YANGILANIB, YOSHARAYOTGAN QORAQALPOG‘ISTONIM
YANGILANIB, YOSHARAYOTGAN QORAQALPOG‘ISTONIM

Guliston ANNAQILICHEVA, Oliy Majlis Senati a’zosi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri:

— Yurtimizga shunday bir nurafshon kunlar keldiki, umrning har dami, har nafasi sizga baxt bilan boqayotganday, shunday shukuhli kunlar uchun sen nima qilding, deb savol berayotganday bo‘ladi. Ko‘ngil bir hapriqib qo‘yadi. O‘tgan umringga, orqada qolgan uzun yo‘llarga bir qarab olasan. Qanday yashaganing, sendan qolgan izlar, sen qilgan mehnat, chekkan mashaqqatlarning bahosi bormi, deya o‘z-o‘zingga savol berasan. Bu mehnatlaring bugungi baxtli kunlarda kichik bir zarradek bo‘lsa ham ko‘rinyaptimi, degan o‘yga borasan. Shunda baxtdan chaqnab yugurib kelayotgan nevarang bag‘ringga otiladi. Uning orzu-umidlardan to‘lib toshayotgan yurak urishlarini sezasan. Hali bolalar bog‘chasida bo‘lsa ham inglizcha gapirayotgan yoki koreys, nemis tilida qo‘shiq aytayotgan chevarangizning yangi zamonga yangi chechakday ildiz otayotganidan ko‘nglingiz to‘lib-toshadi.

Bunday baxtli his-hayajonlar mana, 28 yildirki, har bir olgan nafasimiz, har bosgan qadamimiz, yangi orzu-maqsadlar, intilishlarimiz, el uchun, uning kelajagi uchun qilgan, qilayotgan har bir ishimiz shu ota makonning kengliklariga singib, daraxtlarga, gullarga qo‘shilib o‘sayotganday.

Istiqlolimiz 28 yoshga to‘lmoqda. Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori bilan tanishar ekanmiz, qalbimiz shukronalik, bunyodkorliklardan faxrlanish, farzandlarimiz baxtidan quvonch hislariga yo‘g‘riladi.

«Mamlakatimiz tarixida o‘chmas sahifa ochgan buyuk istiqlol tufayli O‘zbekiston o‘tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda», deyiladi qarorda. Haqiqatda ham shunday bo‘layotir.

Misol uchun, Nukus shahrining ko‘chalaridan yursangiz, hayotimizning naqadar jo‘shqin, naqadar ko‘rkam, salobatli bo‘lib borayotgani, inson sha’ni, qadri ulug‘lanayotganiga guvoh bo‘lasiz. Nafaqat markaziy ko‘chalar, Nukusning to‘rt tomoni, eski, yangi qal’a, deb ataluvchi mavzelari, «Do‘stlik», «Kattaog‘ar» kanallarining har ikkala sohili obod go‘shalarga aylanayotganidan bahri dilingiz ochiladi. Yangi aeroport, temiryo‘l vokzali atrofida ko‘plab sayyohlarni uchratasiz.

Ayniqsa, butun jahon nigohi Mo‘ynoqqa qaratilgani nafaqat qoraqalpog‘istonliklarni, butun O‘zbekiston xalqini quvontirmoqda. Bundan 10-15 yillar oldin Qoraqalpog‘iston Orol dengizi inqirozi oqibatida sho‘rlab, tuzli shamollar esib, ekologiyasi buzilgan bir umidsiz voha sifatida qaralgan bo‘lsa, so‘nggi 2 yilda bu fikrlar mutlaqo o‘zgardi.

Ikki yarim yil ichida davlatimiz rahbari respublikamizda besh marta bo‘lib, jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. 2018 yilning 15-16 noyabr kunlaridagi safaridan so‘ng 11 trillion 534 milliard so‘mlik 793 ta loyiha qabul qilinib, shuning natijasida 12 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida dunyo jamoatchiligi e’tiborini Orol muammosiga qaratgani, yaqindagina Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida, Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida bu muammoni yana bir marotaba ko‘tarib chiqqanligi xalqimizga bo‘lgan e’tibor va alohida g‘amxo‘rligining natijasidir.

Shuningdek, bu borada muhtaram Prezidentimizning Mo‘ynoq tumaniga tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalar asosida joriy yil 16 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining «Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mo‘ynoq tumanida 2019-2021 yillarda 1 trln. 485 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilanib, bu boradagi ko‘lamli ishlar boshlanib ketgan.

2019 yilning o‘zida 622 mlrd. so‘mlik 8 ta maktabgacha ta’lim, 7 ta maktab, 4 ta sport, 6 ta sog‘liqni saqlash, 8 ta madaniyat muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari hamda 20 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi. O‘tgan qisqa vaqt ichida bir nechta ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Misol uchun, 800 o‘rinli Amfiteatr va Davlat xizmatlari markazi yangidan qurildi hamda tuman stadioni va Madaniyat markazi rekonstruksiyasi to‘liq yakunlandi.

Shuningdek, 7-sonli umumta’lim maktabi va 32-sonli qishloq vrachlik punktida rekonstruksiya ishlari hamda 33-sonli qishloq vrachlik punktida mukammal ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.

