Parlamentning bir guruh deputatlari nimadan xavotirda?
Parlamentning bir guruh deputatlari nimadan xavotirda?

 

Yangi O‘zbekistonda uchinchi renessans davri boshlanmoqda. Uning eng asosiy xususiyatlaridan biri inson manfaatlari, haq-huquqlari oliy qadriyat sifatida qadrlanishi va qonun bilan kafolatlanishida, deb bilamiz.

Shuning uchun ham mamlakatimizda aholi ehtiyojlarini to‘laqonli ta'minlash, yashash uchun eng maqbul sharoit yaratish yo‘lida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019 yil yanvarida qabul qilgan “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu sohada olib boriladigan ishlarni yanada jadallashtirilishiga sabab bo‘ldi.

Farmondan maqsad qishloq tumanlarida yashovchi aholi turmush darajasini shahar aholisinikiga yaqinlashtirish, maishiy qulayliklar yaratish va shu yo‘l bilan aholining ijtimoiy, iqtisodiy, ma'naviy va ma'rifiy sohalarda yig‘ilib qolgan muammolariga yechim topishdan iborat. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yo‘ldosh shaharlarga aylantiriluvchi obektlar ro‘yxati ham shakllantirilgan. Barcha deputatlar davlat ravnaqi uchun mo‘ljallangan bu harakatni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu kunlarda project.gov.uz (ID-20250 IHL-611/20) saytiga kelishish uchun joylashtirilgan Toshkent viloyati Toshkent tumani hududida yo‘ldosh shaharcha va sanoat zonasi tashkil qilinishi haqidagi hujjat bizni o‘ylantirib qo‘ydi.

Sababi, Toshkent tumani ancha rivojlangan, meva-sabzavotchilik yaxshi shakllangan, poytaxt aholisini ana shu mahsulotlar bilan ta'minlab kelayotgan asosiy hududlardan biri. Yo‘ldosh shaharcha uchun mo‘ljallangan 210 gektar yer ayni hosildorligi yuqori hudud bo‘lib, unda hozirda 55 ta fermer xo‘jaligi va tadbirkorlar, Mehnat avto MChJ faoliyat olib bormoqda.

Yer kodeksining 44 va 45-moddalariga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Shuning uchun ham talabgorlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, Toshkent viloyati va Toshkent tumani hokimliklari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan hududlarni boshqa maqsadlarda foydalanish uchun investitsiya kiritishga yo‘l qo‘yilmay kelinmoqda.

Tashkil etilishi rejalashtirilgan yo‘ldosh shaharchalar ro‘yxatida ham bu manzil ko‘rsatilmagan. Sanoat zonasi uchun ajratilayotgan 140 gektar yer uchun kompensatsiya umuman hisoblanmagan. Prezidentimizning hududlararo anklavlar hosil qilishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi ko‘rsatmalarida nazarda tutilgan muammolar ham yuzaga kelishi mumkin.

Ajratilayotgan hududlarda tashkil etiladigan korxonalardan olinadigan foyda soliqlari shahar budjetiga qaratilib, tumanda ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun biror so‘m qo‘shimcha mablag‘ olinmaydi.

Toshkent tumanining poytaxtni oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qo‘shayotgan hissasini inobatga olib, yo‘ldosh shaharchani tumanning boshqa hududidan tashkil qilish va sanoat zonasini tuman tasarrufida tashkil etish, tashkil etilayotgan yo‘ldosh shaharcha va sanoat zonalaridagi korxona va fermer xo‘jaliklariga qonunda kafolatlangan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirishni ta'minlovchi me'yoriy hujjat qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

 

M.Varisova, Q.Qosimova, A.Nazirkulov, Z.Shodiyeva, O. Tojiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

www.kun.uz

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish