Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Fraksiya yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi tizimi hamda intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasi oshirilishi va patent vakillarining huquqlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish” jazo chorasi, voyaga yetmagan shaxsga transportni boshqarishga topshirish, noqonuniy poyga tashkil etish va bevosita ishtirokchi sifatida qatnashish, yuk mashinalarini tungi vaqtda yo‘l chetida harakat ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda to‘xtab turishi yoki tashlab ketish, transport vositasini boshqarishda belgilangan tezlikni 80 km/soatdan ortiq kattalikda oshirish kabi qoidabuzarliklar uchun alohida ma’muriy javobgarlik normalarini kiritish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, amalda qo‘llanilgan jarima va 15 sutka qamoq jazosi transportni boshqarish huquqi bo‘lmagan va mahrum etilgan shaxs sodir etgan “yo‘l bezoriligi” uchun qo‘shimcha ravishda transportni musodara qilish yoki transportni vaqtincha olib qo‘yish jazo sanksiyalari bilan og‘irlashtirilishi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari ko‘zda tutilayotgan ushbu yangi normalarni amaliyotga tatbiq etishdan avval xorijiy davlatlar tajribasining o‘rganilgani, yo‘llarda piyodalar va haydovchilarning erkin hamda qulay harakatlanishlari uchun xavfsiz harakat tizimini yanada takomillashtirish, olis va chekka hududlarda ham svetoforlarning uzluksiz va aniq ishlashini ta’minlash, yo‘l belgilari hamda tezlikni o‘lchovchi texnik moslamalarni avvaldan ogohlantiruvchi hududlarga o‘rnatish lozimligi borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Mas’ul ishchi guruh vakillari yuqorida ko‘tarilgan savollar yuzasidan batafsil javoblar bergach, deputatlar tomonidan ushbu qonun loyihasining bugungi kunda dolzarb masalalarni qamrab olgani, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning oilasi normal turmush kechirishi uchun zarur bo‘lgan yagona transport vositasining vaqtincha olib qo‘yilmasligi to‘g‘risida kiritilayotgan me’yor O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining prinsipial maqsadlariga mosligi alohida ta’kidlanib, qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari tomonidan joriy yilning 29-31 iyul kunlari hududlarda saylovchilar bilan tashkil etgan ochiq muloqotlari, ijtimoiy soha obyektlarini o‘rganish natijalari, uchrashuvlarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimiga qaratilgan amaliy takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.