yoki muvaffaqiyat qozonish yo‘llari
Ma’lumki, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy jarayon — parlamentga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi saylovlar yangi huquqiy demokratik tamoyillar asosida har qachongidan qizg‘in kurashlar ostida o‘tishi kutilmoqda. Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan saylovdagi talab va sharoit yanglandi, siyosiy kuchlar o‘rtasida yanada keng raqobat muhiti yaratildi. Demak, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni har bir siyosiy partiyadan faollik va tashbbuskorlikni oshirishni talab etadi.
Saylov jarayonida siyosiy partiyaning dasturiy maqsadlaridan jamoatchilik keng xabardor bo‘lishi, ayni paytda partiyaning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga ega. Buning uchun, avvalo, partiyaning saylovoldi dasturi elektorat muammolari yechimiga bag‘ishlangan va hayotiy bo‘lishi zarur. Navbatdagi vazifa esa partiya dasturiy maqsadlarini keng targ‘ibot etish bilan bog‘liq. Bu borada partiya matbuotidan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan va boshqa targ‘ibot vositalaridan keng foydalanish masalalari ustida chuqur o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.
O‘zXDP Markaziy Kengashi tomonidan shu kunlarda o‘tkazilayotgan siyosiy o‘quv mashg‘ulotlarida mana shu masalalarga alohida e’tibor qaratilyapti. 6-10 sentabr kunlariga mo‘ljallangan o‘quv partiya hududiy tashkilotlari mas’ul xodimlar uchun videomuloqot tarzida tashkil etildi. U asosan saylov kampaniyasiga tayyorgarlik ko‘rish va unda muvaffaqiyat qozonish yo‘llariga bag‘ishlandi. Shuningdek, mahalliy partiya kengashlari raislari va o‘rinbosarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tajribasini oshirish, ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
O‘quvni Namangan viloyat studiyasidan O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ocharkan, joriy yilda o‘tkaziladigan saylovlarda partiyaning muvaffaqqiyatli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan dolzarb vazifalar xususida to‘xtaldi.
Mashg‘ulotlar davomida parlament a’zolari, fuqarolik jamiyati institutlarining mutaxassislari, siyosatshunos olimlar mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirishning me’yoriy-huquqiy asoslari haqida so‘z yuritishdi. Saylov kampaniyasi taktikasi, partiya va nomzodlar imijini shakllantirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Saylovoldi dasturini ishlab chiqish tajribalari, saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlari ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha saboq berildi.
— Faoliyatimizga doir qonunchilik, partiya imijini mustahkamlash, saylovoldi debatlarni kuchaytirish masalalari hamisha ustuvor bo‘lib kelgan, — deydi O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mehrojiddin Darxonov. — O‘quv jarayonida ham mana shular haqida atroflicha fikr almashdik. Partiyamiz tizimida ishlayotgan kadrlar siyosiy kurashlar bo‘yicha yaxshi tajribaga ega. Buni ularning bir-biri bilan muloqotga kirishishi, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda bahs-munozara yuritishi, o‘z fikrlarini erkin bayon etishida ko‘p kuzatganman.
Deputatlikka munosib nomzodlarni tanlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham amaliy tavsiyalar berildi. Saylovoldi sog‘lom raqobatini shakllantirish maqsadida OAV bilan ishlash usullari tushuntirildi.
O‘quv mashg‘ulotlarida mavzular erkin suhbat, munozara shaklida bo‘lib o‘tmoqda. Darslar innovatsion texnologiyalar orqali tashkil etilmoqda.
— Bugun odamlarning siyosiy ongi, saviyasi ancha yuksalgan, — deydi O‘zXDP Oqqo‘rg‘on tuman kengashi raisi Zulhaydar Chintashev. — O‘quv kursida mutaxassislardan olayotgan bilimimiz kelgusi faoliyatimizda qo‘l keladi, deb hisoblayman. Interaktiv darslar davomida partiyamiz Saylovoldi dasturidagi g‘oya va maqsadlar ahamiyatini odamlarga yetkazish bo‘yicha ham mutaxassislar, siyosatshunoslar o‘z takliflarini berishdi. Eng muhimi, saylov, amaliyotidagi yangi usullar bilan tanishdik, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha malakamizni oshiryapmiz.
Siyosiy o‘quvning ma’lum mavzularga bag‘ishlangan bu galgi mashg‘ulotlari bugun nihoyasiga yetadi. Navbatdagi jarayonlar bilan gazetamizning kelgusi sonlarida tanishtirib boramiz.