ILM-FANGA SUYANMAY, ZAMONAVIY KADRLAR TAYYORLAMAY, TARAQQIYOTGA ERISHIB BO‘LMAYDI

Botirjon SULAYMONOV, Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik:

— Prezidentimiz qishloq xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega ekanligi, bozorlarimiz to‘kin, xalqimiz rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishidan tortib, eksportdan qo‘shimcha daromad topishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar shu yo‘nalish bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi.

To‘g‘ri, Prezidentimiz aytganidek uzoq yillar davomida agrar sohaga yetarlicha e’tibor berilmadi. Na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik bor edi. Mablag‘, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmadi. Oqibatda yerlar charchab, unumdorlik pasayib ketgani sir emas.

Boisi, fermerlarimiz almashlab ekish deganda, faqat paxta-g‘allani tushunib, ya’ni bir yili g‘allani eksa, ikkinchi yili uning o‘rniga paxtani qayta-qayta ekaverdi. Oqibatda yer shu ahvolga kelib qoldi. Orada sabzavot mahsulotlarini ham ekish lozimligini esdan chiqarib qo‘yishdi. Bundan tashqari, ilmiy asoslangan agrotexnika tadbirlarini hamda ilmiy asoslangan o‘g‘itlarni o‘z vaqtida bermaslik oqibatida hosildorlik ko‘zlanganidek bo‘lmay qoldi. Xalq tilida aytganda, «erni joni sug‘urib olindi». Qishloq xo‘jaligi rivojlangan xorijiy davlatlarda yerga munosabat umuman boshqacha. Ular yerga biogomus va mikroo‘g‘itlarni o‘z vaqtida, hattoki minutma-minut hisobini olgan holda berishadi. Shu boisdan ular o‘zlari rejalashtirgan hosilni oladi. Bizda-chi, fermerlarimiz bu qoidalarga e’tibor qaratish oltin qoida ekanligini yoddan chiqarib qo‘yishdi, nazarimda.

Bir so‘z bilan aytganda, fermerlarimiz yerga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirishlari lozim. Yerga mehr berishni o‘rganishimiz kerak. Shundagina ko‘zlangan hosildorlikni olishga erishiladi. Bugungi kunda 77 ming fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning hammasi ham oliy ma’lumotga ega emas, Ya’ni, ularning 30 foizi oliy ma’lumotli bo‘lsa, shundan 20 foizi aynan qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassisidir. Ularning yerdan oladigan hosildorligi boshqalarga nisbatan ko‘proq.

Men nima demoqchiman, qilinayotgan ilmiy kashfiyotlarni fermerlar amalda qo‘llashlari lozim. Misol uchun yer unumdorligini oshirish bo‘yicha 20 dan ortiq doktorlik ishi qilindi. Bu ishlar o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishi uchun amaliyotda qo‘llanilishi kerak. Ammo fermerlarimiz bu yangiliklar bilan umuman qiziqishmaydi. Shu bois keyingi yillardan boshlab har bir tumanda axborot-maslahat markazlari tashkil etish taklifini ilgari surmoqdamiz. Olimlarimiz tomonidan qilingan yangi kashfiyotlarni ushbu markazlar orqali fermer xo‘jaliklariga yetkazishni maqsad qilmoqdamiz. Har bir qilingan ilmiy izlanishlar yerning unumdorligini oshirib, hosildorlikni ko‘tarishga xizmat qilishi lozim.

Muxtasar qilib aytganda, fermerlarimizning yerga bo‘lgan munosabatini yangi bosqichga ko‘tarish uchun qishloq xo‘jaligi sohasiga ilm-fanni keng miqyosida tatbiq etish kerak. Universitetimizda so‘nggi ikki yil ichida 20 yo‘nalishda yangi kadrlar tayyorlanmoqda. Bunday yangi yo‘nalishlar yildan-yilga ko‘payib boraveradi. Chunki qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji ham aynan ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga bog‘liq.

← Roʻyxatga qaytish