O‘zbekiston XDP fraksiyasi: qonunlar, avvalo, xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, ayrim qonun hujjatlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, davlat organlari mansabdor shaxslarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishi uchun zarur huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab deputatlar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, xulosa va qarorlarni qabul qilish kabi protsessual masalalarni o‘z ichiga olgan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilishicha, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishga oid normalarda muayyan bo‘shliqlar, huquqiy noaniqliklar va fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishishga to‘sqinlik qiluvchi normalar mavjud bo‘lib, dastlabki konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmagan.

Mazkur qonun loyihasi bilan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soladigan normalarni alohida qonunda mustahkamlab qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Jarayonda fraksiya a’zolari turli qonun hujjatlarida aks etgan ayrim shaxslarning daxlsizligi va immunitetiga oid maxsus kafolatlarni tizimlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdilar.

Shu bilan birga, yig‘ilishda deputatlar tomonidan keng muhokama etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad topayotgan fuqarolar uchun alohida ahamiyatga ega.

Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor ham ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki boshqa faoliyati uchun zarur bo‘lgan texnik uskunalar, ya’ni lizing obyektlarini xarid qilishda muqobil moliyalashtirish manbasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, ayniqsa, katta miqdorda boshlang‘ich mablag‘ga ega bo‘lmagan kichik tadbirkorlar uchun muhim jarayon.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturlarida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda aholi uchun daromad manbalarini ko‘paytirish muhim vazifalar sifatida belgilangan.

Shu nuqtai nazardan, fraksiya a’zolari mazkur tashabbusning ahamiyati faqat lizing munosabatlarini texnik jihatdan tartibga solishda emas, balki fuqaroning o‘z mehnati va tadbirkorlik salohiyati orqali barqaror daromad topishi uchun moliyaviy imkoniyatlar doirasini kengaytirish hamda aholini kambag‘allikdan chiqishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi zarurligini ta’kidladilar.

Shu bois, taklif etilayotgan mazkur yangi mexanizm bilan bir qatorda, shaffof shartnomalar, tushunarli to‘lov jadvali, ortiqcha moliyaviy yukning oldini olish va tadbirkorning huquqlarini samarali himoya qilish masalalariga ham e’tibor qaratilib, ushbu qonun loyihasi kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy kafolat sifatida ahamiyatli ekani qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda Energetika vazirining sohadagi islohotlar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan axborotini eshitish hamda Raqamli texnologiyalar vaziriga “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish