrim fuqarolarning ko‘p kvartirali uylar hududini o‘zboshimchalik bilan egallab olishi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mahalla faollariga tegishli tushuntirishlar berildi hamda muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul idoralar vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.