Pensiya va nafaqa oluvchilar uchun 17 milliard ko‘pmi, kammi?
Pensiya va nafaqa oluvchilar uchun 17 milliard ko‘pmi, kammi?

 

Mamlakatimizda bugungi kunda 3 million. 915 ming nafardan ortiq fuqaro har oyda pensiya va ijtimoiy nafaqa oladi.

“Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan iyul oyidan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshirilmoqda.

Bu, albatta, xalqimizning turmush farovonligini oshirish, keksalar va nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z hayoti misolida qabul qilishlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. Ammo savol tug‘iladi: oshirilayotgan nafaqalar miqdori real hayotga, sarflanadigan ehtiyojlarga qanchalik mos keladi?

 

O‘rol O‘ROZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi sonining barqaror o‘sib borayotgani, keksalarning salmog‘i barqaror darajada saqlanib qolayotgani ijtimoiy masalalarga, ayniqsa, pensiya tizimiga alohida e’tibor qaratishni talab etmoqda. Shu sababli ham pensiya tizimiga ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

«Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni xalqimiz turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.

Farmonga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan boshlab belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy etildi. Bunda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori, qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda, 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi.

Shuningdek, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkaziladi. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilandi. Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa esa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshirilyapti.

Farmonga asosan 59 mingdan ortiq fuqaroning nafaqalari qayta hisoblab chiqilishi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ushbu pullarni to‘lash uchun yil yakuniga qadar budjetdan qo‘shimcha ravishda 17 milliard so‘m xarajat qilinishi belgilandi. Albatta, bu bilan jarayon to‘xtab qolmaydi. Aholi turmush tarzini yaxshilash borasidagi ishlar kundan kun takomillashtirib boriladi. Asosiysi, ushbu choralar biroz bo‘lsa-da hamyurtlarimiz turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Shohruh O‘KTAMOV, O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

– Jamiyatning rivojlanganlik darajasi odatda keksalar va bolalarning ahvoliga, ularning o‘zini qanday his etishiga va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj odamlar toifasiga davlat qay munosabatda bo‘lishiga qarab ham belgilanadi. Ijtimoiy zaif kishilarga, ya’ni keksalar, nogironligi bo‘lganlar, yolg‘iz, nochor kishilar va aholining boshqa toifalariga yordam berish davlatning burchidir.

Joriy yilning birinchi choragida davlat budjetining jami xarajatlari 34,1 trillion so‘mni, shundan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,2 trillion so‘mni tashkil qildi. Ushbu xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foiz oshdi. Pensiya va nafaqalarni oshirishga respublika bo‘yicha 17 milliard sarflanayotgan ekan. Bu fikrni eshitgan kishining fikriga birinchi bo‘lib bu miqdor kam emasmi, boshqa imkoniyatimiz yo‘qmikan, degan savollar keladi.

O‘zXDP Saylovoldi dasturida ham pensionerlar, mehnatga layoqatsiz nogironlar va aholining mehnat qila olmaydigan boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini vujudga keltirish, yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berish imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirishga ko‘maklashish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Shu bois partiya ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan pensiya tizimini isloh etishga qaratilgan qonun hujjatlari, qaror va farmonlar ijrosini monitoring qilib borish, pensiya va ijtimoiy nafaqalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy ishlarni kuchaytirishga yanada kengroq e’tibor qaratadi.

Bizning fikrimizcha, pensiya va nafaqalar miqdori oshirilishi real ehtiyojga nisbatan sekinroq ketmoqda.

