Fargʼona viloyatining Margʼilon shahrida Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Аyollar ijtimoiy himoyasi - ijtimoiy faollik poydevori” mavzusida forum boʼlib oʼtdi.
Tadbirda viloyatdagi mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan birga, turli jabhalarda faoliyat olib borayotgan ayollar, ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi boʼlgan, vaqtincha ishsiz, kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar hamda pensionerlar ishtirok etdi.
Forum xotin-qizlar oʼrtasida yugirush marofoni va sport mashqlari oʼtkazish bilan boshlandi. Marafonda 200 nafar xotin-qiz qatnashdi.
Shundan soʼng bepul tibbiy koʼrik aktsiyasi tashkil etildi. 200 nafardan ziyod xotin-qizlar koʼrikdan oʼtishdi. Tibbiy koʼrikka viloyat, tuman markazlaridan shifokorlar, tibbiy texnika vositalari, koʼchma ambulans xizmatlari jalb qilindi. Malakali tibbiy muolajaga muhtoj, moddiy imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga bepul davolanish uchun yoʼllanmalar berildi.
Xotin-qizlar bilan ochiq muloqot davomida ayollar oʼzlarini oʼylantirayotgan bir qator masalalarda murojaat qilishdi. Yordamga muhtoj fuqarolar qoʼllab-quvvatlandi.
Oilaviy sharoiti ogʼir, kam taʼminlangan ayollarimizdan biri “Yangihayot” MFY Xorazm koʼchasi 24 А uyda yashovchi U. Yusupovaga oʼz ishini boshlashi uchun mini pechь taqdim etildi. Margʼilon shahar “Vatan” MFYda yashovchi N.Sergeyva kasalligi tufayli 6 yildirki, toʼshakka mixlangan edi. Tadbir davomida 78 yoshli onaxonimizga nogironlik aravachasi berildi.
Shaharda istiqomat qiluvchi uyda oʼtirgan, uyushmagan, ish bilan taʼminlanmagan xotin-qizlar bilan uchrashuv davomida ularning 10 nafari oʼzini qiynayotgan turli muammolar boʼyicha tegishli tashkilot va idora masʼullariga murojaat qilishdi. Ushbu muammolarning ayrimlari joyida oʼrganilib, hal qilingan boʼlsa, qolgan murojaatlar OʼzXDP deputatlari tomonidan deputatlik soʼrovi orqali hal etiladigan boʼldi.
Xotin-qizlar bilan yuzma-yuz muloqot davomida ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi boʼlgan ayollarning ijtimoiy himoyasi, ularni qoʼllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, ular uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar toʼgʼrisida tushuncha berildi.
Bandlikka koʼmaklashish markazi tomonidan boʼsh ish oʼrinlari yarmarkasi oʼtkazilib, shahardagi korxona va tashkilotlar boʼsh ish oʼrinlari bilan ishtirok etishdi. Markaz xodimlari hududdagi mavjud boʼsh ish oʼrinlari, kasanachilik mehnatini tashkil etish imkoniyati bor korxonalar toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berishdi va ishlash istagini bildirgan xotin-qizlarga yoʼllanmalar berildi.
Oʼz tadbirkorligini boshlamoqchi boʼlgan oilaviy sharoiti qiyin ayollarga boshlangʼich toʼlovlarsiz kredit olishi, xotin-qizlar murojaatlari yuzasidan yordam koʼrsatish boʼyicha kelishib olindi.
Forum oxirida 30 nafar xotin-qiz partiya safiga qabul qilinib, ularga partiyaga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.
Yorqinoy Qosimova,
OʼzXDP Fargʼona viloyat Kengashi
Matbuot kotibi.