Davlat byudjeti ijrosi: Bajarilmagan ishlar haqida kim ma’lumot beradi?..

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2019 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi yakunlarini ko‘rib chiqdi.

Davlat byudjeti ijrosi Prezidentimiz farmon va qarorlari, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar asosida tashkillashtirilgan. Shuningdek, Prezident qaror va topshiriqlari, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar, strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarining ijrosiga ustuvorlik berilgan.

Birinchi yarim yillikda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash darajasi oshgan. Natijada hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsuloti qariyb 222,0 trln. so‘mni tashkil etgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan.

Ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 16369,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlarning 54,5 foizini tashkil etgan.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar haqida ham hisobot berildi. Unga ko‘ra, Davlat byudjetidan birinchi yarim yillikda 2 261,5 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ sarflangan. Shundan 14 yoshgacha bolasi bor oilalarga to‘lanadigan nafaqa uchun 320,7 mlrd., bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar ishlamaydigan onalarga to‘lanadigan nafaqa uchun esa 565,9 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan. Kam daromadli oilalarga to‘lanadigan moddiy yordam uchun 104,5 mlrd. so‘m ajratilgan. Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqaga 175,6 mlrd. so‘m sarflangan. 43,6 mlrd. so‘m alohida toifadagi fuqarolarga uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga kompensatsiya to‘lovlari uchun ishlatilgan.

Hisobotda har bir yo‘nalish va sohalar kesimida olib borilgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Fraksiya a’zolari partiya dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, shuningdek, aholi bilan uchrashuvlarda bo‘layotgan murojaatlar asosida o‘rganilgan masalalarni o‘rtaga tashladi. Ta’lim, ijtimoiy soha, sog‘liqni saqlash, nafaqa va penyalar tayinlash bilan bog‘liq masalalarda o‘z takliflarini berdi.

Avval ham bir necha marta ushbu masalani ko‘targan bo‘lsam-da, yana e’tiboringizni qaratmoqchiman, — dedi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Aliya Yunusova. — Aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda imtiyozli kreditlar asosida qurilayotgan arzon uy-joylarning sifatsizligi, talabga javob bermasligi haqida ko‘p murojaat qilishmoqda. Hisobotda mana shuncha uy qurildi, mana shunchasi berildi, degan bilan haqiqiy holatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu toifadagi uy-joylar yer maydonining kichikligi hisobiga arzon bo‘lishi kerak, sifatsizligi uchun emas, nazarimda. O‘nlab, yuzlab ko‘p qavatli uylar bir zumda qurilyapti. Biroq aholi ularga ko‘chib chiqa olmayapti. Mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim.

Doim mana shunday hisobotlar berilganda qilingan ishlar haqida gapiriladi, biroq bajarilmaganlari bo‘yicha ma’lumot yo‘q, — dedi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Mamajonov. — Biz, deputatlar biror muammoni majlislarda ko‘tarib chiqsak, ma’qul ko‘rganimiz uchun emas, aholining talab va istaklarini qondirish maqsadida gapiramiz, takliflarimizni bildiramiz. To‘g‘ri, amaliy ishlar qilinyapti, ammo hali-hamon hisobot, quruq gapga to‘laligicha barham berilgani yo‘q. Hududlarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda eng arzimas tuyulgan masalalar ham katta-katta muammolarga sabab bo‘lmoqda. Kommunal xizmat, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati borasida ham maqtana olmaymiz.

Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda biz e’tibor bermagan katta-kichik masalalar ko‘tarilmoqda. Misol uchun, umumta’lim muassasalarida farroshlik shtatlari juda kam. Katta maktabga bor-yo‘g‘i 1-2 nafar farrosh shtati ajratilgan. Hisobotda farroshlar hududning metr kvadratiga qarab belgilanishi ta’kidlandi. Ammo ushbu me’yorga barcha joyda ham birdek amal qilinadi, deb bo‘lmaydi. Masalan, Oliy Majlis binosida 20 ga yaqin farrosh ishlaydi. To‘g‘ri, bu maskan maktabdan bir necha barobar katta. Shunda ham bitta maktabning tozaligiga ikki kishining javob berishi qiyin. Natija talab qilishdan oldin sharoit va imkoniyat yaratib berishimiz lozim.

Shuningdek, deputatlar byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, ularning noqonuniy ishlatilishi bilan bog‘liq kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdilar. Xususan, hisobot davrida ayrim byudjet tashkilotlarida mablag‘larning ishlatilishi bilan bog‘liq moliyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani, ayrim tarmoqlarda to‘lov intizomiga rioya etilmagani oqibatida debitorlik va kreditorlik, ayniqsa, byudjet oldidagi boqimanda qarzdorlikning yuzaga kelayotgani keskin tanqid qilindi. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini kuchaytirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan qat’iy parlament nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Aytish kerakki, mamlakat asosiy moliyaviy hujjatining ijrosi haqidagi hisobot talabchanlik ruhida, tanqidiy-tahliliy tarzda ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish