DEPUTATLAR JARIMANING 70 FOIZINI TO‘LASH G‘OYASINI ILGARI SURDI
DEPUTATLAR JARIMANING 70 FOIZINI TO‘LASH G‘OYASINI ILGARI SURDI

2019 yil 22 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida ko‘rib chiqilgan bir qator qonun loyihalari siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida ham dastlabki tarzda qizg‘in muhokama qilingan edi.

Shu bois, deputatlar ishni «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini batafsil ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qayd etilganidek, ushbu loyihaning asosiy maqsadi mamlakat ilm-fani va ilmiy salohiyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni rivojlantirishda fan-texnikaning hissasini oshirish, bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini yuksaltirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro uzviylikni mustahkamlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Hukumat tomonidan «Fan to‘g‘risida» nomi bilan palataga kiritilgan loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida u 10 ta modda bilan to‘ldirilib, loyiha 48 ta moddadan iborat bo‘ldi. Asosiy tushunchalarni qamrab olgan moddadan voz kechilib, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga doir o‘ta ahamiyatli holatlar alohida moddalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri me’yorlashtirib qo‘yildi. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida hal qiluvchi ahamiyatga ega masalalar – ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari, davlat maqsadli dasturlari, davlat hududiy dasturlari, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligiga oid yangi moddalar kiritildi. Shuningdek, ilk bor ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish masalasi qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.

Deputatlar mazkur qonunning qabul qilinishi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi huquqiy, moliyaviy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning tartibga solinishida huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etdilar.

Shundan so‘ng «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasiga o‘tildi. Ta’kidlanganidek, mazkur loyihada valyutani tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi, valyuta operatsiyalariga davlat organlarining noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, valyuta kursini aniqlashda faqatgina bozor mexanizmlari qo‘llanishini nazarda tutuvchi qoidalar belgilanmoqda. Shuningdek, amaldagi qonundagi ba’zi normalar o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani sababli tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Deputatlarning fikricha, xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursi bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilanishi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Majlisda bahs-munozaralarga boy bo‘lgan masalalardan yana biri – ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi bo‘ldi. Aytib o‘tilganidek, amaldagi qonunning ayrim normalari halqaro standartlarga mos kelmasligi, Markaziy bank banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish borasida yetarli vakolatlarga ega emasligi natijasida tizimda tartibsizliklarga chek qo‘yish qiyin kechmoqda. Taklif etilayotgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalarni o‘z ichiga olgan, ilg‘or xorijiy tajriba, umume’tirof etilgan normalar va standartlar asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan bank tashkil etish uchun dastlabki ruxsat berish, uni davlat ro‘yxatiga olish va faoliyatini litsenziyalash tartibi, shuningdek, investorlar Markaziy bank ruxsatini olmasdan bank aksiyalarini sotib olishi tartibi takomillashtirilmoqda. Bankni qayta tashkil etish, litsenziyani chaqirib olish asoslari, banklar faoliyatini to‘xtatish va ularni tugatish, shu jumladan, ixtiyoriy va majburiy tugatish hamda tugatuvchining vakolatlari va majburiyatlari ham belgilanmoqda. Banklar faoliyatini tartibga solish tizimi takomillashtirilmoqda.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublika bank tizimining barqarorligini oshirishga, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilishiga, omonatchilar hamda bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng ko‘rib chiqilgan «Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi ham qizg‘in kechdi. Hozirda mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishni huquqiy tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, kodekslar (Fuqarolik va Oila kodeksi), qonunlar, qonunosti hujjatlari, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalqaro shartnomalar va kelishuvlar normalariga muvofiq amalga oshiriladi. Shulardan ko‘rinib turibdiki, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartib-taomillari, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlarning huquqiy maqomi va vakolatlari, FHDYo organlarining o‘zaro hamkorlik, faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi qonun darajasida aniq belgilanmagan.

Ana shu hayotiy ehtiyojdan kelib chiqib palataga kiritilgan qonun loyihasi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi barcha organlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, FHDYo organlari xodimlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish jarayonidagi javobgarligini belgilashga imkon beradi, shuningdek, barcha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini aniqlashtiradi.

Uzoq davom etgan bahs-munozara, tortishuvlardan so‘ng mazkur loyiha deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasi munozaralarga boy kechdi.

Sud faqat jazo tayinlovchi organ degan eski tushunchalar, qonun normalari esa, shunday jazolarni qo‘llash uchun huquqiy asos degan noto‘g‘ri talqinlar deputatlarning so‘nggi yillardagi qator sa’y-harakatlari tufayli o‘zgarayotgani, jamoatchilik tomonidan deputatlarning qator takliflari, tashabbuslari qo‘llab-quvvatalanayotgani sir emas. Ushbu qonun loyihasi ustida olib borilgan ishlarda deputatlarimiz sud ham, qonunlar ham adolat o‘rnatishga xizmat qilishi zarur, degan g‘oyaga suyanib, uni takomiliga yetkazdilar. Loyiha muhokamasi davomida uning asl mohiyatini saqlab qolishga harakat qildilar. Shuning uchun majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari ichida eng ko‘p ovoz to‘plab qabul qilingan hujjatlardan biri mazkur loyiha bo‘ldi.

Loyiha sud tomonidan jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda u qolgan summani to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi ma’muriy jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etishni nazarda tutadi. Ma’muriy jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest keltirilganda, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida qo‘llanilmasligi qayd etib o‘tilgan.

Deputatlarning qayd etishicha, taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarning amaliyotda qo‘llanishi fuqarolarni tayinlangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashga rag‘batlantiradi, ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, shuningdek, mablag‘lar o‘z vaqtida Davlat byudjetiga kelib tushishini ta’minlaydi.

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Matbuot xizmati

← Roʻyxatga qaytish