 

Jo‘rabek IBODULLAYEV, Samarqand viloyati, Payariq tumani:

– Yoshim 27 da. 2 guruh nogironiman. 2 yildan beri nogironlik nafaqasi olaman. Iyul oyidan boshlab beriladigan nafaqa 565 ming so‘mga ko‘tarildi. Bu pullarni ro‘zg‘orga sarflaymiz. Kerakli dori-darmonlar olaman. Nafaqa oshirilishi yaxshi, albatta. Ammo bunda kundalik sarf-xarajat, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar narxiga, ularning tez-tez ko‘tarilib borishiga ham e’tibor qaratilsa ma’qul bo‘lardi. Bir oylik miqdorga qo‘shilayotgan qariyb 50 ming so‘m ayrim hollarda bir kunlik mahsulot xaridi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Ammo faqat davlat tomonidan beriladigan yordamga qarab yashashni hamma ham xohlamaydi, oilamga, jamiyatga nafim tegsa deyman, ishlashni, ota-onamga qarashishni istayman. Mehnat qilishga layoqatim bor. Ammo ish topishda qiynalyapman. Shuning uchun o‘zim mustaqil ish boshlamoqchiman. Bankdan kredit olib, parradandachilik bilan shug‘ullanishni istayman. Shunda mening ham doimiy daromadim bo‘lardi. Kelasi oyda bankka kredit olish masalasida murojaat qilaman. O‘ylaymanki, murojaatim sarsongarchiliklarsiz ijobiy hal etiladi.

 

Gulchehra SA’DULLAYEVA, Toshkent shahar, Uchtepa tuman Nogironlar jamiyati raisi, 1 guruh nogironi:

– Ertadan oshirilgan miqdorda nafaqa olamiz. Farmonga ko‘ra, I guruh bo‘yicha nogironlik nafaqasi miqdori 430 ming 647 so‘mdan 465 ming 618 so‘mga oshirilishi belgilandi.

Tumanimizda 2 ming nafardan ortiq nogironligi bor fuqaro istiqomat qiladi. Har birining o‘ziga yarasha o‘y-tashvishi, reja-maqsadlari bor. Ularni amalga oshirish ko‘p hollarda daromad, moddiyat bilan bog‘liq bo‘ladi. Nogironlarning ko‘pchiligi ishlay olmaydi, mehnat qilish imkoniyatiga ega emas. Faqat budjetdan beriladigan moddiy ta’minot hisobigagina kun ko‘radiganlari ham bor. Pensiya va nafaqalar miqdori hisoblanishida shu masalalar ham inobatga olinishi zarur, deb o‘ylaymiz.

 

Matlubaxon XOLIQOVA, Andijon viloyati, Andijon tumani, 1 guruh nogironi:

– Men akam, uning oilasi bilan yashayman. Ko‘zlari ko‘rmaydi. Akam ham 2-guruh nogironi. Uning 2 nafar farzandi bor. To‘g‘risi, oilada hech birimiz ishlamaymiz, nafaqadan tashqari daromadimiz yo‘q. Akamning nafaqasi ba’zida o‘zining oilasiga, ro‘zg‘origa yetmaydi. Farzandlarining ham harajatlari bor. Iyul oyidan oshiriladigan pensiya va nafaqalar miqdoridan xabarim bor. Lekin faqatgina nafaqa hisobiga ro‘zg‘or tebratadigan oilalar uchun bu yetarlimikin, deb o‘ylab qoldim. Akam kabi faqatgina o‘zini emas, balki farzandlarini ham boqishi kerak bo‘lganlar talay bo‘lsa kerak. Hisoblab qaralsa, oshirilayotgan miqdor necha kishining necha kunlik harajatiga real mos keladi? Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nogironlik uchun olinadigan nafaqalar oila, turmush tashvishlarini yelkasiga ortgan, o‘zi nogiron bo‘lsa-da, ro‘zg‘or tebratishga majbur odamlar ehtiyojlarini qanchalik qoplaydi? To‘g‘ri, qo‘ldan berganga qush to‘ymas, degan gap bor. Shuning uchun mening ham ishlagim keladi. Boshqalarga og‘irligim tushmasin, deyman. Ammo ko‘zim ko‘rmagani bois ishlash imkoniyatim kamroq. Shunday bo‘lsa-da, to‘qishni o‘rganmoqchiman. Oladigan nafaqamga birozgina daromad qo‘shmoqchiman.

 

Gulruh ODASHBOYEVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

“O‘zbekiston ovozi”, 30.06.2021, №25

 

 

 

 

Teglar

Deputat
← Roʻyxatga qaytish