Bulardan tashqari, Mo‘ynoq tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 26 trln. 974,8 mlrd. so‘mlik 75 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan ishlar boshlanmoqda.

Bularning hammasi bizlar uchun cheksiz faxr-iftixor emasmi? Yangilangan, tobora yasharib, ko‘rkam bir diyorga aylanayotgan Qoraqalpog‘istonimizning o‘rni O‘zbekistonda yarqirab ko‘rinmoqda. Nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham, dunyoning boshqa davlatlarida ham bu maskanga bo‘lgan qiziqish, e’tibor, hurmat ortayotganini ko‘rib quvonamiz.

Kegeyli tumanida «Kegeyli qog'oz» MChJ tomonidan 31,4 mlrd. so‘mlik investitsiya hisobiga sellyuloza ishlab chiqarish, lakritsani chuqur qayta ishlab chiqaruvchi «Lanko-miya» korxonasi ishga tushdi.

Nukus shahridan Chimboy tomonga yo‘lga chiqsangiz, qoraqalpoq kengliklarining o‘ziga xos jozibasi, tabiati ko‘nglingizni yayratadi, keng va ravon yo‘llar tezda sizni Xalqobod shaharchasiga yetkazadi. Yaqindagina pala-partish, ochiq-sochiq bozori, devorlari nurab ketgan ikki yoki uch do‘kon binolarigina ko‘rinib turadigan shaharcha keyingi ikki yilda boshqa qiyofaga kirdi.

Zamonaviy bozor, savdo shoxobchalari, ma’muriy binolar, bolalar o‘yingohlari ko‘zga tushadi. Ayniqsa, gullarga to‘la yo‘laklar, qator yam-yashil archalar shaharchaga o‘zicha xos ko‘rk berib turibdi. Sal ichkariroqda aholi tomorqalaridagi bog‘lar, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgan ixcham tomorqa yerlar ham aholining dasturxoni to‘kin-sochin bo‘lishi uchun xizmat qilmoqda.

Bularning hammasida yurtimizda bo‘layotgan yangilanishlar, bu yutuqlarda xalqimizning bunyodkor mehnati mujassam ekanini o‘ylab, ko‘nglingiz to‘ladi. To‘g‘ri, hali joylarda hayot tubdan o‘zgarib ketgani yo‘q. Ammo katta yangiliklar ro‘y berayotganini ko‘zimiz ko‘rib turibdi. Birgina Nukus — Chimboy yo‘llari, uning ikki tomonida barq urib turgan yangi hayot nafaqat so‘zlab turibdi, balki kuylab turibdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga har bir tashrifi va bergan topshiriqlari shu xalqning asriy orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi, aholi turmush farovonligi o‘sishi, ko‘proq eksportbop mahsulotlar yetishtirish, chet el investitsiyalari hisobiga sanoatni rivojlantirish singari muhim vazifalarga qaratib kelinmoqda.

Chimboyda shu kunlarda «ZANG TEX» mas’uliyati cheklangan jamiyati Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda 10 mln. dollar miqdoridagi investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Natijada Chimboyda ip yigiruv va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bugungi kunda Chimboy shahri markazi, qishloqlar qiyofasi davrimizga mos ravishda o‘zgarib, yasharib borayotganligini ko‘ramiz. Ayniqsa, joriy yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi doirasida oilaviy poliklinika, bandlikni ta’minlash markazi binosi, bolalar musiqa va san’at maktabi qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.

Chimboyda «Obod qishloq» dasturi doirasida «Qamish ariq», «Baxtli», «Ko‘kcha» ovul fuqarolar yig‘inlari hududlarida 44 ob’ektda obodonlashtirish, ta’mirlash, qayta qurish ishlari hamjamihatlik bilan olib borilmoqda. Bu ishlar uchun 28 milliard so‘mdan ko‘p mablag‘ ajratilgan.

Xalqimiz Chimboyda har kuni bir yaxshi yangilik, deb, xursand bo‘ladi. Mana, yaqinda Yoshlar kuni munosabati bilan tuman yoshlariga ikki qavatli kitob dunyosi do‘koni sovg‘a qilindi. Shu kuni tuman markazida ikki joyda zamonaviy sport maydonchasi ham yoshlarga foydalanishga topshirildi.

Amudaryo tumani o‘zining dehqonchilik tajribasi bilan mashhur. Keyingi yillarda tuman mirishkorlari O‘zbekiston Respublikasida birinchilardan bo‘lib pilla, g‘alla, paxta tayyorlash rejalarini ortig‘i bilan uddalab kelmoqdalar. Pillakorlar 182,9 tonna pilla yetishtirib shartnomaviy rejani 104,1 foizga bajardi. Fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat xirmoniga 9748,4 tonna don yetkazib berildi. Reja 145,6 foizga bajarildi. Faqat bular emas. Amudaryo tumanida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mustaqillik — eng ulug‘ bayram. Shukronalik, rozi bo‘lib yashash, hayotdagi imkoniyatlardan samarali foydalanishga intilish baxtli davralarda qayta-qayta namoyon bo‘lmoqda. Bu davralarning ishtirokchilari qalbidan qo‘shiqlar otilib chiqmoqda.

← Roʻyxatga qaytish