SAYYOR QABUL: AHOLI BILAN OCHIQ MULOQOT VA MUAMMOLAR YECHIMI...
SAYYOR QABUL: AHOLI BILAN OCHIQ MULOQOT VA MUAMMOLAR YECHIMI...

Farg‘ona viloyatida «Aholi bilan muloqot: muammo, yechim va samara» mavzusida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda O‘zXDP faollari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, prokuratura, MIB, IIB hamda sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mutasaddilar aholi murojaatlarini qabul qilishdi, mavjud vaziyat, muammolarni har bir soha va yo‘nalish bo‘yicha atroflicha o‘rganishdi. Muloqotlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berildi.

Har bir tashkilot rahbari o‘z yo‘nalishiga qarab, mahallalarda yechimini kutayotgan masalalar, xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan tushgan murojaatlarni mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqdi. Ularning yechimi yuzasidan amaliy ishlar olib boriladi.

Qabulda 82 nafar fuqaro ishtirok etdi va xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlariga turli masalada 36 murojaat bo‘ldi. Ularning 11 tasi uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, 5 tasi ishga joylashish, 4 ta bank krediti ajratish, 6 tasi moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarni qamrab oldi.

— Sayyor qabul davomida fuqarolar turli masalalarda murojaat qilishdi, — deydi O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi Dilbar Mamajonova. — Bu masalalarni joylarning o‘zida hal qilish mumkin. Faqat mas’uliyat bilan yondashilsa, sansalorlikka yo‘l qo‘yilmasa, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar tez va oson yechim topadi. O‘tkazilgan qabul natijalari bo‘yicha 11 nafar murojaatchining masalasi ijobiy hal etildi, 6 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi, 19 murojaat amaldagi qonunlarga ko‘ra o‘rganib chiqish uchun qabulda ishtirok etgan viloyat mutasaddi tashkilotlari rahbarlari e’tiboriga havola qilindi. Ular bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatildi.

— Farg‘ona shahar «Shakarqishloq» mahalla fuqarolar yig‘inida yashayman, — deydi Saida Oripova. — Sayyor qabul o‘tkazilayotgani haqida eshitib, bu yerga keldim. Chunki buzilgan savdo do‘konimiz uchun joy ajratish masalasida murojaatim bor edi. Qabulda bizni xushmuomalalik bilan kutib olishdi. Muhimi, murojaatim e’tiborsiz qolmadi. Farg‘ona shahar hokimi 1-sektor rahbari tomonidan ijobiy hal etildi.

Farg‘ona shahar «Hilol» ko‘chasida yashovchi Nargiza Isroilova moddiy yordamga muhtoj ekan. Anchadan beri uyining devorini qurishda qiynalib yurgan ayol umid bilan sayyor qabulga kelgan. Muammosini mutasaddilarga aytdi. Masala ijobiy yechim topdi. Homiylar ko‘magida uyining devori tiklab beriladigan bo‘ldi.

Muloqot davomida yana boshqa masalalarda ham ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Deputatlar savollarga javob berishdi, muammolarni hal etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 

Sanjar RAHMONOV,

O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi bo‘lim mudiri.

← Roʻyxatga qaytish